Xiaomi Mi Band 2: 25 dollar sog‘ligingizdan o‘rgilsin!

Xiaomi Mi Band 2: 25 dollar sog‘ligingizdan o‘rgilsin!

Fitnes-brasletlar bozoridagi muvaffaqiyatli voqealardan biri Xiaomi Mi Band 2 trekeri bo‘ldi, deyish mumkin. Xitoylik keng tarmoqli ishlab chiqaruvchining mazkur gadjeti boshqa raqiblari qilgan ishlarni bajarsa ham, ulardan ustun biror jihati bo‘lmasa ham, ko‘pchilikning diqqatini torta oldi. Sababi salomatlikni nazorat qilishga ko‘maklashuvchi ushbu braslet bor-yo‘g‘i 13 AQSh dollaridan sotuvga chiqarildi.

Yangi Mi Band ekrani, tugmasi hamda yiriklashgan akkumulyatori, shuningdek xatti-harakatni tushunish funksiyasiga egaligi bilan ajralib turadi.

O‘z vazifalarini sidqidildan ado etuvchi Xiaomi Mi Band 2 avvaliga Xitoyda talash bo‘lib sotildi. Uni oldindan xarid qilish uchun navbatga tizilganlarning keti uzilmas edi. Ko‘p o‘tmay xalqaro bozorda ham uning xaridorlari soni ko‘payib ketdi. U o‘z raqiblaridan 2-3 barobargacha arzon.

Birinchi avlod Mi Band soati jahonning eng yaxshi sotilgan fitnes trekeri degan nomni zabt etgani kompaniyani ilhomlantirdi. Mi Band muvaffaqiyatidan so‘ng Xiaomi zudlik bilan uning «merosxo‘ri»ni tayyorladi — Mi Band 1S Pulse (nomidan ham bilish mumkin — unda yurak ritmini aniqlaydigan datchik mavjud).

Shundan so‘ng yanada takomillashgan talqin tayyorlandi — Mi Band 2. Bu model nafaqat qo‘shimcha datchigi, balki yangicha korpus dizayni va mini-ekrani bilan ham ajralib turadi. Ekranda vaqt, puls, qadamlar soni hamda sarf qilingan kaloriya miqdori aks etadi.

Narx dastlab $23 dollarga belgilangan bo‘lsa, keyinchalik yanada arzonlashdi. Bu narxga elektron braslet xarid qilish ko‘pchilikning xayoliga ham kelmas edi.

Quyida Mi Band 2 fitnes-soatining o‘ziga xosliklariga batafsil to‘xtalamiz.

Dastlab uning texnik jihatlariga diqqatni qaratsak:

Ekran: OLED, monoxrom (oq va qora), 0,4″ (taxminan 10×6 mm) dyuymli, sensor emas;

Korpus: kapsula shaklidagi korpus polikarbonat-plastik, IP67 standarti bo‘yicha suv hamda changdan himoya qilingan;

Bandi: ajraladigan, silikon xomashyosidan tayyorlangan, qora;

Mos kelishi: Android 4.4 / iOS 7.0 va bulardan keyingi mobil tizimlarda ishlaydigan devayslarda ishlaydi;

Ulanishi: Bluetooth 4.0 LE orqali;

Datchiklari: akselerometr, qadam o‘lchagich, yurak ritmini o‘lchaydigan datchik;

Kamera, internet: yo‘q;

Mikrofon, dinamik: yo‘q;

Indikatsiya: ekran, vibro-signal;

Akkumulyator: 70 mA·soat

Vazni: 14 gramm.

Qadoqni ochamiz ...

Raqiblar bilan solishtirib ko‘rganda, jihatlariga ko‘ra Xiaomi brasleti Sony SmartBand 2 modeliga o‘xshab ketadi. Ularning yurak urishini tekshiradigan datchilkrai bir oz farqli ishlaydi: Xiaomi brasletida bu datchik bilan bog‘liq qo‘shimcha funksiyalar yo‘q. Shu bilan birga, rasmiy bahoni ko‘radigan bo‘lsak, Xiaomi brasleti raqibidan deyarli 4 barobar arzonga baholangan. 

Xiaomi Mi Band 2 qadog‘i "ajdodi"ning qadog‘idan farq qilmady. Kvadrat o‘lchamli karton quti juda ixcham va olib yurish, saqlash uchun qulay shaklda.

