Xiaomi Mi 6: kuchli flagman yarim narxida| Tavsif

Xiaomi Mi 6: kuchli flagman yarim narxida| Tavsif

Xiaomi smartfonlarini ko‘pchilik insonlarning qo‘lida ko‘rish – odatiy holga aylandi. Brend bilan anchadan buyon tanish bo‘lganlarda esa unga nisbatan hurmat shakllanib bo‘lgan. Kompaniyaning smartfon bozoridagi muvaffaqiyati Android operatsion tizimining samarali ishlab chiqilgan MIUI proshivkasi bilan boshlangan. Hozir esa asosiy e’tibor hamyonbop va sifatli smartfonlar ishlab chiqarishga qaratilgan.

Mi turkumi devayslari tobora smartfon bozorining ommabop flagmanlari qatoridan mustahkam o‘rin egallamoqda. Bu "omad hikoyasi"ning avvali Mi 5 bo‘ldi deyish mumkin. Bugun esa siz bilan turkumning so‘nggi vakili, Samsung Galaxy S8, LG G6 va Huawei P10 kabi taniqli "bayroqdor"larga qarshi maydonga tushgan Xiaomi Mi 6 flagmani bilan yaqindan tanishamiz.  

Qadoqni ochamiz 

An’anaviy oq rangli qadoqdan smartfon bilan birga, qo‘llanma, skrepka, kabel va Qualcomm Quick Charge 3.0 tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydigan quvvatlantirgichni, USB Type-C — 3.5mm perexodnigi, firmaning yupqa silikon g‘ilofi chiqadi. Musiqa tinglashga odatlangan bo‘lsangiz, hozircha perexodnikni o‘zingiz bilan olib yurishingizga to‘g‘ri keladi.

Mi 6 boshqaruv elementlari korpusda puxtalik bilan o‘rnatilgan. Korpus orqa panelida — bosh kameraning qo‘sh ob’yektivlari va fotochaqnoq, korpus o‘ng biqinida — o‘chirib-yoqish va ovozni boshqarish tugmalari, korpus quyisida — dinamik, mikrofon va USB Type-C porti, tomda — infra-qizil port va qo‘shimcha mikrofon, shuningdek korpusning chap qismida — 2 ta NanoSIM uchun bo‘lmacha mavjud.


Mi 6 old panelida o‘tkazib yuborilgan hodisalardan boxabar qiluvchi indikator, barmoq izlari skaneri o‘rnatilgan. Mi 5s kabi, skaner bosh tugmaga botiq shaklda, shisha ostiga joylashtirilgan. Mi 6 skanerining ishlashi aniq. Uning 2 yonida sensor klavishlar mavjud.

Dizayn va foydalanishga qulaylik 

Xiaomi so‘nggi arzon smartfonlari korpusini metalldan, flagman smartfonlarini esa metall va shishadan tayyorlamoqda. Mi 6 ham bundan mustasno emas. Xiaomi Mi 6 zanglamaydigan po‘lat korpusga ega. Korpusning old va orqa panellari qayrilma himoya shishasi bilan qoplangan.

Kompaniya bu gal shishadan unumli foydalangan: Galaxy S7 kabi uning qayrilma shakldagi old va orqa korpusi shishadan tayyorlangan va bu birikmani yaltiroq po‘lat metall zich ushlab turibdi. Displey, korpus va po‘lat rom mos tarzda uyg‘unlashib ketgan. Bu uyg‘unlikka erishish uchun Xiaomi shisha korpusni har to‘rt tomonini ham qayrilma shaklda ishlab chiqqan.  Chindan ham chiroyli shakl hosil bo‘lgan — korpus formasi suyri, ya’ni bir tekis silliq chiqqan. Shu boisdan ham, apparat kaftda mustahkam o‘rnashadi.

