Xiaomi ilk bor Apple’ni quvib o‘tib, 3-raqamli smartfonsozga aylandi!

  •   DiMaX
  •  1551
  •  30.10.2020 17:43

Xiaomi ilk bor Apple’ni quvib o‘tib, 3-raqamli smartfonsozga aylandi!

Kuni kecha biz 2020 yilning birinchi yarmida dunyodagi eng ko‘p sotilgan 5G-telefonlar reytingini chiqargan edik. IDC tahlil kompaniyasi esa jahon smartfon bozorining uchinchi chorakdagi holati bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qildi.

O‘QING: Xitoyliklarning o‘zlari eng ko‘p qaysi smartfonlarni olishyapti?

IDC hisobotiga ko‘ra, yakuniga yetgan kvartalda dunyo bo‘yicha smartfonlar yetkazib berish bir yilda 1,3 foizga kamaygan. Lekin undagi asosiy yangilik – Xiaomi kompaniyasining smartfon sotish bo‘yicha Apple korporatsiyasidan oldinga o‘tib olganidir! Bu ma’lumotni Counterpoint hamda Canalys kompaniyalari ham tasdiqlagan.

Shunday qilib, Samsung yetakchilikni qo‘ldan bermagan – bozorning 22,7 foizi aynan unga tegishli. Janubiy koreyalik gigant uchinchi chorakda 80,4 millionta smartfon sotishga muvaffaq bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,9 foizga yuqoridir.

Huawei sotuvlari bulturgiga qaraganda naq 22 foizga pasayib ketgan bo‘lsa-da, kompaniya ikkinchi o‘rinni saqlab qolgan. Joriy yilning uchinchi choragida u 51,9 millionta smartfon sotib, jahon bozorining 14,7 foizini band etgan.

Xiaomi o‘tgan yilning uchinchi kvartalida 46,5 millionta, ya’ni bir yil avvalgisidan naq 42 foizga ko‘p smartfon sotishga erishgan! Shu tariqa, 13,1 foizlik hissasi bilan u uchinchi o‘ringa ko‘tarilib olgan. Huawei’ning tobora sustlashib borayotganini hisobga olsak, «Xitoycha Apple» tez orada ikkinchi o‘ringa chiqib olsa ham ajabmas...

Kuchli beshlikka kirgan Apple hamda Vivo esa dunyo smartfon bozoridan tegishlicha 11,8 va 8,9 foizlik ulush olishgan. Bu yilning uchinchi choragida ular mos tarzda 41,6 million va 31,5 million smartfon sota olishgan.

O‘QING: Quvvati eng uzoq vaqtga yetuvchi 15 smartfon bilan tanishing

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!