Qadoq ichida brasletning korpusi, remeshogi, kalta va bir tomoni USB-kabel bo‘lgan quvvatlash qurilmasi, Xitoy tilidagi qo‘llanmani ko‘rishimiz mumkin.

Ilk modelning qadog‘i ham xuddi shunday. Bu gal quvvatlash qurilmasining kalta ekaniga ko‘ra, ishlab chiqaruvchi har tomondan iqtisod qilish orqali tannarxni arzonlashtirishga urinmoqda.

Dizayn

Braslet konstruksiya umumiy jihatdan avvalgisi kabi saqlab qolingan, ya’ni kapsulasimon ko‘rinishda. Qurilma ikki qismdan iborat: elektronikali (cho‘zinchoq-oval shaklda) blok hamda silikonli band qismlaridan iborat. Asosiy blok remeshok markazidagi o‘ringa kirgiziladi. Uni oson o‘rnatish mumkin va u mustahkam o‘rnashadi. Remeshok termoplastik silikondan tayyorlangan.

Shu bilan birga, avvalgi talqin bilan solishtirganda elektronika bloki dizaynida qisman jiddiy o‘zgarishlar bor: svetodiodli alyuminiy yuza o‘rnini shisha xomashyosi egallagan. Unda esa jajji ekran hamda halqa ko‘rinishidagi sensorli hudud mavjud. Bu hududni har gal barmoq bilan bosganda ekrandagi ma’lumotlar o‘zaro o‘rin almashadi.

Bosh blokning orqa qismi, ya’ni qo‘lga yopishib turadigan qismi plastikdan tayyorlangan. Orqa tomon yassi shaklda va taqqanda remeshok uni mustahkam ushlab turadi.

Aynan ana shu qismda yurak urishini nazorat qiluvchi datchik o‘rnatilgan. Uning shakli boshqa trekerlardagi puls o‘lchagich sensorlardan ixchamroq. Misol uchun, Garmin vivosmart HR, Apple Watch yoki Mio Fuse kabi devayslardagi sensorlardan.

Qurilmaning yon tomonida ikkita kontakt nuqtasini ko‘ramiz — ular yordamida Mi Band 2 quvvat oladi. Gadjetni quvvatlash uchun uni belanchak shaklidagi quvvatlagich ichiga joylash kerak bo‘ladi.

Braslet bandi standart va qora rangli pishiq silikondan tayyorlangan. Dumaloq shakldagi teshikchalar ko‘p va ular bandning qo‘lga yaxshi joylashishini ta’minlaydilar. Ya’ni, braslet yosh va qarining bilagiga birdek mos keladi.

Xiaomi ishlab chiqargan boshqa fitnes-brasletlardan uning farqi OLED-ekrani hamda sensorli tugmasidir. Yangi model kattaroq hamda vazni ham og‘irroq.

Umuman olganda, Xiaomi Mi Band 2 xitoylik boshqa arzon elektron brasletlarni eslatib yuboradi. Alyuminiy korpus esa uning o‘ziga xosligi.

Agar foydalangan bo‘lsangiz, Mi Band brasletining ilk versiyasi iPhone bilan juda yaxshi ishlagan bo‘lsa, Mi Fit ilovasining Android talqini ko‘pchilikni xafa qilgan. Xiaomi so‘nggi yillarda dasturiy ta’minotga alohida e’tibor qaratib, Mi Fit ilovasining ham Android, ham iOS qurilmalar uchun talqinlarini takomillashtirmoqda.

Foydalanish va vazifalar

Brasletdan foydalanish siz Mi brendining akkauntiga ega bo‘lishingiz kerak. Buning uchun mobil telefonning raqami zarur. Unga Xitoy tilida SMS taqdim qilinadi. Gadjet ishlashi uchun –20 dan +70 °C darajagacha bo‘lgan harorat kerak bo‘ladi.

Akkaunt ochishingiz bilan, o‘zingiz haqidagi asosiy ma’lumotlarni kiritasiz (jins, bo‘y, vazn) hamda bosib o‘tishingiz kerak bo‘lgan kunlik qadamlar yoki sarf qilinishi lozim kaloriya miqdorini kiritib qo‘yasiz.

Shundan so‘ng braslet "proshivka"si, ya’ni dasturiy ta’minot tizimi avtomatik tarzda yangilanadi. Shundan so‘ng Status deb nom olgan bosh ekranni ko‘rasiz. Yirik doira shaklida bizga bosib o‘tilgan qadamlar,  mayda-mayda qilib masofa va sarf qilingan kaloriya, uyqu, vazn (braslet vaznni o‘lchamasa ham uni ko‘rsatishi qiziq), puls va natijalar haqida ma’lumot beriladi.

