Xiaomi Mi Mix 4’ni kutyapsizmi? Undan ham oldin Xiaomi Mi 11 Ultra chiqadi!

  •   DiMaX
  •  919
  •  18.01.2021 10:29

Xiaomi Mi Mix 4’ni kutyapsizmi? Undan ham oldin Xiaomi Mi 11 Ultra chiqadi!

O‘tgan haftada MIUI grafik qobig‘ining rasmiy xalqaro saytida Xiaomi tayyorlayotgan ikkita yangi qurilma «qo‘lga tushgan» edi. Bularning birinchisi korporatsiya muxlislari ko‘pdan beri kutayotgan inqilobiy Mi Mix 4 smartfoni bo‘lsa, ikkinchisi Mi Note 11 fabletidir.

O‘QING: Xiaomi’ning «yengillashtirilgan» flagmani – Mi 11 Lite xususiyatlari va narxi

Xabaringiz borki, Snapdragon 888 chipsetli ilk smartfon – Xiaomi Mi 11 o‘tgan yilning oxirida taqdim etilgan va AnTuTu benchmarkining so‘nggi reytingida g‘oliblikka erishgan. Biroq kompaniya uning Mi 11 Pro talqinini hozircha namoyish qilmadi – uni fevralda yoki martda chiqarishmoqchi.

Shu bilan birga, Digital Chat Station nikli insayder yangi ma’lumot tarqatdi: unga ko‘ra, Xiaomi Mi Mix turkumidagi navbatdgi smartfon ham shu yilning o‘zida taqdim qilinadi, lekin undan ham oldin Xiaomi Mi 11 Ultra rusumli yana bir flagman namoyish etiladi.

O‘tgan yili Xiaomi Mi 10 Ultra (xitoycha versiyada – Mi 10 Extreme Commemorative Edition) modeli avgustda chiqqanini hisobga olsak, uning izdoshi ham yozda keng jamoatchilikka ko‘rsatilsa kerak.

Shunda kompaniya Xiaomi Mi Mix 4 modelining taqdimoti kuzda o‘tkazilishini taxmin qilish mumkin. Eslasangiz kerak – uning «ajdodi» – Xiaomi Mi Mix 3 slayderi 2018 yilning oktyabrida chiqqan, ilk partiyasi bir daqiqadayoq sotib tugatilgach, keskin qimmatlab ketgan edi. Keyinroq esa uning taqdimotida Xiaomi aytmagan sir fosh bo‘lgan!

O‘QING: Ushbu 28 xil Xiaomi va Redmi smartfonlariga ommaviy MIUI 12.5 beta-talqini chiqdi