Xiaomi Mi5: ajoyib narxdagi uzoq kutilgan flagman

Xiaomi Mi5: ajoyib narxdagi uzoq kutilgan flagman

Xiaomi Mi5 flagmani bugungi kun uchun ideal qurilma. U top-xususiyatlar (eng kuchli Qualcomm Snapdragon 820 protsessor), optik barqarorlashtiruvchi kamera, barmoq izi skaneriga ega. Bularning barchasi uchun 400 dollar to‘lash kerak xolos. Quyidagi batafsil tahlilda esa unga nisbatan bildirilgan ijobiy va salbiy xulosalarni ko‘rishingiz mumkin.

Dizayndagi kichik oraliq

Yangi smartfon avvalgi Mi4 o‘tmishdoshi bilan solishtirilsa, dizayn jihatdan ancha odimlaganini ko‘rish mumkin. Qurilma tashqi tomondan Galaxy S7ga juda o‘xshab ketadi. Orqadagi oynali panelining qirralari bukilgan, “Uy” tugmachasi esa mexanik tarzda ishlab chiqilgan. Biroq uni bosish bir oz noqulay ekani aytilmoqda: juda qattiq va tor. Shunday bo‘lsa ham, qora, oq va oltin ranglarda chiqariladigan smartfonning ko‘rinishi qimmatbaho turdoshlarinikidan qolishmaydi.

Ko‘pchilik Xiaomi foydalanuvchilari smartfonlar korpusining g‘ichirlashidan shikoyat qilishadi. Ammo Mi5da bunday muammo yo‘q: ehtimol bu metall bilan hoshiyalangani hisobiga bartaraf etilgandir. Smartfon tezkor quvvatlash tizimi bilan ta’minlangan bo‘lib, batareyasi 80 daqiqada to‘ladi.

Barmoq izi skaneri ham yomon taassurot uyg‘otmaydi: barmoqlarni aniq taniydi, ishlashida ham to‘xtalishlar kuzatilmaydi.

2016 yil flagmanlari kabi (Samsung Galaxy S7, LG G5), Mi5 ham Qualcomm Snapdragon 820 top-protsessori va modifikatsiyasiga qarab 3 yoki 4 Gb tezkor xotiraga ega bo‘ldi. Unda grafik tasvirlari eng murakkab bo‘lgan o‘yinlarni ham (masalan, Dead Trigger 2, Asphalt 8) hech qanday qiyinchiliklarsiz o‘ynash mumkin. Bunday o‘yinlar bilan mashg‘ul bo‘lganda smartfonning qizimasligi e’tiborlidir.

Flagman ichki xotirasi 32/64/128 Gb bo‘lgan talqinlarda savdoga chiqariladi. Eng qimmat sanalgan 128 Gb talqinida tezkor xotira 4 Gb, shuningdek, orqa paneli oyna emas, balki keramika (sopol)dan tayyorlangan. Smartfonning doimiy xotirasini kengaytirish imkonsiz, ammo unga ikkita sim karta joylashtirish mumkin.

Sinovlar vaqtida smartfon internetda hech qanday muammolarsiz ishlagan, suhbatdoshning ovozi ham tiniq eshitilgan.

Ekran

5,15 dyuymli IPS-ekranda ranglar xilma-xilligi, keng ko‘rish burchagi va yorug‘likning katta diapazoni yaxshi taassurot qoldiradi. To‘liq qorong‘ulik vaqtida eng kam yorug‘lik darajasi ko‘zlarni ortiqcha qiynamaydi, to‘liq yoritilgan ekran esa ayni yoz vaqtida quyosh nurlari ostida ham ekrandagi tasvirlarni namoyon etib turadi. Samsung va LG bilan solishtirganda, Xiaomi raqamlar ortidan quvmaslikni ma’qul ko‘rgani ko‘zga tashlanadi, shuning uchun ekran sig‘imi odatiy — Full-HD. Mazkur formatni QHD`dan deyarli farqlash imkonsiz bo‘lgani uchun ham Xitoy ishlab chiqaruvchisiga tahsin aytish mumkin. Chunki ekran sig‘imi qanchalik katta bo‘lsa, protsessor resurslari unga shunchalik ko‘p sarflanadi va natijada smartfon samaradorligi bir oz pasayadi.

Dasturiy qoplama (interfeys)

Dasturiy qoplama, kompaniyaning shaxsiy ichki interfeysi Xiaomi smartfonlarining eng og‘riqli nuqtasi hisoblanadi. Smartfonga yangi Android 6.0 operatsion sistemasi o‘rnatilganiga qaramasdan, Xiaomi dasturiy qoplamasi – MIUI bir qator kamchiliklardan holi emas. Avvalo yutuqlari to‘g‘risida to‘xtalib o‘tsak: animatsiyalar ajoyib, interfeys ham o‘ziga xos. Sozlamalarning qulay va xilma-xil ekani ham ayni muddao.

