«Xiaomi, chetroq tur!» – 367 dollarlik Realme X2 Pro flagmani taqdim etildi!

  •   DiMaX
  •  3546
  •  15.10.2019 15:36

«Xiaomi, chetroq tur!» – 367 dollarlik Realme X2 Pro flagmani taqdim etildi!

Oppo korporatsiyasining subbrendi bugun Xitoyda o‘zining flagmani – Realme X2 Pro smartfonini taqdim etdi. Uning xususiyatlari kutilganidan ham yuqori bo‘lib chiqdi!

O‘QING: Realme X2 Pro chindan ham Geekbench testida Redmi Note 8 Pro’ni «yer tishlatdi»!

Yangi qurilma ko‘p jihatlariga ko‘ra Oppo Reno Ace modelini ham eslatadi. Smartfon korpusi har ikki tomonidan Gorilla Glass 5 himoya shishasi bilan qoplangan. Uning vazni 199 gramm, o‘lchami esa 161x75.7x8.7 millimetrga teng.

Realme X2 Pro diagonaliga 6.5 dyuymlik AMOLED-displey bilan jihozlangan. Uning xususiyatlari betakror: aniqligi Full HD+ formatida; tasvir yangilanishi 90 gerslik chastotada; yorqinligi 1000 nit, DCI-P3 rang qamroviga ega. Ekranga tatbiq etilgan barmoq izi skaneri tezkor – 0.23 soniyada ishlaydi.

Smartfon ayni damda bozorga chiqqan eng kuchli Android-protsessor – Qualcomm Snapdragon 855 Plus bazasida ishlaydi. Maksimal takt chastotasi 2.96 gigagers bo‘lgan chipset Adreno 640 videotezlatgichi hamda suyuqlikli sovitish tizimiga ega.

Oppo bu flagmanini 12 gigabaytgacha tezkor, 256 gigabaytgacha doimiy (UFS 3.0) xotira hamda 4000 mA/soatlik akkumulyator bilan ta’minlagan. 50 vattlik SuperVOOC Flash Charging texnologiyasi sharofati bilan u 0 dan to 100 foizgacha to‘lishi uchun atigi 35 daqiqa kifoya!

O‘QING: Redmi K20 Pro Premium ham «damini olaversin»: SD855+ chipli eng arzon flagman rekordlarga boy! (+video)

Realme X2 Pro orqa panelidagi bosh kamera to‘rt modulli. Uning asosiy sensori – 64 megapiksellik Samsung GW1 datchigi f/1,8 diafragmali ob’yektiv bilan bairiktirilgan. Ikkinchi modul – 13 megapiksellik telefotoob’yektiv esa gibrid 20 karralik zumga ega. Uchinchi – 8 megapiksellik sensorga keng burchakli ob’yektiv o‘rnatilgan, uning ko‘rish burchagi 115 darajani tashkil etadi. To‘rtinchi – 2 megapiksellik datchik esa sahna chuqurligini aniqlovchi sensordir.

Kamera suratga olishning tungi rejimiga, elektron barqarorlashtirish tizimiga (EIS) ega. Bulardan tashqari, u 30fps sifatida 4K-video hamda 960fps sifatida sekinlashtirilgan video olishga qodir. Displeyning tomchisimon kemtigiga joylangan 16 megapiksellik old kamera ham tungi s’yomka rejimiga ega.

O‘QING: Xiaomi misli ko‘rilmagan selfi kamera dizaynini yaratdi

Google Pay kontaktsiz to‘lovlari uchun Realme X2 Pro modeli NFC-modul bilan ta’minlangan. Korpusda zamonaviy USB-C porti ham, quloqchin uchun an’anaviy 3.5 millimetrlik tirqish ham mavjud. Smartfon qadoqdanoq Android 9 Pie operatsion tizimi talqiniga ega, u ColorOS 6.1 grafik qobig‘i ostida ishlaydi.

Realme X2 Pro o‘z texnik xususiyatlariga ko‘ra Mi 9T Pro (sotib olish) flagmaniga raqobatchi bo‘la oladi, ammo Xiaomi’ning bu modelidan yangilanish chastotasi 90 gerslik ekrani bilan ustun keladi.

Xitoyning o‘zida bu smartfon 18 oktyabrdan sotila boshlaydi. Uning tezkor/ichki xotirasi minimal – 6/64 GBlik varianti uchun 367 AQSh dollariga teng narx belgilangan. O‘rtacha modifikatsiyasi 8/128 GBlik bo‘lib, uning uchun 395 dollar to‘lashga to‘g‘ri keladi. Eng yuqori konfiguratsiyadagi – 12/256 gigabaytlik Realme X2 Pro bo‘lsa 452 dollar turadi.

Ayni shu modelning global taqdimoti bugun Madridda o‘tkazilmoqda, smartfonning jahon bozoridagi narxlari hozircha noma’lum.

O‘QING: 1 noyabrgacha smartfon olishga ulguring, keyin IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish pulli bo‘lib, narxlar ham oshadi!