Xiaomi 12 vs Galaxy S22 - qay birini sotib olgan ma’qul?

Xiaomi 12 vs Galaxy S22 - qay birini sotib olgan ma’qul?

2022 yilning boshida Samsung kompaniyasi o‘z an’analariga sodiq qolgan holda yangi Galaxy S seriyasini taqdim etdi. Ushbu seriya Galaxy S22, S22+ va S22 Ultra modellaridan tashkil topgan bo‘lib, ularning eng kichigi bo‘lgan Galaxy S22 smartfonini Xiaomi 12 seriyasining o‘rta vakili - Xiaomi 12 modeli bilan taqqoslab chiqamiz. 

O‘QING: Samsung Galaxy S22+ 5G'ning texnik jihatlari va qadoq tarkibi bilan tanishamiz 

Xitoylik smartfon ishlab chiqaruvchi kompaniya esa Xiaomi 12 seriyasini aslida o‘tgan yilning dekabr oyida taqdim etgan edi. Seriya xuddi Galaxy kabi uchta: Xiaomi 12X, Xiaomi 12 va Xiaomi 12 Pro smartfonlaridan tashkil topgan. Uchala smartfon xalqaro bozor uchun ushbu oyda taqdim etildi. Seriyada, shuningdek, Xiaomi 12 Ultra modeli ham bo‘ladi. Hozircha ushbu smartfonning qachon taqdim etilishi noma’lum. 

Nega aynan Xiaomi 12 va Galaxy S22 taqqoslab chiqmoqdamiz? Sababi shundaki, ikki smartfon narx jihatidan bir-biriga juda yaqin. Xiaomi 12'ning narxi 750 dollar, Galaxy S22 modeliniki esa 799 dollarni tashkil qiladi. Orada 50 dollarlik tafovut bor. Xo‘sh, qaysi bir ko‘proq o‘z narxiga arziydi. 

Korpus va o‘lchamlar 

Galaxy S22: 146 x 70.6 x 7.6 mm; 167 gramm; old va orqa panel Gorilla Glass Victus+ shishasi bilan himoyalangan; alyuminiy rom; IP68 standarti. 

Xiaomi 12: 152.7 x 69.9 x 8.2 mm; 179 gramm; old va orqa panel Gorilla Glass Victus shishasi bilan himoyalangan; alyuminiy rom. 

Hajm jihatidan Xiaomi 12 modeli S22'ga qaraganda kattaroq, shuningdek, korpus qalinligi hamda og‘irligi ham Xiaomi'da oshiqroq. Biroq hajm va og‘irlik bu yerda hech qanday ahamiyatga ega emas, chunki har kimga katta yoki kichik hajmdagi smartfonlar yoqadi. 

Asosiy farqlar Samsung o‘z smartfoni uchun rasmiy IP68 standarti taqdim etgan, Xiaomi'da esa hech qanday rasmiy IP standarti yo‘q. Bundan tashqari Galaxy S22 yangi avlod Gorilla Glass Victus+ shishasi bilan qoplanganligi unga yana qo‘shimcha ustunlik beradi. 

Galaxy S22 - Xiaomi 12: 1-0 

Displey 

Galaxy S22: 6.1 dyuymli Dynamic AMOLED 2X, 120 gerts, HDR10+, 1300 nit yorqinlik, 1080 x 2340 rezolyutsiya, 425ppi zichlik. 

Xiaomi 12: 6.28 dyuymli AMOLED, 120 gerts, HDR10+, 1100 nit yorqinlik, 1080 x 2400 piksel rezolyutsiya, 419ppi zichlik. 

Ikkala smartfonning displey texnik jihatlari deyarli bir xil. Xiaomi 12 biroz kattaroq displeyga ega. Galaxy S22 modelining displeyi esa Xiaomi 12'dan ko‘ra yorqinroq. Umumiy olganda bu yerda ikkila qurilma ham teng imkoniyatlarga ega.

Galaxy S22 - Xiaomi 12: 2-1 

Chipset 

Galaxy S22: Exynos 2200 (Xclipse 920) yoki Snapdragon 8 Gen1 (Adreno 730). 

Xiaomi 12: Snapdragon 8 Gen1 (Adreno 730). 

Chipset jihatdan ham ikki qurilma deyarli bir biridan farq qilmaydi. Shuning uchun ikkalasi ham bir balldan qo‘lga kiritadi. 

Galaxy S22 - Xiaomi 12: 3-2 

Xotira 

Galaxy S22: 8/128GB, 8/256GB; UFS 3.1. 

Xiaomi 12: 8/128GB, 8/256GB 12/256GB; UFS 3.1. 

Galaxy S22'dan farqli o‘laroq Xiaomi 12 modelining 12GB tezkor xotiraga ega bo‘lgan turi mavjud. Bu esa unga qo‘shimcha ustunlik beradi. 