Ammo Xiaomi smartfonlari O‘zbekistonda rasman sotilmasligini hisobga olsak, asosan buyurtma asosida keltirilgan qurilmani kelganidanoq qayta dasturlash (proshivka qilish)ga to‘g‘ri keladi. Chunki unga ko‘pchilik biladigan rus tili ham o‘rnatilmagan. Qayta dasturlash mobaynida ayrim ilovalar, bizning sharoitda foydalanish imkonsiz bo‘lgani bois (Xitoy standartlari nazarda tutilmoqda), o‘chirilishi maqsadga muvofiq.

Batareya

Akkumulyatorning sig‘imining 3000 mAsoat (Xperia X Performance va LG G5ga qaraganda birmuncha yaxshi) ekani 5,1 dyuym ekranli smartfonlar uchun yaxshi ko‘rsatkich. Biroq sinovlar mobaynida tinimsiz o‘yin o‘ynalganida batareya 4,5 soatga, Full-HD video tomosha qilganda esa 4 soatga yetgani aniqlandi.

Shuningdek, internetga tinimsiz ulangan holatda akkumulyatorni har 6 soatda elektr tarmog‘iga ulashga to‘g‘ri kelishi oydinlashdi. Ilovalarning fon rejimida ma’lumot yuklashini cheklab, elektr sarfini tejagan taqdiringizda ham smartfon batareyasi quvvatini uzoqqa yetkazish mushkul. Barchasiga optimizatsiyaning yomonligi sabab qilib ko‘rsatilmoqda.

Kamera

Xiaomi Mi5ning asosiy kamerasi 16 Mp. So‘nggi modelda Xiaomi asosiy urg‘uni optik barqarorlashtirishga qaratdi, shuning uchun ham unga bag‘ishlangan rolikda Xiaomi Mi5 stabilizatsiyasi iPhone 6S va 6S Plus bilan solishtirilgan.

Videodan ko‘rish mumkinki, Xiaomi Mi5 optik stabilizatsiyasi iPhone 6S Plus`dan bir bosh ustun turadi. Amalda ham smartfon videoga ajoyib tarzda oladi, avtofokus ham chaqqonlik bilan ishlaydi.

Foto sifatida ham flagmanlarga xos, ammo tasvirlarda “shovqin”lar uchraydi. HDR rejimida ular kamroq. Umuman olganda esa barchasi joyida. Ranglar bo‘yoqdor bo‘lib, tasvir tafsilotlari (detalizatsiyasi) balandroq.

Makro rejimi ham ko‘pchilikka ma’qul kelsa kerak: ob’yektlar 6 santimetr masofadan fokuslanishni boshlaydi. Demak, yozda kichik kapalaklarni ham yaqindan sifatli suratga olish mumkin. Kamera modullarini esa Sony kompaniyasi yetkazib bergan. Umid qilish mumkinki, Xiaomi kameralar sifatini tez orada LG G4 va Samsung Galaxy S7 darajasiga chiqara oladi.

Selfi ishtiyoqmandlari ham xursand bo‘lishlari mumkin. Old kamera yorqin va tiniq suratga olishga mo‘ljallangan.

Xulosa

Xiaomi Mi5 — ilg‘or texnik xususiyatlarga ega istiqbolli kamera bilan ta’minlangan ajoyib qurilma. U o‘zining dizayni va maqbul narxi bilan faxrlana oladi. Qualcomm Snapdragon 820 o‘rnatilgan flagmanning 400 dollardan sotilishi, bu — ajoyib! Biroq qurilmaning eng asosiy nuqsoni — optimizatsiyasi yaxshi bo‘lmagan dasturiy qoplamadagi ko‘p sonli xatoliklar va batareya.

Xiaomi Mi5ning eng yaqin safdoshlari, bu — Samsung S7 va LG G5 smartfonlari unga qaraganda qariyb ikki barobar qimmat turadi. Ha, S7da suv va changdan himoya, ajoyib interfeys va kuchli kamera mavjud. LG batareyasi kichik sig‘imli bo‘lsa ham uzoqroq ishlaydi, dasturiy qoplamasi ham yomon emas. Sony Xperia X Performance esa hali sotuvga chiqqanicha yo‘q.

Xulosa

Qaerdan sotib olish mumkin?

olx.uz 2,7 млн. сўм Sotib olish
asaxiy.uz 2,794,000 сўм Sotib olish

 Afzalligi

 Kamchiligi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.