Xiaomi’ga qarshi kurash: Samsung endi 118 dollardan boshlanuvchi Galaxy A smartfonlarini chiqaryapti!

  •   DiMaX
  •  6532
  •  06.02.2019 18:11

Xiaomi’ga qarshi kurash: Samsung endi 118 dollardan boshlanuvchi Galaxy A smartfonlarini chiqaryapti!

Samsung aynan arzonchi smartfonsozlardan bozordagi o‘z ulushini tortib olish uchun hamyonbop Galaxy M turkumini joriy etgandi. Bu seriyadagi ikkita smartfon o‘tgan oyning oxirida namoyish etilib, kuni kecha bozorga chiqqan va narxlari bilan tanishtirganmiz.

O‘QING: Xiaomi kompaniyasi Redmi Note 7 reklamasida Galaxy M10 va M20’ni masxara qildi

MySmartPrice resursiga ko‘ra, hamyonbop smartfonlar bozorida Samsung bu bilan cheklanib qolmoqchi emas. Bu kompaniya o‘rta narxli sanalgan turkumda ham arzon modellarda smartfonlar chiqarishni rejalashtirgan.

Xabarga ko‘ra, Samsung Galaxy A10, A20 hamda A30 modellari Xiaomi va boshqa xitoylik ishlab chiqaruvchilarning hamyonbop smartfonlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqib bo‘ladi. Yangi modellarning texnik jihatlari ham kuni kecha sotila boshlagan Galaxy M10 va M20 singari past bo‘lmaydi. Galaxy A turkumi smartfonlari akkumulyatorlari ham kamida 4000 mA/soatlik bo‘lishi aytilmoqda.

Hozircha bu ma’lumotlar Samsung tomonidan rasman tasdiqlanmagan esa-da, MySmartPrice allaqachon ushbu modellarning ayrim xususiyatlari va hatto narxigacha e’lon qilgan. Jumladan, Galaxy A10 narxi 118 dollardan boshlanadi, bu esa Galaxy M10 smartfonidan atigi 7 dollarga qimmat!

O‘QING: Galaxy A10 daktiloskopli ekranga ega ilk Samsung smartfoni bo‘lishi mumkin

Yangi turkum devayslarida bir xil – Exynos 7885 protsessori qo‘llanadi, ular tezkor xotira hajmiga ko‘ra o‘zaro farqlanadi. Galaxy A10 rusumli qurilma 2 gigabaytlik, Galaxy A20 modeli 3 gigabaytlik bo‘lsa, Galaxy A30 gadjetiga 4 gigabaytlik «operativka» qo‘yiladi. Ularning barchasi One UI grafik qobig‘i ostidagi Android 9 Pie operatsion tizim talqini bilan ta’minlanadi.

Xabarga ko‘ra, Galaxy A10, A20 va A30 smartfonlari martning oxirida yoki aprelning boshida taqdim etilishi kutilayotir. Agarda ularning xususiyatlari yuqorida keltirilganidek bo‘lsa, Samsung chindan ham xitoylik arzonchi smartfonsozlarga qarshi jiddiy kurasha oladi.

Darvoqe, Terashop.uz internet-do‘konimizdan ayrim Samsung smartfonlarini 949 000 so‘mdan boshlangan narxlarda sotib olish, Xiaomi smartfonlarini esa 819 000 so‘mdan boshlanuvchi narxlarda xarid qilish mumkin.

O‘QING: Arzon smartfonlar qiroli endi Xiaomi emas – 95 dollarlik Realme C1’ni qarshi oling! (+«jonli» video)