Xiaomi Mi Max: hamyonbop narxdagi ulkan smartfon

Xiaomi Mi Max: hamyonbop narxdagi ulkan smartfon

2011 yilda Samsung kompaniyasi taqdim etgan Galaxy Note turkumidagi ilk “ulkan”, 5.3 dyuymli smartfon ko‘pchilikning ko‘zga televizor bo‘lib ko‘ringan bo‘lsa ajab emas. Ammo bugunga kelib yirik ekranli “aqlli kurilma”lar ko‘pchilikning hayratini qo‘zg‘amay qo‘ygan.

Quyida biz sizga 6.44 dyuymli ekranga ega mobil aloqa vositasi to‘g‘risida ma’lumot bermoqchimiz. Ha, yirik displeyli Xiaomi Mi Max metall smartfoni ko‘plab innovatsiya va imkoniyatlarni va’da qilmoqda.

Taqdim etilgan vaqti: 2016 yil, May

Ishlab chiqaruvchi: Xiaomi Inc. (Xitoy Xalq Respublikasi)

Xiaomi Mi Max: bag‘ri keng smartfon

Xiaomi Mi Max – ekran diagonali 6,44 dyuym bo‘lgan juda katta gadjet. Uning yonida hattoki 5,2 dyuymli Mi5 flagmani ham o‘yinchoqqa o‘xshab ko‘rinadi. Uni kaftga qo‘yib, yagona qo‘lda boshqarish mumkin emas. Ammo gadjetda “yagona qo‘lda boshqarish” funksiyasi mavjud.

Dizayn

Metall korpusning old paneli marketologlar tilida aytganda 2,5D turidagi bo‘rtma shisha tatbiq etilgan displeydan iborat. Kunora qulog‘imizga “2,5D shisha” degan zamonaviy atama chalinib qoladi. Bu tushuncha ekran shishasining shakliga nisbatan ishlatiladi. Misol uchun, egik yoki qayrilma sohilga ega ekranli telefonlarda 3D turidagi shishadan foydalaniladi. Bular qatoriga LG G Flex 2, Galaxy S6 Edge smartfonlarini kiritish mumkin.

Xiaomi Mi Max korpusining yon tomonlari va orqa paneli metalldan tayyorlangan. Orqa panelning simsiz signallarni qabul qiladigan qismiga plastik uloq yotqizilgan.

Korpusning yon tomonidan yoqish/blokirovka qilish hamda ovozni boshqarish tugmalari joy olgan. Orqa panelda barmqo izlari skaneri datchigini ko‘rish mumkin. Barmoq izlari skaneri aniq va tezkor ishlashi bo‘yicha foydalanuvchilarning e’tirofiga sazovor bo‘lgan. Korpusning quyi qismida an’anaviy Micro-USB porti va karnaylar uchun joy ajratilgan.

Ekran hoshiyasi bo‘ylab yotqizilgan oq romlar nafis va gadjet dizayniga hasham bag‘ishlab turibdi.

Xiaomi Mi Max bo‘yiga 173.1 mm, eniga 88.3 mm. Qurilma 203 gramm tosh bosadi, uning korpus qalinligi 7,5 millimetr.

Ekran

6,44 dyuymli ekran IPS LCD matritsasiga ega. Uning piksellar sig‘imi 1920x1080 belgiga teng. Har dyuymda 342 piksel.

Ekranning yorug‘lik zahirasi ham yuqori darajada bo‘lib, yozning eng yorqin kunida ham tashqari sharoitda ekrandan ortiqcha soya va xiraliklarsiz foydalanish mumkin.

Shuningdek, yorug‘lik balansini qo‘lda ham mustaqil sozlash mumkin. Qurilmadan foydalanishning ilk kunlarida matritsa atrofidagi qora rom titrashi mumkin. Biroq ko‘p o‘tmasdan bu holat to‘xtaydi.

Displeyda tasvir yuqori darajali aniqlikda ko‘rinadi. Ekran yog‘-moy, barmoq izlari ta’siriga chidamli xususiyatga ega Gorilla Glass 4 turidagi himoya shishasi bilan qoplangan.

