Xiaomi Hindistonda Samsung'ni "zabt etdi"

Xiaomi Hindistonda Samsung'ni

Xiaomi yuqori natijalari qatoriga o‘zining navbatdagi muvaffaqiyatini yozib qo‘ydi. Kompaniya Hindiston bozorida ishonch bilan olg‘a bormoqda. 2017 yilning uchinchi choragi yakunlariga ko‘ra, bu mamlakatda 9,2 million dona smartfon sotgan. Ya’ni, bu -- jami sotilgan mobil aloqa vositalarining uchdan bir qismi degani. Taqqoslash uchun aytamiz, o‘tgan yili Xiaomi xuddi shu davr ichida Hindistonda 3 million dona smartfon sotgan edi. Uch yil avval esa bu ko‘rsatkich bor-yo‘g‘i 100 ming donani tashkil qilgan.

Redmi Note 4'ning ommaviy sotilishi evaziga Xiaomi Hindiston smartfon bozorida peshqadam bo‘lgan va Samsung'ga yetib olgan. Ulardan so‘ng Lenovo (Motorola), Vivo hamda Oppo brendlari 9, 8.5 hamda 7.9 foiz ulush bilan bu bozorga egalik qilishmoqda.

«Xitoycha Apple» jahon miqyosida bu yilda 90 million dona smartfon sotishni reja qilgan. Kompaniya shu yilning sentyabrida 10 million dona "aqlli telefon" sotgan. Bu kompaniya tarixidagi eng samarali oy bo‘ldi.

Aksariyat ekspertlarning tasdiqlashlaricha, 2017 yakunida kompaniya 80 million dona mobil telefon sotishga ulguradi. Agar Xiaomi yil oxiriga qadar hamyonbop Redmi turkumida yangi devayslarni sotuvga chiqarsagina maqsadiga erishishi mumkin.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!