Xiaomi elektromobilining dizayni oshkor bo'ldi!

Xiaomi elektromobilining dizayni oshkor bo'ldi!

O'zining smartfonlari va boshqa ko'plab elektronikalari bilan dunyoga tanilgan Xiaomi kompaniyasi elektromobillar bozori tomon qadam tashlayotganligi hech kimga sir emas. Bir necha yil avval kompaniy o'z elektromobilini ishlab chiqarishi haqida e'lon qilgan edi. Bugunga kelib, bo'lajak mashinaning suratlari tarqalib ketdi.

Xitoyning Weibo ijtimoiy tarmog'ida MS11 yoxud kod nomi Modena (yoki aksincha) bo'lmish Xiaomi elektromobilining hech qanday kamuflyajsiz suratlari paydo bo'ldi. Ehtimol, ular mashinaning marketing videosi kompyuter ekranida ko'rsatilayotganida smartfon orqali suratga olingan. Garchi tasvirlar unchalik sifatli bo'lmasa ham biz Xiaomi elektromobilining umumiy ko'rinishi haqida ma'lumot olishimiz mumkin.

Ko'rib turganingizdek, MS11/Modena futuristik dizaynga ega. Xiaomi o'z mashinasi dizaynini yaratishda boshqa kompaniyalar mashilaridan ilhomlanganga o'xshaydi: Internet aholisining so'zlariga ko'ra, u old tomodan McLaren, orqa tomondan esa Aston Martin mashinalarini eslatib yuboradi. Ehtimol, agar bu Xiaomi elektromobilini ekanligini bilmaganingizda, bir qarashda uni Tesla yoki BYD'ning yangi mashinasi deb o'ylardingiz ham.

Sedan tana stilidagi 4 eshikli mashinaning old peshonasidagi LiDAR sensori mavjudligini hisobga olsak, u avtonom haydash qobiliyatiga ega bo'lishi mumkin. Uning tomi esa to'liq oyna bilan qoplangan bo'ladigan ko'rinadi. Mashina g'ildiragida esa Mi logotipi ko'zga tashlanadi. Afsuski, suratlarda mashinaning faqat tashqi tomonlarini ko'rish mumkin, elektromobil ichki suratlari mavjud emas.

Aytish kerakki, Xiaomi elektromobilining ishlab chiqarilishi o'z yakuniga yetmoqda. Yaqinda kompaniya o'zining deyarli tayyor bo'lib qolgan mashinasini Xitoy ko'chalariga "sayrga olib" chiqqan paytida Internetda uning ko'plab "paparazzi" suratlari paydo bo'lgan edi, lekin mashina kamuflyaj bilan o'ralgan holda bo'lgan.

Mish-mishlarga ko'ra, MS11/Modena elektromobili 260 kVt dvigatel bilan ikki batareya to'plamli konfiguratsiyaga ega bo'ladi: oddiy model 400 voltli lityum temir fosfat batareya to'plami, yuqori model esa 800 voltli CATL Kirin batareyasida ishlaydi. Bundan tashqari, mashinada Snapdragon 8295 - Qualcomm'ning 5 nanometrli to'rtinchi avlod avtomobil chipi bo'ladi. Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra esa, Xiaomi o'zining ilk elektromobilini 2024-yildan ommaviy ishlab chiqarishni boshlaydi.

Xitoyda elektromobillar bozori shunchalik raqobatbardoshki, hatto bu yo'nalishda global lider deb hisoblanadigan Tesla ham 24 foizgacha chegirmalar taklif qilishiga qaramay, mahalliy elektromobil ishlab chiqaruvchi brendlar bilan raqobat qilishda katta qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

O'QING: OnePlus V Fold va V Flip buklamafonlarini chiqaradi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.