Xiaomi «damini olsin» – Snapdragon 865 chipli smartfonni undan avval boshqasi chiqaryapti!

  •   DiMaX
  •  1727
  •  16.12.2019 17:30

Xiaomi «damini olsin» – Snapdragon 865 chipli smartfonni undan avval boshqasi chiqaryapti!

Xabaringiz borki, Qualcomm kompaniyasi yaqinda Snapdragon Technology Summit nomli rasmiy taqdimot tadbirini o‘tkazgandi. Ushbu marosimda chipsozning bir qator mahsulotlari qatori Snapdragon 865 flagman protsessori namoyish etilgan.

O‘QING: Snapdragon 865'da kutilgan yangilik!

Snapdragon Technology Summit’da ishtirok etgan «Xitoycha Apple» prezidenti Lin Bin (Lin Bin) so‘zga chiqib, kompaniyaning Xiaomi Mi 10 flagmani Snapdragon 865 chipsetiga asoslangan dastlabki smartfonlardan biri bo‘lishini aytgandi. Biroq Xiaomi sal ertaroq maqtanib qo‘ygan ko‘rinadi – yana bir xitoylik smartfonsoz bu borada uni dog‘da qoldiryapti.

Xullasi kalom, ZTE korporatsiyasining Weibo ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy akkaunti yap-yangi, hali taqdim etilmagan Axon 10s Pro flagmanining «jonli» suratlarini e’lon qildi.

Kompaniyaning ma’lum qilishicha, Axon 10s Pro modeli Snapdragon 865 platformali dunyodagi birinchi tijoriy qurilma bo‘ladi.

O‘QING: Android-qurilmalar egalariga xushxabar bor!

Kompaniya hozircha Axon 10s Pro flagmanining texnik jihatlarini ma’lum qilmagan. ZTE vakili Syu Fen so‘zlariga ko‘ra, ular Snapdragon 865 chipsetli 5G-smartfonni hammadan burun taqdim etishmoqchi.

ZTE AXON 10s Pro xususiyatlari, namoyish vaqti va narxi haqidagi ma’lumotlar yaqin orada chiqib qolsa kerak, yangiliklarni biz bilan birga kuzatishda davom eting.

O‘QING: 2019 yilning eng sara sakkizta smartfoni (IGN versiyasi)

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.