Xiaomi baribir birinchi: 64 MPlik kamerali ilk smartfon – Redmi Note 8 (yoki Redmi 7 Pro) taqdimoti e’lon qilindi!

  •   DiMaX
  •  3655
  •  05.08.2019 10:11

Xiaomi baribir birinchi: 64 MPlik kamerali ilk smartfon – Redmi Note 8 (yoki Redmi 7 Pro) taqdimoti e’lon qilindi!

Samsung rekord aniqlikdagi – 64 megapiksellik ISOCELL Bright GW1 optik datchigini taqdim etgach, kamerasida uni qo‘llovchi birinchi smartfon Galaxy A70S modeli bo‘lishi haqida xabar chiqqandi. Biroq ayni shu modul bo‘yicha birinchilik uchun biryo‘la ikkita xitoylik – Realme hamda Redmi ham maydonga tushgach, vaziyat o‘zgardi...

O‘QING: 64 megapiksellik kamerali ilk smartfonni Samsung chiqarmoqchi edi, lekin...

Kuni kechagina biz Oppo kompaniyasining jadal rivojlanib kelayotgan Realme subbrendi Xiaomi’ni dog‘da qoldirib, 64 megapiksellik kamerali smartfonni 8 avgustdayoq taqdim etayotgani haqida xabar bergandik. Ammo «xitoycha Apple» tezda otni qamchilab qoldi: arzonchi brendning ISOCELL Bright GW1 datchikli Redmi Note 8 kamerofoni undan bir kun oldin – 7 avgustda namoyish etilyapti!

Quyidagi tizer surati shunga ishora qilmoqda:

To‘g‘ri, mazkur anonsda yangi smartfonning aynan 64 megapiksellik kameraga ega ekani yozilmagan, ammo «IMAGES OF THE FUTURE» («KELAJAK SURATLARI» yoki «KELAJAKDAN KELGAN SURATLAR») yozuvi hamda oxirgi tarqalgan xabarlar bunga to‘laligicha asos bo‘ladi.

O‘QING: Redmi kamerasi 64 MPlik birinchi smartfonini va unda olingan rasmni e’lon qildi

Shuningdek, yuqoridagi tizerda ushbu smartfonning Redmi Note 8 deb nomlanishi ham ko‘rsatilmagan. Lekin shu modelning tayyorlanayotganini yaqindagina Redmi brendi rahbari Lyu Veybing (Lu Weibing) shaxsan tasdiqlagan. Weibo ijtimoiy tarmog‘ida foydalanuvchilardan biri undan Redmi Note 8 taqdimotiga tayyorgarlik qanday ketayotgani haqida so‘ragan. Top-menejer esa taxminan shunday javob bergan: «U raqobatchilaridan anchagina kuchli, ishonavering». Raqobatchi smartfonlarda hali 64 megapiksellik kamera yo‘qligini hisobga olsak, 7 avgustda ko‘rsatiladigan qurilma ayni shu Redmi Note 8 bo‘lib chiqishi oydinlashadi.

Yana bir taxminga ko‘ra, bosh kamerasida ISOCELL Bright GW1 optik datchigi qo‘llanayotgan bu smartfon Redmi 7 Pro modeli sifatida taqdim etiladi. Nima bo‘lganda ham, atigi ikki kundan so‘ng barchasiga oydinlik kiritiladi – Terabayt.uz saytini kuzatishda davom eting.

Hozirgacha global bozorga turli rusumlardagi Xiaomi telefonlarini esa 590 000 so‘m dan boshlanuvchi narxlarga Terashop.uz internet-do‘konimizdan sotib olish mumkin.

O‘QING: Redmi 7 Pro – kechagina taqdim etilgan baquvvat protsessorli ilk smartfonni avgustdayoq ko‘ramiz!