Keyingi ekran — Play — ogohlantirish va signallar uchun sozlamalar. Bu yerda braslet vibratsiyasini kirish qo‘ng‘iroqlari yordamida yoqib qo‘yish mumkin.

Shu bilan birga, bu ekranda budilnikni belgilash mumkin (faqat belgilangan vaqt, "aqlli" budilnik afsuski yo‘q). Agar foydalanuvchi uzoq vaqt harakat qilmay qolsa, uni bu to‘g‘rida ogohlantirish tizimi ham ishlab chiqilgan.

Shuningdek, brasletga sizni yangi SMS va xatdardan, maqsad va natijalardan xabardor qilish vazifasini ham yuklash mumkin.

Qolaversa, sozlamalar orqali uchinchi tomon ilovalariga tegishli ogohlantirishlarni ham olish mumkin. Misol uchun, Mi Talk, WeChat, Facebook, Twitter, WhatsApp va Snapchat kabi ilovalarning. Bu ilovalardan ham sizga biror xabar kelsa, braslet titrab boxabar qiladi.

Baxtga qarshi, ilovalar hozircha Xitoy yoki ingliz tillarida va boshqa hududlarga muvofiqlashtirilmagan.

Uchinchi ekran Profile deb nom olgan. Bu yerda profilingizni tahrir qilishingiz mumkin (vazn, maqsad), shu bilan birga, o‘lchov birliklarini ham o‘zgartirish mumkin.

Heart rate sleep assistant funksiyasi yurak urishini yanada aniqroq o‘lchaydi, xususan uyqu vaqtidagi holatni ham nazorat qiladi.

Mi Band Display Settings esa ekranda qaysi axborotlar chiqib turishini belgilab beradi.

Shu bilan birga, sozlamalar orqali brasletni qaysi qo‘lingizga taqishni ma’qul ko‘rishingizni ham belgilab qo‘yishingiz mumkin. Bu yerda qo‘lni ko‘targanda ekranda qanday ma’lumot berishni ham belgilash mumkin. Qolaversa, ilovada brasletni topish funksiyasi bo‘lib, uni bossangiz, devays titraydi.

Muhim tavsiya: u bilan basseynga tushish tavsiya qilinmaydi, ammo dushga kirish mumkin.

Ekran va yurak pulsini o‘lchash

Ilk modelda mavjud bo‘lmagan ikki jihatga to‘xtalish kerak: ekran va puls o‘lchovi. Yangi talqindagi ekran g‘oyatda jozibador, uning bosh maqsadi — raqam va belgilarni namoyish qilish. Ya’ni, biror bir mukammal yoki rangli tasvir aks etmaydi.

Siz sensor hududga tegishingiz yoki qo‘lingizni tepaga ko‘tarishingiz (sozlamalarda bu funksiyani yoqqan bo‘lsangiz) bilan ekran ishga tushadi. Kunduzgi sharoitda ham raqam va belgilar yaxshi aks etadi. Faqat quyosh nurlari ostida ekranni soya joyga tutshiga to‘g‘ri keladi.

Pulsni o‘lcham vazifasi esa boshqa devayslardan bir oz farqli: devays avtomatik tarzda yurak urishini o‘lchamaydi. Buni sozlamalar orqali bartaraf qilish mumkin. Faqat bunda natijalar saqlab qolinmaydi.

Shu bilan birga, brasletda pulsni dinamik o‘lchash vazifasi ham yo‘q. Misol uchun, sport bilan shug‘ullanish chog‘ida siz puls o‘zgarishlarini ko‘ra olmaysiz. Buni ko‘rish uchun esa ekranga zarur piktogrammani qo‘yish yoki yurak o‘lchovini o‘lchaydigan ilovagi ishga tushirish kerak bo‘ladi. Natijalar esa Mi Fit yoki Apple Health (iPhone qurilmasida Mi Fit ilovasi Apple Health ma’lumotlarini qayd eta olsa) resurslarida aks etadi.

Akkumulyator va o‘ziga xosliklari

Gadjetdagi litiy-polimerli akkumulyatorning tok sig‘imi 70 mA· soat. Ishlab chiqaruvchining fikricha, to‘liq quvvat Xiaomi Mi Band 2 devaysiga 20 kungacha yetishi mumkin. Bu dalil ishonarli emas. Ehtimol, juda kam foydalanilsa, yetar.

