Xiaomi flagmaniga bitta quvvatda 14 kun ishlash imkonini beruvchi yangi rejim qo‘shildi!

  •   DiMaX
  •  996
  •  09.07.2021 13:03

Xiaomi flagmaniga bitta quvvatda 14 kun ishlash imkonini beruvchi yangi rejim qo‘shildi!

«Xitoycha Apple»ning Mi 11 Ultra superflagmani 29 mart kuni taqdim etilgan va savdoga chiqib ham ulgurgan. Biz uning to‘rt qismdan iborat to‘liq tavsifini ham e’lon qilganmiz.

O‘QING: MWC 2021: «Yilning eng zo‘r smartfoni» va uning to‘rtta raqibi

Xitoyda kuni kecha Xiaomi Mi 11 Ultra flagmani proshivkasi yangilandi – MIUI grafik qobig‘ining V12.5.10.0.RKACNXM versiyasi tarqatildi. Unda bir qator yangi funksiyalar safida Super Power Saver rejimi ham taqdim etilgan.

Nomidan ham anglab yetganingizdek, smartfon mazkur rejimda akkumulyator quvvatini eng yuqori darajada tejaydi. Tabiiyki, buning uchun flagmanning funksiyalari maksimal darajada cheklanadi.

Super Power Saver rejimida asosiy displey butunlay o‘chiriladi, faqat orqa paneldagi – bosh kamera blogi yonidagi qo‘shimcha ekran ishlaydi. Unda ham faqat vaqt ko‘rsatiladi, kiruvchi qo‘ng‘iroqlarga javob berish mumkin bo‘ladi. Shuningdek, mazkur rejimga o‘tmasdan oldin tanlab qo‘yilgan kontaktlarga qo‘ng‘iroq qilish imkoni ham saqlanib qoladi.

O‘QING: Wi-Fi vs 4G: smartfon quvvatini qay biri tezroq tugatadi? (+«jonli» video)

Xiaomi’ning ta’kidlashicha, Mi 11 Ultra shu rejimda akkumulyatorning bitta to‘la quvvati bilan 14 kungacha ishlay oladi. Avariya tufayli elektr tarmog‘i uzilganida, safarga chiqqanda yoki boshqa sabab bilan uzoq vaqt smartfonni quvvatlash imkoni bo‘lmay qolganida bu judayam asqotadi.

Super Power Saver rejimini o‘z ichiga olgan apdeyt hozircha faqat mahalliy bozordagi Xiaomi Mi 11 Ultra modellariga tarqatilmoqda. Keyinroq mazkur superflagmanning global versiyalariga ham ushbu yangilanish tarqatilsa kerak.

Darvoqe, smartfonning quvvati kam qolganida asqotadigan to‘qqizta tavsiya, shuningdek, quvvati eng uzoq vaqtga yetuvchi 15 ta smartfon ro‘yxati ham sizni befarq qoldirmasa kerak.

O‘QING: Harorat telefonga qanday ta’sir qiladi?

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!