Xiaomi Apple’ning sport soatidan 5 marta arzon ilk smartvochini taqdim qildi

Xiaomi Apple’ning sport soatidan 5 marta arzon ilk smartvochini taqdim qildi

Xiaomi kompaniyasi Weloop Hey 3S nomli ilk “aqlli” soat modelini namoyish qildi. Mazkur gadjet to‘liq quvvat bilan uzoq vaqt faoliyat ko‘rsatishi hamda 50 metrgacha bo‘lgan suv ostida ham yaxshi faoliyat ko‘rsatishi bilan o‘ziga xosdir. Aniqrog‘i, ushbu smartvoch to‘liq quvvat bilan 30 kun davomida beminnat xizmat qiladi. Yoki GPS tarmog‘ini yoqib qo‘yib, 25 soat muntazam mashq qilish mumkin.

Sport va jismoniy mashg‘ulotlarga mo‘ljallangan Weloop Hey 3S ko‘rinishidan 400 AQSh dollaridan sotilayotgan Apple Watch Sport’ni eslatib yuboradi. Qurilmada 1,28 dyuymli sensor displey o‘rnatilgan bo‘lib, u 176 × 176 piksellar sig‘imiga ega. LCD ekran Corning Gorilla Glass 3 himoya shishasi bilan qoplangan.

Soatda akselerometr, giroskop, elektron kompas, yurak urishini nazorat qiluvchi sensorlar, GPS/GLONASS kabi sun’iy yo‘ldoshli navigatsiya tizimlarining modullari hamda Bluetooth 4.2 texnologiyasi o‘rnatilgan.

Weloop Hey 3S mashg‘ulotlar chog‘ida, deylik velosipedda sayr qilganda yurak urishini, sarf qilingan kaloriya miqdorini, qadamni, bosib o‘tilayotgan marshrutni qayd etib boradi. Shuningdek, qurilma manzil bilan oralik va tezlikni ham aniqlaydi.

Weloop Hey 3S yordamida uyquni rejalashtirish, kirish qo‘ng‘iroqlari va xatlarni ko‘rish, musiqani boshqarish mumkin. Smart-soat Bluetooth 4.2 yordamida smartfonga ulanadi. Natijada, qo‘ng‘iroqlar yoki ijtimoiy tarmoqdagi ogohlantirishlar to‘g‘risida xabarlar bilan tanishish mumkin bo‘ladi. Shuningdek, foydalanuvchining jismoniy holati mobil ilovada ham qayd etib boriladi.

Weloop Hey 3S tasmasi qo‘lga taqqanda teriga yopishib, noqulaylik tug‘dirmasligi uchun havo o‘tkazuvchi dizaynda ishlab chiqarilgan. Komplektda soat bilan birga magnitli quvvatlash qurilmasi ham mavjud.

O‘lchamlari: 46,21 × 35,66 × 11,15 mm. Weloop Hey 3S $78 dollardan sotuvga chiqariladi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!