Xiaomi Mi 10 turkumida 300 dollardan arzon 5G-smartfon chiqdi!

  •   DiMaX
  •  2749
  •  05.01.2021 17:20

Xiaomi Mi 10 turkumida 300 dollardan arzon 5G-smartfon chiqdi!

Xiaomi kompaniyasi «Mukammal o‘ntalik» (The Perfect 10) deya maqtalayotgan Mi 10i smartfonining namoyish kunini dekabrdayoq aytgan. Ungacha Geekbench servisida sinab ko‘rishganida, gadjetning ba’zi texnik jihatlari fosh bo‘lgan edi.

O‘QING: Xiaomi eng zo‘r va qimmat flagmanini tayyorladi, lekin bu Mi 11 ham, Mi 11 Pro ham emas!

Xiaomi Mi 10i 5G modeli Qualcomm kompaniyasining Snapdragon 750G protsessori asosida yaratilgan, ya’ni u beshinchi avlod uyali aloqa tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlaydi. Smartfonning boshqa innovatsion jihatlari qatorida 120 gerslik displeyi hamda 108 megapiksellik kvadrokamerasini aytib o‘tish mumkin.

Smartfoning IPS-ekrani diagonaliga 6,67 dyuymlik, tasvir aniqligi FHD+ formatida. Displeyning yorqinligi 450 kd/m2 bo‘lib, u kengaytirilgan HDR10 dinamik diapazonini qo‘llab-quvvatlaydi. Kadr yangilanishi 120 gerslik bo‘lsa, sensor qatlamining yangilanish chastotasi 240 gersga teng. Korpusning orqa paneli ham, ekrani ham Gorilla Glass 5 himoya shishasi bilan muhofaza etilgan.

Mi 10i 5G korpusining o‘lchamlari 165,4x76,8x9 millimetrni tashkil etsa, vazni 215 grammga teng. Xiaomi uni IP53 standartiga ko‘ra suv sachrashidan himoyalagan.

Bu modelni bemalol selfifon deb atash mumkin – garchi ekran tuynugidagi datchigi 16 megapiksellik bo‘lsa-da, imkoniyatlari zo‘r. Jumladan, unga tasvirni elektron barqarorlashtirish tizimi joriy etilgan; tag‘in selfi-kameraning o‘zida soniyasiga 30 kadrlik chastotada 1080p aniqlikdagi video, shuningdek, soniyasiga 120 kadrlik chastotada sekinlashtirilgan video olish mumkin.

O‘QING: Android-smartfonning old kamerasiga virtual fotochaqnoq qo‘shamiz

Xiaomi Mi 10i bosh kamerasida 108 megapiksellik Samsung ISOCELL HM2 datchigi qo‘llangan. Ikkinchi – keng burchakli modul 8 MPlik aniqlikda; kvadrokamera tarkibiga yana har biri 2 megapiksellik makros’yomka sensori va sahna chuqurligini aniqlash datchigi kirgan.

Smartfonda tezkor xotira sifatida 8 gigabaytgacha hajmli LPPDR4x turidagi, doimiy xotira tarzida esa 128 GBgacha hajmdagi UFS 2.2 toifali chiplar qo‘llangan. Unda ikkinchi SIM-karta o‘rniga microSD turidagi xotira kartasi qo‘yish imkoni ham mavjud.

Xiaomi Mi 10i 5G orqa panelidagi 11 ta issiqlik datchigi bor – ular ichki sovitish tizimi yordmida smartfonning haroratini muvozanatlashtirib turishda qo‘l keladi.

Kompaniya bu telefonini Android 10 operatsion tizim talqini asosida tayyorlangan MIUI 12 grafik qobig‘i bilan taqdim etgan. Akkumulyatorining tok sig‘imi 4820 mA/soatlik bo‘lib, 33 vattlik tezkor quvvat ola biladi.

O‘QING: Ushbu 22 xil Xiaomi, Redmi va Poco smartfonlariga MIUI 12.5 proshivkasini hoziroq o‘rnatishingiz mumkin!

Mi 10i 5G korpusida yana Wi-Fi 802.11ac, Bluetooth 5.1, GPS, NFC, USB-C va infraqizil portlari, shuningdek 3,5 mm.lik audiotirqish, korpusning yon qirrasida daktiloskop mavjud. Qurilmaning stereodinamiklari esa Hi-Res Audio tizimini qo‘llab-quvvatlaydi.

Xiaomi ushbu mahsulotini 8 yanvardan quyidagi narxlarda Hindistonda sota boshlaydi:

6/64 GBligi – 287 dollar;

6/128 GBligi – 300 dollar;

8/128 GBligi – 328 dollar.

Xiaomi Mi 10i modelining boshqa mamlakatlar bozorlariga chiqish vaqti haqida hozircha aniq ma’lumot yo‘q.

O‘QING: Xiaomi Mi 10T Lite 5G'ning to‘liq texnik jihatlari bilan tanishing

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!