Mi 6 kaft uchun yaratilgandek — 5.15 dyuymli ekranga ega. U iPhone 7 va Huawei P10'dan yirik, shu bilan birga 5,5 dyuymli telefon apparatlaridan kichik. Shunday bo‘lsa ham, smartfon zalvorli — 168 gramm. Uning keramikadan va kumushdan tayyorlangan korpus talqini yanada og‘ir — 182 gramm.

Mi 6 bozorda qora, ko‘k va oq rangli korpusda chiqarilmoqda. Mi 6 dizayni taassurotli va korpus foydalanishga qulay. Mi 5 va Mi 5s kabi, korpusdagi qirralar kaftga malol kelmaydi. Undagi klavishlar hajmi o‘rtacha, ammo Xiaomi'ning avvalgi smartfonlarini foydalanib ko‘rganlar nazdida "kichik".

Mi 6 dizaynida Samsung Galaxy S8 bilan umumiy o‘xshashlikni ko‘rish mumkin bo‘lsa ham, old panel an’anaviy usulda tayyorlangan — displey romi mavjud va ekran old panelda juda katta maydonni egallamagan.

Dizayndagi yana bir bahsli yechim — an’anaviy 3,5 mm.li audio-quloqchindan voz kechilgani. Kompaniya korpus ichida ko‘proq joy qolishi va korpusni changdan himoyalash uchun shunday qaror qabul qilganini aytsa, kimdir kompaniya bu orqali flagmanini iPhone 7'ga tenglashtirganini aytadi. 

Ekran

Flagman 5,15 dyuymli IPS ekranga ega bo‘lgan. Uning piksellar sig‘imi – Full HD (1920 x 1080). Kompaniya hozircha bu flagman displeyiga qaysi turdagi himoya shishasi yotqizilganiga aniqlik kiritmagan. Biroq, 2,5D effektiga ega bu shisha qayrilma shaklda va unga yog‘-dog‘ga qarshi sifatli qoplama yotqizilgan.

Shaxsiy taassurotlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, smartfondagi displey sifatiga gap bo‘lishi mumkin emas. Oddiy rejimda yorug‘lik 1 dan 511 kd/m² darajagacha o‘zgaradi. sRGB rang makonida rang qamrovi yuqori, rang harorati normasidan bir oz past bo‘lgani bois, ba’zi suratlar bilinar-bilinmas sarg‘iz yoki pushti tusda aks etishi mumkin. Lekin, sozlamalar orqali bu kamchiliklarga barham berish mumkin.  Ekranning NTSC rang makonidagi ranglar qamrovi 94,4 foizni tashkil qiladi.

Ekranning 600 nit yorug‘lik ishlab chiqarishi undan ochiq kund faol foydalanish, tunda esa yorug‘lik miqdorini kamaytirish rejimidan foydalanish, ekrandagi ko‘k nur miqdorini kamaytirish imkonini beradi.

Displeyda rang to‘yingan aks etadi. Bu smartfonda ham "mutolaa" rejimi mavjud. Xulosa qilib aytganda, Mi 6 ilg‘or IPS displeyga ega bo‘lgan.

Apparat va dasturiy ta’minot platformasi

Xiaomi flagmanining eng katta o‘ziga xosligi — unda yangi va kuchli Qualcomm Snapdragon 835 platformasidan foydalanilgani bo‘ldi. Bu smartfon mazkur chipga ega jahondagi ilk smartfonlardan biri bo‘ldi.

Samsung Galaxy S8 hamda Sony XZ Xperia Premium’dan so‘ng Mi 6 ham 2.45 gigagers chastotata tezligida ishlaydigan Snapdragon 835 protsessori, Adreno 540 grafik-tasvirni qayta ishlashga mas’ul video-karta bilan ta’minlandi.

Ishlab chiqaruvchining ma’lum qilishicha, Xiaomi Mi 6 ma’lumotlarni 10 nanometrli texnologiya asosida qayta ishlashga mo‘ljallangan jahondagi ilk tijorat mobil protsessoriga ega. Natijada, smartfon o‘zining shu chipga ega boshqa raqiblariga qaraganda 35% kamroq yeydi va quvvat tejash samaradorligi 25% yuqori.

