Xiaomi hali taqdim etmagan Mi 10 5G sotuvga chiqdi: narxi va jihatlari bilan tanishing!

  •   DiMaX
  •  4290
  •  10.01.2020 10:41

Xiaomi hali taqdim etmagan Mi 10 5G sotuvga chiqdi: narxi va jihatlari bilan tanishing!

«Xitoycha Apple» direktori avvalroq Xiaomi Mi 10 hamda Mi 10 Pro smartfonlarining muhim jihatlarini ochiqlagandi. Shuningdek, standart flagmanning AnTuTu benchmarkidagi rekord natijasi ham e’lon qilingan.

O‘QING: Yangi yilda yangi tezlik!

Xiaomi hali ushbu modellarini rasman namoyish etmasidan turib, CECT-SHOP internet-do‘koni allaqachon Mi 10 5G variantini sotuvga qo‘ydi! Uning xarid sahifasida smartfonning barcha xususiyatlari batafsil ko‘rsatilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, uning texnik jihatlari yaqinda taqdim etilib, ikki soatda talash bo‘lgan eng arzon 5G-smartfon – Redmi K30 5G xususiyatlaridan aytarli farq qilmaydi. Faqat kutilayotgan modelning «elektron yuragi» sifatida eng zo‘r – Snapdragon 865 protsessori tanlangan, Redmi flagmanida esa Snapdragon 765G chipseti qo‘llangan.

Ushbu manbaga ko‘ra, Mi 10 5G diagonaliga 6,57 dyuymlik AMOLED-ekranga ega. Displeyning kadr yangilanish chastotasi 90 gers ekanligi g‘alati, chunki Redmi K30 5G flagmanida bu ko‘rsatkich 120 gersga teng.

O‘QING: Redmi K30’ning taqdimotda aytilmagan siri fosh bo‘ldi! (+«jonli» video)

O‘ninchi avlod Xiaomi flagmani 12 gigabaytlik tezkor xotiraga ega (Redmi K30 5G modelida – maksimum 8 GB, lekin yaqinda 12 GBlik varianti sertifikatsiyadan o‘tgan). Mi 10 5G ichki xotirasi 256 hamda 512 gigabaytlik variantlarda taklif etiladi. Uning akkumulyatori 4500 mA/soatlik bo‘lib, simli quvvatlashda 66 vattlik, simsizida esa – 40 vattlik texnologiya asosida tezkor zaryad oladi. Shuningdek, Xiaomi yangi smartfonini NFC moduli, ikki diapazonli GPS hamda eng so‘nggi – Android 10 operatsion tizimi bilan ta’minlagan.

Mi 10 5G bosh kamerasi 64, 12, 8 va 2 megapiksellik to‘rtta sensorni o‘z ichiga olgan, selfi-kamera esa 32 va 8 megapiksellik datchiklardan iborat. Uning korpus o‘lchami 162,3x75,1x8,9 millimetrga teng, vazni 204 gramm tosh bosadi.

Qiziq joyi – Xiaomi Mi 10 5G narxi ham e’lon qilingan: uning 256 gigabaytlik doimiy xotiraga ega variantini 670 dollarga sotib olish mumkin. Bu esa 8/128 gigabaytlik Redmi K30 5G modelidan salkam ikki baravarga qimmat, deganidir. Xullas, onlayn do‘kon ko‘rsatgan ma’lumotlar hafsalani pir qildi, ular to‘g‘ri bo‘lib chiqsa, bu flagmanning xaridori aytarli ko‘p bo‘lmasa kerak.

O‘QING: Xiaomi yana 5 xil smartfonini Android 10 bazasidagi MIUI 11’gacha yangilayapti

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!