Muhim jihatni qayd etish kerak, bugungi kunda devaysning ko‘plab soxta talqinlari ham sotilmoqda. Bunday soxta modellar bir marta quvvat olib, bor-yo‘g‘i bir hafta ishalydi.

Heart rate sleep assistant funksiyasi yoqiladigan bo‘lsa, to‘liq quvvatning 20 kunga yetmasligi aniq. Smartfon bilan ma’lumot almashuv oshsa, ekranga ko‘p murojaat qilsangiz, unda quvvat ham ko‘p ketadi.

Heart rate sleep assistant funksiyasidan foydalanganda va umuman brasletdan unumli foydalanganda, batareya kuniga 10% quvvatni tamom qiladi. Ya’ni, to‘liq quvvat 10 kunga yetadi.

Shu jihatdan Xiaomi Mi Band 2 to‘liq quvvat bilan uzoq vaqt xizmat qiladigan brasletlar qatoridan o‘rin egallaydi.

U sig‘imdor akkumulyatorga ega bo‘lgan bo‘lsa ham, funksiyalarga boyligi va faoliyati puliga yarasha: puls avtomatik o‘lchanmaydi, ekrancha sodda.

Braslet budilnigi faqat belgilangan vaqtda ishlaydi. Bu yerda aqlli tizim joriy qilinmagan.

Gadjet uyqu vaqtida foydalanuvchidan ko‘z-quloq bo‘ladi. Buning uchun unga uyquga ketayotganingizni aytish shart emas. Braslet buni o‘zi aniqlaydi. Puls o‘lchovchi sensor uyqu vaqtidagi odamni va faol odamni oson ajratadi. 

Braslet biror nimada adashayotgan bo‘lsa, unda Edit tugmasi orqali ma’lumotlarni sozlash mumkin. History esa sizga ma’lumotlar statistikasini taqdim etadi.

Originalini soxtasidan qanday farqlash mumkin?

  1. Mi Band originalidagi bandning orqa tomonida model nomi va ID tushirilgan bo‘ladi.

  1. Soxta mahsulotdagi puls o‘lchaydigan datchikda 3 ta dumaloq svetodiodlar bo‘ladi. Originalida esa beshta. Yon tomonda 4 ta va markazda bitta svetodiod.

  1. Termo-plastik bandga e’tibor bering: silikon bu band qora va elastik bo‘lsin. Soxta braslet rangi bir oz xira va qayishqoqligi shubhali bo‘ladi.

  1. Quvvatlash kabeli originalda remeshok tayyorlangan xomashyodan ishlangan. Quvvatlash "belanchagi"da «MI» degan yorliq tushirilgan bo‘lishi kerak.

  1. Mi band kapsulasida, shuningdek «MI» emblemasi bo‘ladi.

  1. Soxta Mi Band brasleti Mi Fit ilovasiga muvofiq kelmaydi!

 

Xulosa

$13 dollarlik Xiaomi Mi Band brasleti fitnes gadjetlar bozorini yanada jonlantirdi. Ishlab chiqaruvchi narxga bir-ikki so‘m qo‘shish evaziga ham vazifalar sonini oshirsa, a’lo ish bo‘lar edi. 

Biroq 10 dollarga yurak pulsini o‘lchaydigan datchikning o‘zini xarid qilish ham quvonarli.

Xiaomi Mi Band 2 ko‘rinishidan ommabop va o‘ziga xosligi yo‘q. Mi Band foydalanuvchilari qurilmaga ekran kerakligini qayd etishlari bilan, Xiaomi muhandislari ularning bu istaklarini amalga oshirdilar. Yangi Mi Band — fitnes-gadjetning o‘zi bo‘ldi.

Xiaomi Mi Band 2 muxlislar xohish-irodasining mevasi va uzoq kutilgan gadjet. Devays sizga salomatligingiz ustidan nazorat o‘rnatishingizga yordam beradi. Ayni paytda uni "Malika"dan 25 dollarga xarid qilish mumkin. Sog‘-salomat bo‘lsangiz, bu pul topiladi. Shunday ekan, shu pul sizdan o‘rgilsin.

Xulosa

Qaerdan sotib olish mumkin?

Terashop.uz 199 000 so‘m Sotib olish

 Afzalligi

 Kamchiligi

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!