Xiaomi biryo‘la ikkita – Mi Band 5 hamda Mi Band 4C fitnes-bilaguzuklarini chiqaryapti

  •   DiMaX
  •  1283
  •  16.05.2020 17:49

Xiaomi biryo‘la ikkita – Mi Band 5 hamda Mi Band 4C fitnes-bilaguzuklarini chiqaryapti

Bilakka taqiluvchi gadjetlar – smart-soatlar va fitnes-brasletlar bozorida ham Xiaomi o‘z o‘rniga ega. O‘tgan yilning so‘ngida u bu borada Huawei, Samsung, Fitbit va hatto Apple’ni ham ortda qoldirgan!

O‘QING: Xiaomi quvvati 30 kunga yetuvchi, himoyalangan smart-soat taqdim etdi

Kompaniya muxlislari anchadan beri kutayotgan Mi Band 5 fitnes-trekeri kuni kecha Tayvanning Milliy aloqa komissiyasi – NCC tashkilotida sertifikatlandi. Aniqrog‘i u yerda kodli nomi XMSH10HM bo‘lgan yangi qurilma ro‘yxatga olingan. Oldingi ikki avlod – Mi Band 3 hamda Mi Band 4 smart-brasletlari tegishlicha XMSH07HM va XMSH5HM kodli nomiga ega ekanini hisobga olsak, NCC saytidagi devays aynan Mi Band 5 ekani oydinlashadi.

Shu kungacha sizib chiqqan ma’lumotlarga ko‘ra, Mi Band 5 oldingisiga nisbatan kattaroq – 1,2 dyuymlik ekranga hamda butun dunyo bo‘ylab ishlovchi NFC chipiga ega. Narxi hozircha noma’lum, lekin sertifikatsiyadan o‘tganiga qaraganda, Xiaomi uni tez orada taqdim etsa kerak.

Bundan tashqari, Indoneziyadagi operatorlardan birining saytida yana bitta – Mi Band 4C rusumli «aqlli» bilaguzuk ham paydo bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu – korporatsiyaning Redmi brendi aprelning boshida taqdim etgan rangdor displeyli Redmi Band modelining global bozorga mo‘ljallangan versiyasidir.

O‘QING: Xiaomi’ning yangi xiti sotuvga chiqib, uning ikkita raqibi arzonlashdi