Qolaversa, yana bir o‘ziga xos jihat — flagmanda X16 LTE mobil aloqa modemi o‘rnatilgan bo‘lib, uning yordamida sekundiga 1 Gbit.gacha ma’lumotni yuklash mumkin.

Xiaomi Mi 6 gadjetidagi Adreno 540 yordamchi grafik-tasvir protsessorining ishlash samaradorligi 25% yuqori va quvvatni 45% kamroq iste’mol qiladi.

Xiaomi Mi6 flagmani Samsung Galaxy S8’dan so‘ng Bluetooth 5.0 moduliga ega jahondagi 2-smartfon.

Kompaniya "operativka" masalasida ziqnalik qilmadi va gadjetga birato‘la 6 gigabaytli (LPDDR4!) tezkor xotira o‘rnatdi. Doimiy xotira esa 64 yoki 128 GB. MicroSD bo‘lmachasi esa an’anaga muvofiq – yo‘q!

Boshqa modullar standart: NFC, IrDA, GPS, Wi-Fi 802.11 ac, sensor va datchiklar. Snapdragon 835 bois telefon Bluetooth 5.0 standartiga ega bo‘lgan. Bu esa uni bir vaqtning o‘zida 2 ta audio-karnayga yoki quloqchinlarga simsiz ulash imkonini beradi.


Mi 6 o‘ta tezkor ishlashi bilan foydalanuvchini qoyil qoldiradi.  Benchmarkda ham bu smartfon hozircha eng ilg‘or gadjetlar reytingida yuqori o‘rinlarda turadi. Xiaomi Mi 6 Android 7.1.1'ning xalqaro MIUI 8.2.0.2 (NCAMIEC) proshivkasida ishlaydi.

Xiaomi kompaniyasi 26 iyulda yangi avlod MIUI 9 mobil platformasini taqdim qildi. Mi 6 bu tizimda ishlaydigan ilk smartfonlar sirasiga kiradi. Kutilganidek, yangi MIUI 9 proshivkasi Android Nougat 7.0'ning o‘zlashtirilgan talqini bo‘ldi. Xiaomi yangi tizim ustida sezilarli ter to‘kkan. Ma’lumot oqimini rejalashtirish va protsessordagi yuklab olishlarni "aqlli taqsimlash" mexanizmining optimallashuvi natijasida bu tizim smartfonga yanada tezkor ishlash imkonini beradi. 

MIUI'ning yangi avlodi xotirani avtomatik ravishda tozalaydi va keshni boshqaradi, fragmentatsiyaga qarshi real vaqt rejimida kurashadi, shuningdek unda axborotni himoyalash, simsiz ulanish texnologiyasi mustahkamlangan.Akkumulyator va quvvat 

3350 mA soatli akkumulyator smartfondan bir ish kuni mobaynida, aniqrog‘i 10 soat faol, o‘rtacha esa 24 soat mobaynida foydalanish imkonini beradi. Boisi, nafaqat apparat ta’minot platformasi, shuningdek MIUI operatsion tizimidagi dasturiy ta’minot tizimi ham smartfonning quvvatini tejashiga yordam beradi. Yuqoridagi jadvalga asosan, Xiaomi Mi 6’ni yirik quvvat toshiga ega flagman deyish mumkin.

Yaxshi tomoni – smartfon QC3.0 tezkor quvvatlash texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi.

Smartfon to‘liq quvvat olishi uchun 1:40 soat kerak bo‘ladi. 40 minut ichida esa gadjet quvvati 50% ga to‘ladi.

Shunday ekan, quvvatdan tashvish tortmasa ham bo‘ladi. 

Kamera 

Yangi smartfon qo‘sh modulli bosh kameraga ega — 12 Mp keng burchakli hamda 12 Mp «telefoto» linzali modullar. Bosh kamera iPhone 7 Plus’ning jihatlariga ega. Bu modullar manzarani professional effektlar bilan muhrlash imkonini beradi.