Galaxy S22 - Xiaomi 12: 3-3 

Kamera 

Galaxy S22:  

Asosiy kamera: 50MP, f/1.8, OIS;

Ultrakeng kamera: 12MP, f/2.2; 

Telefoto kamera: 10MP, f/2.4, 3x optik zum, OIS;

Selfi kamera: 10MP, f/2.2. 

Xiaomi 12: 

Asosiy kamera: 50MP, f/1.9, OIS;

Ultrakeng kamera: 13MP, f/2.4; 

Telemakro kamera: 5MP, f/2.4,

Selfi kamera: 32MP, f/2.5. 

Asosiy va ultrakeng kameralar jihatidan ikkala qurilmaning texnik jihatlari o‘xshash. Selfi kamera bo‘yicha Xiaomi 12 nisbatan yuqoriroq rezolyutsiyaga ega bo‘lsa, Galaxy S22 yorqinroq diafragmaga ega. Asosiy farq bu yerda telefoto va telemakro kameralarda. Telemakro yaqinda turgan ob’yektlarni suratga olish uchun, telefoto uzoqdagi ob’yektlarni yaqinlashtirish uchun ishlatiladi.

Albatta, telefoto kameraning qadri telemakro kameradan balandroq, chunki u ko‘p holatlarda ishlatiladi. Shuningdek, telefoto kamera asosan flagman smartfonlarga o‘rnatilib, ushbu kameraning smartfonda bo‘lishi uning narxini oshishiga sabab bo‘ladi. Telemakro kamera byudjet sinfiga mansub smartfonlarda ham bor. 

Galaxy S22 - Xiaomi 12: 4-3 

Operatsion tizimi 

Galaxy S22: Android 12, One UI 4.1; to‘rt yillik Android yangilanish hamda besh yillik xavfsizlik yangilanishi. 

Xiaomi 12: Android 12, MIUI 13; uch yillik Android yangilanish hamda to‘rt yillik xavfsizlik yangilanishi. 

Ikkala smartfon bir xil operatsion tizimida ishlaydi, faqatgina ularning grafik qobig‘lari boshqa. Samsung kompaniyasi Xiaomi'ga nisbatan bir yil ko‘proq o‘z smartfonlarini Android va havfsizlik yangilanishlari bilan ta’minlaydi. 

Galaxy S22 - Xiaomi 12: 5-3 

Akkumulyator 

Galaxy S22: 3,700 mAs, 25 vatt quvvatlash texnologiyasi, 15 vatt simsiz quvvatlanish imkoniyati, 4.5 vatt o‘zidan quvvat berish imkoniyati. 

Xiaomi 12: 4,500 mAs, 67 vatt quvvatlash texnologiyasi, 50 vatt simsiz quvvatlanish imkoniyati, 10 vatt o‘zidan quvvat berish imkoniyati. 

Akkumulyator hajmi jihatidan Xiaomi ustun, biroq Galaxy S22 undan nisbatan kichikroq ekanligini hisobga olish kerak. Shunday bo‘lsa-da Xiaomi 12 quvvatlash tezligi bo‘yicha har tomonlama Galaxy S22'dan ustun. 

Galaxy S22 - Xiaomi 12: 5-4

O‘ziga xos xususiyatlar 

Galaxy S22: Barmoq izi skaneri (ekran ostida, ultra tovushli), NFC, Samsung Dex, stereo dinamik. 

Xiaomi 12: Barmoq izi skaneri (ekran ostida, optik), NFC, infraqizil port, stereo dinamik. 

Ikkila modelda o‘ziga xos funksiyalar yetarlicha. Shuning uchun ikkalasi ham bir ballga ega bo‘ladi. 

Galaxy S22 - Xiaomi 12: 6-5 

Narx 

Galaxy S22: 799 dollar

Xiaomi 12: 750 dollar 

Xiaomi 12 smartfoni S22'ga nisbat 49 dollar arzonroq. 

Galaxy S22 - Xiaomi 12: 6-6 

Xulosa 

Umumiy ballar bo‘yicha smartfonlarning kuchi teng keldi, biroq qaysi texnik xususiyatlarning kuchliligiga qarab ikkalasidan birini tanlash mumkin. 

Misol uchun, korpus himoyasi, kamera, operatsion tizim yangilanishi bo‘yicha Galaxy S22 ustun kelgan bo‘lsa, qo‘shimcha tezkor xotira, quvvatlash texnologiyasi hamda narx bo‘yicha Xiaomi 12 ustun. Umumiy olganda, ikkala smartfon ham o‘z narxiga arziydi.

O‘QING: Xiaomi 12 Pro'ning texnik jihatlari va qadoq tarkibi bilan tanishamiz 

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.