Xiaomi kompaniyasi Redmi 8’dan naq ikki karra kuchli arzon smartfon tayyorlayapti!

  •   DiMaX
  •  2827
  •  25.12.2019 11:48

Xiaomi kompaniyasi Redmi 8’dan naq ikki karra kuchli arzon smartfon tayyorlayapti!

«Xitoycha Apple»ning arzonchi brendi o‘zining navbatdagi – Redmi 9 smartfonini tayyorlayotgani haqida yozganmiz. Endi esa uning «elektron yuragi» haqida nisbatan batafsil ma’lumotlar paydo bo‘ldi.

O‘QING: Xiaomi va Redmi smartfonlarida yana bir foydali funksiya paydo bo‘lyapti

Ushbu smartfon hali rasman namoyish etilmagan MediaTek Helio G70 protsessorida ishlashi aytilmoqda. Tarqalgan yangi xabarlar mazkur chipsetning konfiguratsiyasi haqida tasavvurlar hosil qilishga imkon beradi.

Unga ko‘ra, ushbu platforma 2 gigagersgacha takt chastotasida ishlovchi ikkita Cortex-A75 yadrosi hamda maksimal 1,7-1,8 GGs chastotali oltita Cortex-A55 yadrosini, shuningdek, Mali-G52 MC2 grafik tezlatgichini o‘z ichiga oladi. Umuman olganda, shu yilning iyunida taqdim etilgan Helio P65 protsessori ham deyarli aynan shunaqa tuzilishga ega edi. Aftidan, bu – o‘sha chipsetning o‘zi, faqat MediaTek marketing maqsadida uni qayta nomlagan bo‘lishi mumkin.

Samaradorlik masalasiga kelsak, yangi protsessor Helio P60/P70 rusumli platformalardan ko‘ra kuchliroq bo‘lishi kerak. Ya’ni, u taxminan Snapdragon 665/675 darajasidagi chipset bo‘ladi. Redmi 9 esa bunday baquvvat «elektron yurak» bilan Snapdragon 439 protsessorli Redmi 8 modelidan deyarli ikki baravar tezkorlik namoyon eta oladi. Xiaomi bu smartfonini 2020 yilning bahorida taqdim etishi va an’anaga ko‘ra u hamyonbop bo‘lishi kutilayotir.

O‘QING: Taqqos: Xiaomi Mi 9T vs Xiaomi Redmi Note 8 Pro