Xiaomi dog‘da qoldi: 64 megapiksellik kamerali smartfonni 8 avgustdayoq boshqasi taqdim etadi

  •   DiMaX
  •  1772
  •  03.08.2019 09:46

Xiaomi dog‘da qoldi: 64 megapiksellik kamerali smartfonni 8 avgustdayoq boshqasi taqdim etadi

Kamerofonlar uchun ISOCELL Bright GW1 deb nomlanuvchi 64 megapiksellik optik datchikni aynan Samsung ishlab chiqqan. Biroq negadir ushbu kamerani qo‘llovchi qurilmani birinchi bo‘lib boshqa – xitoylik smartfonsozlar tayyorlashyapti!

O‘QING: 64 megapiksellik kamerali ilk smartfonni Samsung chiqarmoqchi edi, lekin...

Dastlab janubiy koreyaliklarning Galaxy A70S modeli kamerasi 64 megapiksellik birinchi smartfon bo‘lishi haqida xabar chiqqandi. Lekin xitoylik Oppo kompaniyasiga qarashli Realme brendi 64 megapiksellik kamerali o‘z smartfonida olingan ilk rasmiy surat hamda kamera moduli ko‘rinishini ham tarqatgan. Uning ortidan Redmi brendi ham kamerasi 64 MPlik birinchi smartfonini va unda olingan rasmni e’lon qildi. Xullasi kalom, joriy oyning o‘zidayoq bosh kamerasi ISOCELL Bright GW1 datchikli ikkita smartfon taqdim etilishi kutilmoqda va har ikkalasi ham arzonchi brendlardir.

Jadal rivojlanib kelayotgan Realme kuni kecha Twitter tarmog‘i orqali ana shu qurilmasining anonsini berdi. Unga ko‘ra, kompaniya 8 avgust kuni Dehli shahrida bo‘lib o‘tadigan anjumanida to‘rt modulli bosh kameraga ega ilk smartfonini namoyish qiladi.

Kuzatuvchilarning fikricha, yangi Realme smartfonining to‘rttalik kamerasida 64 MPlikdan tashqari, yana o‘ta keng burchakli ob’yektivga ega, teleob’yektivli, shuningdek, sahna chuqurligini aniqlovchi yoki makros’yomka datchiklari ham bo‘ladi.

Hozircha bu smartfonning nomi ham, boshqa texnik xususiyatlari ham ma’lum emas, lekin u so‘nggi vaqtlarda ko‘p gapirilayotgan Realme 4 Pro yoki Realme X Pro bo‘lishi mumkin. Nima bo‘lganda ham, agarda 8 avgustgacha Xiaomi otni qamchilab qolmasa, 64 megapiksellik kamerali smartfon borasida uloqni Realme ilib ketishi aniq.

O‘QING: Oppo «sharshara displey»li smartfonini e’lon qildi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!