Xiaomi Mi 10 hamda Mi 10 Pro taqdim etildi – narx va xususiyatlari bilan tanishamiz!

  •   DiMaX
  •  40002
  •  13.02.2020 14:43

Xiaomi Mi 10 hamda Mi 10 Pro taqdim etildi – narx va xususiyatlari bilan tanishamiz!

«Xitoycha Apple» o‘zining o‘n yilligiga bag‘ishlab bugun – 13 fevral kuni Xiaomi Mi 10 va Mi 10 Pro flagmanlarini namoyish qildi. «Osmon osti saltanati»da boshlangan mamlakatlarda tarqalib ulgurgan koronavirus epidemiyasi tufayli, taqdimot faqat onlayn translyasiya formatida o‘tkazildi.

O‘QING: Barchasiga koronavirus aybdor – MWC 2020 ham bekor qilindi!

Xiaomi Mi 10 va Mi 10 Pro smartfonlarining aksar xususiyatlari bir xil: masalan, ikkalasi ham diagonaliga 6,67 dyuymlik AMOLED-ekranga ega. Displeyning tasvir aniqligi 2340x1080 piksellik, tasvirning yangilanish chastotasi 90 Gs, yorqinligi 1129 kd/m2, kontrasti 5000000:1 bo‘lib, HDR10+ formatini qo‘llab-quvvatlaydi. Displeyning ikki yoni biroz qayrilgan bo‘lsa-da, «sharshara ekran» emas. Yuqori chap burchagida old kamera uchun tirqish o‘yilgan; kompaniya kuni kecha maqtanganidek, bu kamera sensori eng mitti – diametri atigi 2 millimetrlik, displeyda unga ochilgan tirqish ham kichik – 4,08 millimetrlik o‘lchamda.

Xiaomi Mi 10 modellari «to‘lig‘icha simmetrik» stereodinamiklar bilan ta’minlangan. Shuningdek, atrof qanchalik yoritilganligini aniqlovchi datchik ham ikkita bo‘lib, korpusning old va orqa tomonlarida joylashgan – ular smartfonda yorqinlikning avtomatik sozlanishini yaxshilaydi. Korpusning yuqori qismidagi infraqizil port smrtfonni turli maishiy texnika jihozlarini boshqarish pulti sifatida qo‘llashga imkon beradi.

Mi 10 hamda Mi 10 Pro flagmanlari, tabiiyki, eng kuchli Android-protsessor – Qualcomm Snapdragon 865 chipseti bazasiga qurilgan. Xiaomi ularni «yangi avlod samaradorlik qiroli» deya maqtaganicha bor: Antutu benchmarkida Mi 10 rekord natija ko‘rsatgan – 585 ming balldan oshiq.

Flagmanlarning ishlab chiqaruvchi alohida ta’kidlab ko‘rsatgan boshqa ilg‘or jihatlari: yangicha – LPDDR5 turiga mansub tezkor xotira, UFS 3.0 toifali ichki xotira hamda 9,6 Gbit/soniyagacha tezlikda ma’lumot almashishga qodir Wi-Fi 6 standartini qo‘llab-quvvatlashidir.

Xiaomi Mi 10’larning sovitish tizimi esa to‘qqizta harorat datchigini, issiqlikni haydash uchun olti qavat grafit va yuksak darajada issiqlik o‘tkazuvchi mis folga qatlamidan iborat naychani o‘z ichiga olgan.

Xiaomi Mi 10 korpusining qalinligi 8,96 millimetrga teng. Uning akkumulyatori 4780 mA/soatlik bo‘lib, 30 vattlik texnologiya bo‘yicha tezkor quvvatlana oladi.

Smartfon batareyasi 0 dan to 100 foizgacha to‘lishi uchun 65 daqiqa kifoya qiladi. Xiaomi Mi 10 boshqa gadjetlarni simsiz usulda 10 vattlik quvvat bilan zaryadlay oladi.

O‘QING: Xitoy regulyatorida Xiaomi’ning yana bir – Mi Mix Fold buklamafoni «qo‘lga tushdi»!

Xiaomi Mi 10 bosh kamerasi to‘rt modulni o‘z ichiga olgan:

  • 2 MPlik (f/2,4 diafragmali, boke effekti uchun);
  • 108 MPlik (f/1,69 diafragmali, optik barqarorlashtirish tizimli);
  • 2 MPlik (f/2,4 diafragmali, makros’yomka uchun);
  • 13 MPlik (f/2,4 diafragmali, ko‘rish burchagi 123 daraja).

Smartfonning old kamerasi soniyasiga 120 kadrlik sekinlashtirilgan video olishga qodir, bosh kamera esa 8K formatida video yozib ola biladi.

Xiaomi Mi 10 Pro bosh kamerasi esa yanada ilg‘or:

  • 108 MPlik (asosiy, f/1,69 diafragmali, optik barqarorlashtirish tizimli);
  • 12 MPlik (telefoto, f/2 diafragmali, 2 karralik optik zum);
  • 8 MPlik (telefoto, f/2 diafragmali, 5 karralik optik zum, optik barqarorlashtirish tizimli);
  • 20 MPlik (f/2,2 diafragmali, keng burchakli).

Xiaomi Mi 10 hamda Mi 10 Pro modellari Game Turbo 3.0 texnologiyasini qo‘llab-quvvatlovchi, Android 10 bazasidagi MIUI 11 grafik qobig‘i bilan ta’minlangan. Har ikkala flagmanda kontaktsiz to‘lovlar uchun NFC moduli mavjud.

Xiaomi Mi 10 Pro modelining standart flagmandan kuchli jihati – yanada baquvvat stereodinamiklar qo‘llangnidir. Uning akkumulyatori tok sig‘imi sal kamroq – 4500 mA/soatlik, ammo u naq 50 vattlik quvvat bilan tazkor zaryadlana oladi – batareyasi 50 daqiqadayoq to‘lib ulguradi! Smartfon jamlanmasiga esa 65 vattlik quvvatlagich kiritilgan bo‘lib, uning yordamida hatto noutbuklarni zaryadlash mumkin.

Narxi masalasiga kelsak, bu flagmanlar tezkor/ichki xotira hajmiga ko‘ra quyidagicha baholangan:

Xiaomi Mi 10, 8/128 GB – 573 dollar;

Xiaomi Mi 10, 8/256 GB – 615 dollar;

Xiaomi Mi 10, 12/256 GB – 673 dollar;

Xiaomi Mi 10 Pro, 8/256 GB – 716 dollar;

Xiaomi Mi 10 Pro, 12/256 GB – 787 dollar;

Xiaomi Mi 10 Pro, 12/512 GB – 859 dollar.

Kompaniya ushbu qurilmalarini 18 fevraldan sota boshlaydi; keyinroq ularning 5G-versiyalari ham chiqarilishi aytilgan.

O‘QING: Mi 10’larni qo‘yaturing, Xiaomi yana bir «bomba» smartfon tayyorlayapti! (+«jonli» rasmlar)

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!