Xiaomi «damini olsin» – LG metro vagonlariga oyna o‘rniga shaffof OLED-ekranlar o‘rnatdi!

  •   DiMaX
  •  598
  •  24.08.2020 10:14

Xiaomi «damini olsin» – LG metro vagonlariga oyna o‘rniga shaffof OLED-ekranlar o‘rnatdi!

«Xitoycha Apple» jahondagi ilk shaffof televizor – Mi TV Lux Transparent Edition modelini taqdim etgan. Uning birinchi partiyasi atigi bir soniyadayoq sotib tugatilgan bo‘lsa, 16 avgustda savdoga qo‘yilgan ikkinchi partiya ham o‘sha kuniyoq tugab ketgan.

O‘QING: Xiaomi dunyodagi ilk shaffof televizorning asosiy sirini oshkor etdi

Jahonning yetakchi displeysozlaridan biri bo‘lgan LG bunga shunchaki qarab tura olmadi. Shaffof ekran texnologiyasi o‘zida ham borligini namoyon etish uchun u Xitoydagi ayrim metro vagonlarida deraza oynasi o‘rniga shaffof displey o‘rnatdi!

Xabarga ko‘ra, LG Display ishlab chiqqan shaffof OLED-ekranlar hozirda Pekin hamda Shenchjen shaharlari metrolaridagi ba’zi metro vagonlarida o‘rnatilgan. Mazkur displeylarda poyezdning ayni damda qayerda harakatlanib borayotganligi, ob-havo prognozi, yangiliklar va boshqa ma’lumotlar aks etib boradi.

LG aynan nechta vagonda shunday displeylar o‘rnatgani xabar qilinmayapti. Biroq u mazkur panellarni yanada kengroq qo‘llash borasida muzokaralar olib borayotgani ma’lum. Shuningdek, buni u o‘z vatanida emas, balki raqobatchi – Xiaomi yurtida qilayotgani e’tiborli.

Eslatib o‘tamiz, CES 2018 xalqaro elektronika ko‘rgazmasiga LG yangi televizorini rulonda olib kelgan edi. Biz esa ushbu o‘rama televizorning «jonli» videolarini ham chiqarganmiz.

O‘QING: Samsung va LG o‘z yurtida Xiaomi’ning dadil hamlasiga uchradi!