Ilk modul (Sony IMX 386) — 27 mm, diafragma hajmi – f/1.8, 4 o‘qli optik barqarorlashtirish tizimiga ega. Ikkinchi modul (Samsung S5K3M3) — 52 mm, diafragma hajmi – f/2.6. Bosh kamerada maxsus portret rejimi mavjud. Bu rejimda orqa fonni g‘ira-shira qilib yaxshi portret olish mumkin. Xiaomi kamera texnologiyasini avvallari Huawei P9'dan olgan bo‘lsa, bu gal iPhone 7 Plus tajribasini puxta o‘zlashtirgan.

Kamera 2 karralik optik hamda 10 marotabalik raqamli yaqinlashtirish funksiyalariga ega. Kamerada suratni to‘rt o‘qli tizim asosida barqarorlashtiruvchi maxsus ilg‘or texnologiya ham tatbiq qilingan. Flagmanda 8 megapikselli old kamera mavjud.

12 megapikselli telefoto-ob’yektiv sifatni yo‘qotmasdan turib manzarani 2 karra yaqinlashtirib suratga olish va yon tomon effektlariga ega portret rejimida suratga olish imkonini beradi.

Bosh kamera tasvirni o‘ta yuqori bo‘lgan 4K formatda yozib oladi. Xiaomi Mi 6 korpusning quyi va tom qismida qo‘sh, ya’ni stereo dinamiklarga ega.

Old kamera uchun 8 Mp (Sony IMX 268) sig‘imli modul tanlangan. Uning selfi olishi — sifatli.

Quyida flagman kamerasida olingan quratlarga baho bering.

Multimedia

Qayd etganimizdek, Mi 6 smartfoni iPhone 7 Plus'dan so‘ng 3,5 mm.li audio-tuynukdan voz kechgan navbatdagi devays bo‘ldi. Korpus quyisidagi port orqali audio-quloqchin orqali ham musifani tinglash mumkin.

Ovozning uzatilish sifati – toza va detallarga boy, ovoz zahira manbaasiga boy.

Shuningdek, dinamiklar faoliyati ham yaxshi. Video ko‘rganda va boshqa sharoitda korpus quyisidagi bosh spiker va yuqoridagi suhbat dinamigi ishga tushadi. Natijada, stereoeffekt muhiti yuzaga keladi.

Narx-navo 
Smartfonning 6 GB tezkor hamda 64 GB doimiy xotira talqini $363 (2499 Yuan), 6 GB tezkor va 128 GBdoimiy talqini — $421 (2899 Yuan), hamda 6 GB / 128 GB xotirali maxsus «keramika» talqini $435 (2999 Yuan) AQSh dollaridan sotuvga chiqariladi.

Iyul oyi holatida “Malika” savdo majmuasida Mi 6’ning 64 gigabaytli doimiy xotiraga ega talqini 500 AQSh dollaridan sotilmoqda. Internet savdo platformalarida esa bu talqin 4.5 mln so‘mgacha sotilmoqda.

Xulosa 

Xiaomi Mi 6 – kuchli smartfon. Mi 5 va Mi 5s'dan farqli ravishda, kompaniya bu gadjetning dizaynini yangilab, nisbatan jozibador qilgan. Brendning birinchilardan bo‘lib flagmaniga eng kuchli chipni tatbiq qilgani -- o‘ziga bo‘lgan ishonchdan darak. Uning Apple, Huawei va Samsung flagmanlaridan qolishadigan jihati yo‘q. Shu bilan birga, ularning yarim bahosida sotuvga chiqarilgan.

Shu bilan birga, uning "nozik" nuqtasi bo‘lgan MIUI tizimi bilan bog‘liq kamchiliklar bor. Biroq, avgustda e’lon qilinadigan MIUI 9 bu kamchiliklarni bartaraf qilishiga ko‘pchilik ishonmoqda.

Xulosa

Qaerdan sotib olish mumkin?

asaxiy.uz 4.5 млн сўм Sotib olish

 Afzalligi

 Kamchiligi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.