Xiaomi hali taqdim etmagan Redmi Note 8T allaqachon sotuvga chiqdi – narx va jihatlari bilan tanishing!

  •   DiMaX
  •  4282
  •  26.10.2019 10:46

Xiaomi hali taqdim etmagan Redmi Note 8T allaqachon sotuvga chiqdi – narx va jihatlari bilan tanishing!

«Xitoycha Apple»ning yaqinda namoyish qilingan smartfonlari – Redmi Note 8 va Redmi Note 8 Pro modellari allaqachon Terashop.uz internet-do‘konimizda ham sotilmoqda. Kompaniya esa bu orada ushbu turkumda yana bir – Redmi Note 8T modelini taqdimotga tayyorlamoqda.

O‘QING: Redmi rahbari: «Bu smartfon bozorda «portlash» qiladi!»

Aslini olganda, bu model – Redmi Note 8’ning deyarli o‘zi bo‘ladi, faqat uni kontaktsiz to‘lovlar uchun NFC moduli bilan boyitishgan, xolos. Redmi Note 8T rasmiy namoyishi tez orada bo‘lib o‘tishi kerak, ammo onlayn savdo maydonchalaridan biri allaqachon uni savdoga qo‘ydi!

Onlayn do‘kondagi ma’lumotlarga ko‘ra, Redmi Note 8T tezkor xotirasi 4 va 6, ichki xotirasi 64 va 128 gigabaytlik variantlarda chiqishi aytilgan, ammo sotuvga faqat faqat 4/64 hamda 4/128 gigabaytlik (ikkinchisi 25 dollarga qimmat) versiyalari qo‘yilgan.

O‘QING: Redmi arzon smartfonlarining avval aytilmagan bir siri ochildi

Redmi Note 8T smartfonining tezkor xotirasi 4, doimiy xotirasi esa 64 gigabaytlik variantiga 199 dollar narx belgilangan. Aytish kerakki, ayni shu internet-do‘konning o‘zida aynan shunday modifikatsiyadagi Redmi Note 8 ham xuddi shu narxda – 199 dollardan sotilmoqda. Xo‘p, modomiki Xiaomi yangi smartfonida NFC qo‘llab-quvvatlovi uchun qo‘shimcha haq so‘ramayotgan ekan, unda nega bu chipni boshidanoq Redmi Note 8 modeliga o‘rnatib qo‘yaqolmagan?

Shu bilan birga, internet-do‘kon Redmi Note 8T texnik xususiyatlarini ham bayon etgan. Uning 6.3 dyuymlik displeyi FHD+ formatida bo‘lib, tomonlari o‘zaro 19.5:9 nisbatida. Qurilmaning «elektron yuragi» – sakkiz yadroli Qualcomm Snapdragon 665 protsessori bo‘lib, u Adreno 610 grafik chipini ham o‘z ichiga olgan.

Smartfonning 48+8+2+2 megepiksellik to‘rt modulli kamerasi sun’iy intellekt bilan ta’minlangan. Ekranning tomchisimon kemtigiga joylangan old kamera esa 13 megapiksellik sensorga ega. Barmoq izi skaneri orqa paneliga o‘rnatilgan.

Redmi Note 8T akkumulyatori 4000 mA/soatlik bo‘lib, USB-C orqali 18 vattlik texnologiya bo‘yicha tezkor quvvatlana oladi. Smartfonga Android 9 Pie bazasidagi MIUI 10 proshivkasi o‘rnatilgan.

O‘QING: Siz qiziqqan smartfonga MIUI 11 keldi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!