Displeyda 2 va undan ortiq chertish darajasiga ko‘ra ishlay olish tizimi, ya’ni Multitouch sensor tizimi o‘rnatilgan.

Platforma

Xiaomi Mi Max apparati 4 modifikatsiyaga ega talqinda ishlab chiqarilmoqda:

Snapdragon 650 (2 yadro 1,8 GGs + 4 yadro 1,2 GGs), 2 GB tezkor xotira + 16 GB doimiy ichki xotira;

Snapdragon 650 (2 yadro 1,8 GGs + 4 yadro 1,2 GGs), 3 GB tezkor xotira + 32 GB doimiy ichki xotira;

Snapdragon 652 (4 yadro 1,8 GGs + 4 yadro 1,2 GGs), 3 GB tezkor xotira + 64 GB doimiy ichki xotira;

Snapdragon 652 (4 yadro 1,8 GGs + 4 yadro 1,2 GGs), 4 GB tezkor xotira + 128 GB doimiy ichki xotira.

Platformaning grafik-tasvir ma’lumotlarini qayta ishlash uchun Adreno 510 yordamchi protsessori mas’ul.

Xiaomi Mi Max Android OS, v6.0 (Marshmallow) operatsion tizimining moslashtirilgan talqinida  faoliyat ko‘rsatadi.

Qurilmada mavjud 2 ta gibrid SIM karta bo‘lmachasidan birini microSD qo‘shimcha xotira bo‘lmachasi sifatida foydalanish mumkin. U 256 gigabaytgacha bo‘lgan fleshkani qo‘llab-quvvatlaydi.

Smartfonning 2 GB tezkor xotira + 16 GB doimiy ichki xotiraga ega talqini AnTuTu mobil qurilmalarning samaradorlik tizimini baholash benchmarkida sinovdan o‘tkazilganida, mazkur Mi Max deyarli 70 000 ball to‘plagan. Natija Samsung Galaxy S6 flagmaniniki bilan teng!

Interfeys

Tizim interfeysi, ilovalari ravon ishlaydi. Full HD roliklarni ham yirik ekranda uzluksiz ko‘rish mumkin. Qurilmada hujjatlarni tahrir qilish, brauzer tizimlaridan qiyinchiliksiz foydalanish mumkin.

Mi Max gadjeti Snapdragon 650 protsessori yordamida o‘z vazifasini hech bir kamchiliksiz va uzilishlarsiz ado etadi. Agar siz elektron o‘yinlarning ashaddiy muxlisi bo‘lsangiz, unda Mi Max’ning 8 yadroli 652 protsessoriga ega talqinini xarid qiling.

Ko‘pchilik foydalanuvchilarning fikriga ko‘ra, bu “aqlli telefon”da tobora ommalashayotgan NFC, ya’ni yaqin masofada to‘lovni plastik kartochkasiz amalga oshirish texnologiyasining tatbiq etilmagani katta kamchilik sifatida baholanmoqda.

Muloqot jarayonida ham karnaylardan foydalanish mumkin. Audio quloqchinlar uchun korpusda 3.5 mm standart konnektor mavjud. Uning ovoz va audio uzatish tizimi ham foydalanuvchilarni mamnun qilmoqda.

Kamera imkoniyatlari

Xiaomi Mi Max 16 MP sig‘imda suratga oluvchi bosh kamera bilan ta’minlangan. Uning diafragma o‘lchami f/2.0. Ya’ni, bu ilg‘or diafragma bo‘lib, yorug‘likni qamrab olish imkoniyati yuqori. Bosh kamera ikki tusli LED fotochaqnoq, fazali avtofokus,  sifatni tekshirish, manzilni aniqlash, fokusni belgilash, qiyofani aniqlash kabi tizimlarga ega. Old kamera 5 MP bo‘lib, uning diafragmasi ham f/2.0.

Mazkur kameralarda olingan suratlarga o‘zingiz baho bering.

To‘g‘risi, bu narxdagi smarftonning 16 megapikselli kamerasidan bundan ortig‘ini kutish xato. Kamera tizimida fokuslashda sustkashlik va noaniqlik kuzatiladi. Yaqindan surat olishda ham bir oz xiralik ko‘zga tashlanadi.

