Xiaomi CC9 hamda CC9e smartfonlarining taqdimot kuni, narxi, jihatlari va suratlari!

  •   DiMaX
  •  3081
  •  25.06.2019 15:03

Xiaomi CC9 hamda CC9e smartfonlarining taqdimot kuni, narxi, jihatlari va suratlari!

«Xitoycha Apple» hamda Meitu yoshlarbop CC smartfonlar brendini taqdim etgani va uning ilk vakilini chiqarishga tayyorlanayotganidan xabaringiz bor. Ushbu turkum smartfonlari haqida bir qator yangi ma’lumotlar paydo bo‘ldi.

O‘QING: Xiaomi'ning yangi CC smartfoni rasmiy videorolik hamda "jonli" rasmlarda!

Avvalo, kompaniyaning rasman xabar berishicha Xiaomi CC9 va Xiaomi CC9e smartfonlarining namoyishi keyingi haftada – 2 iyul kuni bo‘lib o‘tadi.

Bundan tashqari, biz «SS» nomining «Shic & Cool 90», «Colorful and Creative», «Camera & Camera» kabi kengaytmalarini keltirib o‘tgan edik. Ma’lum bo‘lishicha, Xiaomi bu qisqartma ostida juda ko‘plab ma’nolarni nazarda tutgan ekan. Mukul Sharma e’lon qilgan fotogalereyada uning ko‘plab ma’nolari aks ettirilgan, ulardan ayrimlarini quyidagi suratlarda ko‘rib borasiz.

Xiaomi CC9e – ixcham va jozibador smartfon

Shuningdek, yangi brendga mansub «kichkina» – Xiaomi CC9e modelning ayrim texnik jihatlari ham ma’lum bo‘lgan: Snapdragon 710 chipi; 6 yoki 8 gigabaytlik tezkor xotira, eMMC 5.1 turiga mansub 64 yoki 128 gigabaytlik hajmga ega doimiy xotira.

Xiaomi CC9e diagonaliga 5,97 dyuymlik AMOLED-ekran bilan jihozlanadi. Tasvir aniqligi 2340x1080 piksellik ushbu displey hamda telefonning orqa paneli Gorilla Glass 5 shishasi bilan himoyalanadi.

Smartfonning old kamerasi 32 megapiksellik bo‘lib, displeyning tomchisimon kemtigiga joylangan. Bosh kamera uch modulli, uning asosiy sensori 48 megapiksellik aniqlikdagi Sony IMX582, qolgan ikkitasi esa 8 va 5 megapiksellik datchiklardir.

Xiaomi CC9e akkumulyatori 3500 mA/soatlik bo‘lib, 18 vattlik texnologiya bo‘yicha tezkor quvvatlanadi. Ushbu modelda yana ekranosti barmoq izi skaneri, infraqizil port ham mavjud, NFC moduli yo‘q, ammo u Hi-Res audio ham yangratishga qodir. Smartfon MIUI 10 grafik qobig‘i ostidagi Android 9 Pie operatsion tizim talqini bilan taqdim etiladi.

Ushbu modelning 6/64 gigabaytlik tezkor/doimiy xotiraga ega versiyasi taxminan 232 dollar, 8/128 gigabaytligi esa 320 dollar atrofida narxlanadi.

Xiaomi CC9 – kuchli selfifon

Yangi brendning «katta» modeli – Xiaomi CC9 smartfoni esa nisbatan kuchliroq – Qualcomm Snapdragon 730 chipiga asoslangan. Uning diagonaliga 6,39 dyuymlik displeyi 2340x1080 piksellik tasvir aniqligida bo‘lishi aytilmoqda.

Xiaomi CC9 modeli old kamerasi 32 megapiksellik selfifon bo‘lib, unga turli byutifikatorlar – suratni chiroyli chiqaruvchi dasturiy jihozlar joriy etilgan. Uch modulli bosh kamera esa 48 megapiksellik Sony IMX586, yana 16 va 12 megapiksellik modullarni o‘z ichiga oladi. Unda optik barqarorlashtirish tizimi yo‘q.

Ushbu qurilma tezkor xotirasi 6 va 8 gigabaytlik variantlarda taklif etiladi, har ikkala holatda ham ichki xotira 128 gigabaytlik. Akkumulyatori esa 4000 mA/soatlik tok sig‘imiga ega.

Xiaomi CC9 infraqizil portga hamda zamonaviy USB-C portiga ega bo‘lib, tezkor xotirasiga ko‘ra uni 378 dan to 451 dollargacha narxlashadi.

CC brendi ostidagi smartfonlar haqidagi yangiliklardan Terabayt.uz saytimizda birinchilar qatorida boxabar bo‘lib boring. Shuningdek, Terashop internet-do‘konimizda turli rusumlardagi Xiaomi telefonlarini atigi 590 000 so‘mdan boshlanuvchi narxlarda xarid qilish imkoni bor. Ulardan aksariyatining narxlari ancha pasaytirilgan, shuningdek, ayrimlarini endi pul o‘tkazish (perechisleniye) yo‘li bilan ham olishingiz mumkin!

O‘QING: Redmi Note 7, Mi 9 SE va Mi Play arzonlashdi – Xiaomi smartfonlari narxlari bilan tanishing! (2019 yil 17 iyun)

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!