Xiaomi Mi 10 Ultra’ning taqdimotda aytilmagan yana bir siri ochildi!

  •   DiMaX
  •  2493
  •  05.10.2020 12:28

Xiaomi Mi 10 Ultra’ning taqdimotda aytilmagan yana bir siri ochildi!

Joriy yilning 11 avgust kuni Xiaomi o‘zining o‘n yillik yubileyi tadbirida Mi 10 Ultra (xitoycha versiyada – Mi 10 Extreme Commemorative Edition) smartfoni namoyishini ham o‘tkazgan edi. Biz ushbu superflagmanining barcha qismlari olib ko‘rsatilgan rasmiy videosini hamda to‘liq texnik jihatlarini ham chiqarganmiz.

O‘QING: Xiaomi flagmanlarida yashirin bir funksiya bor...

Buni qarangki, «Xitoycha Apple» ushbu smartfonining barcha imkoniyatlarini aytmasdan, ayrimlarini keyinga saqlab turgan ekan. Shulardan birini Weibo ijtimoiy tarmog‘ida kompaniya xodimi Szen Syuechjun (Zeng Xuezhong) e’lon qildi.

Kompyuterlarda qo‘llanuvchi RAMDISK texnologiyasini bilsangiz kerak – bunda turli dasturlarni o‘rnatish uchun tezkor xotirada (qattiq diskda emas) virtual bo‘lim yaratish imkonini beradi. Smartfonlarda ham «operativka» hajmining ortishi bilan RAMDISK qo‘llash imkoni paydo bo‘ldi; Xiaomi esa bu texnologiyani birinchi bo‘lib ommaviy taqdim etdi.

Xiaomi Mi 10 Ultra modelida doimiy xotira sifatida UFS 3.1 standartidagi doimiy xotira hamda 16 gigabaytgacha hajmli LPDDR5 toifali tezkor xotira chiplari qo‘llangan. Szen Syuechjun so‘zlariga ko‘ra, LPDDR5 turidagi chiplar narigisidan taxminana 50 foizga tezkorroq bo‘lgani bois, bunday tezkor xotirada RAMDISK texnologiyasi asosida ochilgan virtual diskda o‘yin va ilovalar o‘ta tez o‘rnatiladi va ishlaydi. Buning ustiga, ular virtual diskka o‘rnatilgani bois, doimiy xotiradan joy egallamaydi.

O‘QING: Xiaomi Mi 10 Ultra’da yashirin kamera qanday ishlashini «jonli» videoda tomosha qilamiz!

Shu boisdan RAMDISK texnologiyasi bo‘yicha Mi 10 Ultra superflagmani tezkor xotirasida aynan sinab ko‘rish uchun o‘yinlarni o‘rnatgan ma’qul, deydi Xiaomi vakili. Agar o‘yin yoqsa, uni smartfonning doimiy xotirasiga o‘rnatish mumkin, yoqmay qolsa – «operativka»dan izsiz o‘chib ketaveradi.

Szen Syuechjunning ta’kidlashicha, RAMDISK texnologiyasini qo‘llab, smartfonning o‘zida mavjud bo‘lgan tezkor xotiraning 50 foizigacha hajmli virtual disk yaratish mumkin. Unga o‘yinni o‘rnatish opsiyasi esa Mi Game Center utilitasida ko‘zda tutilgan bo‘lib, «Tezkor o‘rnatish» deb nomlangan. Smartfonning o‘ziga 19 soniyada o‘rnatiladigan o‘yin RAMDISK virtual makonida atigi 10 soniyada o‘rnatilar ekan – salkam ikki karra tezkor!

Xabarga ko‘ra, ayni damda RAMDISK’ka o‘ndan oshiq o‘yinni o‘rnatib ko‘rish mumkin, lekin bu ro‘yxat kengayib boradi. Biroq superflagmandagi bu imkoniyat boshqa rusumlardagi Xiaomi, Redmi, Poco va Black Shark smartfonlariga ham taqdim etiladimi-yo‘qmi – bunisiga hozircha aniqlik kiritilmagan.

O‘QING: Kutilmagan xavf: Xiaomi smartfonlarida barmoq izi skanerini ham kamera qilib ishlatsa bo‘lar ekan! («jonli» video)

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!