«Kamera» ilovasining interfeysi avtomatik rejimda suratga olganda yanada qulay.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, smartfonning 5 megapikselli kamerasida aniq-tiniq selfi suratlar olish mumkin. Kunduz kuni va yorug‘lik yetarli vaziyatda olingan suratlarda mayda detallargacha aks etadi.

Quvvat manbai

Yirik smartfon uchun mustahkam quvvat manbai kerak bo‘ladi. Xiaomi Mi Max flagmani elektr toki sig‘imi 4850 mA soat bo‘lgan ajralmas akkumulyatorga ega. Uning yordamida Mi Max gadjetini ertalabdan kechgacha tindirmasdan ishlatish mumkin. Faol rejimda bu quvvat unga 1,5 kunga yetadi.

Displeyni maksimal darajadagi yorug‘likka sozlab, smartfonda 6 soat to‘xtovsiz zamonaviy grafik o‘yinlarni o‘ynash mumkin. Full HD rejimida esa 6,5 soat uzluksiz video ko‘rish mumkin. Bu katta natija, albatta.

Kommunikatsiya

Xiaomi Mi Max simsiz aloqaning 4G (LTE Cat.6), 3G, Wi-Fi (IEEE 802.11 b/g/n/ac), Bluetooth 4.2, IrDA, GPS, GLONASS, NFC tarmoqlarida faoliyat ko‘rsatishga mo‘ljallangan.

Shuningdek. unda infraqizil nurlar orqali ma’lumot almashish porti, FM radio tizimlari, microUSB ma’lumot almashish porti mavjud.

Boshqa muhim jihatlari

Xiaomi Mi Max’da barmoq izlari skaneri, akselerometr, giroskop, masofa-oraliq, kompas sensorlari, HTML5 brauzeri, Java                No tizimi, surat va hujjat tahrirlash funksiyalari joriy qilingan.

Narx-navo

Snapdragon 650 (2 yadro 1,8 GGs + 4 yadro 1,2 GGs), 2 GB tezkor xotira + 16 GB doimiy ichki xotira –  250 AQSh dollari.

Snapdragon 650 (2 yadro 1,8 GGs + 4 yadro 1,2 GGs), 3 GB tezkor xotira + 32 GB doimiy ichki xotira – 270 AQSh dollari.

Snapdragon 652 (4 yadro 1,8 GGs + 4 yadro 1,2 GGs), 3 GB tezkor xotira + 64 GB doimiy ichki xotira – 310 AQSh dollari.

Snapdragon 652 (4 yadro 1,8 GGs + 4 yadro 1,2 GGs), 4 GB tezkor xotira + 128 GB doimiy ichki xotira – 390 AQSh dollari.

Xulosa

Yirik ekranli smartfonlarni ko‘tarib yurishga har kim ham jur’at qila olmaydi. Modomiki, siz o‘zingizga  6,44 dyuymli bag‘ri keng qurilma kerak deb hisoblasangiz, unda Xiaomi Mi Max sizbop ekan.

Asus ZenFone 3 Ultra, Huawei P8 Max uning smartfon bozoridagi raqiblari hisoblanishadi.

Xiaomi Mi Max – smartfon ishqibozlari uchun katta diagonalli chinakam mo‘’jiza. Gadjet metall korpus, samaradorlik, barmoq izlari skaneri, sifatli ekran va ishonchli quvvat manbai bilan maqtana oladi. Ammo, Huawei’dan tashqari Xitoyning boshqa smartfon ishlab chiqaruvchisi hali biror marta yuqori darajadagi suratlar oluvchi kamerasi bilan xalqaro foydalanuvchilarni hayratga sola olgani yo‘q.

Doimgidek, so‘nggi tanlovni o‘z ixtiyoringizda qoldiramiz! Bozoringizni bersin! Sahifa siz uchun foydali bo‘lgan bo‘lsa, facebook sahifamizga a’zo bo‘ling va sahifani ulashing.

Xulosa

Qaerdan sotib olish mumkin?

www.olx.uz $310 Sotib olish

 Afzalligi

 Kamchiligi

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!