Xiaomi dunyodagi ilk shaffof televizorning asosiy sirini oshkor etdi

  •   DiMaX
  •  871
  •  19.08.2020 11:42

Xiaomi dunyodagi ilk shaffof televizorning asosiy sirini oshkor etdi

«Xitoycha Apple» o‘zining o‘n yilligiga bag‘ishlangan tadbirida jahondagi ilk shaffof televizor – Mi TV Lux Transparent Edition modelini taqdim etgan. Namoyishning ertasiga – 12 avgust kuni uning birinchi partiyasi atigi bir soniyadayoq sotib tugatilgan edi. Keyin esa...

O‘QING: Ikkinchi partiyasi ham sotuvga chiqiboq tugagan, 7200 dollarlik shaffof televizorni rasmiy videoda ko‘ramiz!

Kompaniya endi Weibo tarmog‘i orqali Xiaomi Mi TV Lux Transparent Edition haqida yangi ma’lumotlarni ulashdi. Xususan, unda shaffof televizor yaratishni qanday uddalagani ham aytilgan.

Unga ko‘ra, birinchi qadam aniq: odatda ekranlarga joylanadigan barcha qismlar olinib, boshqa joyga ko‘chiriladi. Mi TV Lux Transparent Edition modelida elektronika va ovoz jihozlarining bari televizorning asos qismiga o‘tkazilgan. Shu sababli muhandislar yangicha sovitish tizimini yaratishgan, katta radiator qo‘llashgan, shuningdek, asos qismida ko‘p miqdorda shamollatuv tirqishlari ochishgan.

Xiaomi’ning ta’kidlashicha, suyuq kristalli displeylarni ham, OLED-ekranlarni ham shaffof qilsa bo‘ladi. Kompaniya aynan ikkinchi variantni tanlagan, chunki OLED-displeyda yoritish kerak bo‘lmaydi. RGBW-matritsa betakror dizaynga ega: unda panelning yarmigina piksellar bilan qoplangan, qolgan yarmi esa shaffofligicha qolgan. Piksellar oddiy masofadan qaraganda ko‘rinmaydigan darajada mayda; ularning oraliqlari ham shunchalik kichkina.

O‘QING: CES 2018: LG yangi televizorini rulonda olib keldi

Quyidagi rasmda an’anaviy OLED-panel (chapda) hamda Xiaomi Mi TV Lux Transparent Edition televizorida qo‘llangan panel solishtirib ko‘rsatilgan. Ikkinchisida subpiksellar o‘ngda joylashgan bo‘lib, panelning chapidagi qism shaffof holatda qolgan.

Panelni himoyalash uchun displeyga diagonali 55 dyuymlik shisha maxsus yelim bilan yopishtirilgan. Ekranga qattiqlik baxsh etish uchun esa uning perimetri bo‘ylab yupqa metall karkas o‘rnatilgan.

Ushbu mo‘’jizaviy televizor arzon emas – Xiaomi unga naq 99999 yuan, ya’ni taxminan 7198 dollarlik narx belgilagan.

O‘QING: Redmi bu mahsuloti bilan bozorni «portlatdi»!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!