Xiaomi Mi 8 Lite taqdim etildi: 204 dollarga flagman dizaynli o‘rtacha smartfon!

  •   DiMaX
  •  10041
  •  20.09.2018 09:36

Xiaomi Mi 8 Lite taqdim etildi: 204 dollarga flagman dizaynli o‘rtacha smartfon!

Ko‘pdan beri insayderlik xabarlarida Mi 8 Youth Edition deb kelinayotgan smartfonni Xiaomi kompaniyasi 19 sentyabrda taqdim etdi. Faqat bu model bozorga Mi 8 Lite nomi bilan chiqarilmoqda.

O‘QING: Xiaomi rahbari «jonli» ko‘rsatdi: Mi 8 Youth emas, Mi 8 Lite ekan, u allaqachon sotuvga qo‘yilgan!

Xiaomi Mi 8 Lite diagonaliga 6.26 dyuymlik ekranga ega, ammo bu Mi 8 flagmanlaridagi singari AMOLED-panel emas. Displeyning tasvir aniqligi Full HD+ formatida – 2280x1080 pikselli. Ekranning tepa qismidagi «o‘yiq» kichikroq, chunki kompaniya u yerga infraqizil kamera o‘rnatmagan.

Qurilmaning «elektron yuragi» avvalgi xabarlarda aytilganidek Snapdragon 710 emas, balki sal kamtarona – maksimal 2.2 GGs chastotali, 8 yadroli Snapdragon 660 chipi bo‘lib chiqdi. Mi 8 Lite tezkor xotirasi 4 va 6, doimiy xotirasi esa 64 hamda 128 gigabay hajmli bo‘ladi, ularga qo‘shimcha xotira kartasi qo‘yilmaydi.

Smartfonning asosiy kamerasi qo‘shaloq bo‘lsa-da, gorizontal joylashuviga ko‘ra ham, datchiklari bilan ham standart Mi 8 flagmanidan oddiyroq. Uning asosiy moduli – 12 megapikselli Sony IMX363 sensori f/1.9 aperturaga ega. Unga yordamchi ob’yektiv esa 5 megapiksellidir.

Ammo old kamera «xitoycha Apple»ning flagmanidagidan ham yaxshilangan – 20 emas, balki 24 megapikselli Sony IMX576 datchigi. Taqdimot marosimida selfini yaxshilash imkoniyatlarini taqdim etuvchi sozlamalar haqida kompaniya xodimlari ko‘p gapirishgan, jumladan, unda makiyaj effekti ham bor. Xiaomi Mi 8 Lite old kamerasi orqali egasini yuzidan tanib tizimni qulfdan chiqarish xususiyatiga ega. Bundan tashqari, korpusining orqa panelida barmoq izi skaneri ham joylangan.

Qalinligi 7.5 millimetrlik korpus har ikki tomonidan 2.5D himoya shishasi bilan qoplangan. Mi 8 Lite jilokor (gradiyent) to‘q kulrang, pushti-tillarang va moviy-binafsharang tusli korpuslarda ishlab chiqariladi.

Akkumulyator tok sig‘imi 3350 mA/soat bo‘lib, Quick Charge 3.0 tezkor quvvatlash texnologiyasiga ega. Devays ikki diapazonli Wi-Fi adapteri hamda Bluetooth 5.0 moduli bilan ta’minlangan. Quloqchin ulanuvchi standart 3.5 millimetrlik port yo‘q, jamlanma qutisida USB Type-C portidan mini-djekka o‘tkazuvchi perexodnik solingan. Bu smartfonda NFC hamda infraqizil port ham ko‘zda tutilmagan.

Ushbu modelning boshlang‘ich – 4/64 GB hajmli talqini faqat kul rang korpusda, 204 AQSh dollari narxida bozorga chiqariladi. Tezkor/ichki xotirasi 6/64 gigabaytlik o‘rtacha talqini salkam 250 dollarga to‘g‘ri kelsa, 6/128 gigabaytlik yuqori talqini 292 dollar turadi.

Xiaomi Mi 8 Lite mahalliy bozorga 25 sentyabrdan chiqariladi, uning global savdoga taqdim etilishi hozircha noma’lum. Biroq kompaniyaning aksariyat smartfonlari, shu shumladan «Tezkorlik ustasi» deya tavsiflanuvchi arzon flagmani – Pocophone F1 ham O‘zbekistonda rasmiy kafolat bilan sotilmoqda.

O‘QING: Terashop.uz’dagi 1 500 000 so‘mgacha narxli Xiaomi smartfonlari (2018 yil 19 sentyabr) – xaridingiz O‘zbekiston bo‘ylab bepul eltib beriladi!