Xiaomi Mi5: mukammallik va hasham kasb etgan hamyonbop flagman

Xiaomi Mi5: mukammallik va hasham kasb etgan hamyonbop flagman

Namoyish etilgan vaqti: 2016 yil, fevral

Ishlab chiqaruvchi: Xiaomi kompaniyasi

Xiaomi Mi5 haqidagi ilk gap-so‘zlar 2014 yil yakunida quloqqa chalina boshlangan edi. Ammo Xiaomi 2015 yilda smartfonlari turkumini yangilagan, navbatdagi planshetini taqdim etgan bo‘lsa ham, yangi flagman to‘g‘risida jamoatchilikka lom-mim demadi. Nihoyat, kompaniya super flagmanga oid sukutini 2016 yilda o‘tgan Jahon mobil kongressida buzdi. Xiaomi o‘zining uzoq kutilgan Mi5 flagmanini ekspert va insayderlar e’tiboriga havola qildi.

Xiaomi Mi5 haqida qisqa tavsif

Ekran: IPS, 5,15″, 1920×1080, 428 ppi, sensor sig‘imli, multitach texnologiyasi tatbiq etilgan.

Protsessor: 4 yadroli, 64 bitli Qualcomm Snapdragon 820, 1,8 GGs chastota tezligida.

Grafik-tasvir yordamchi protsessori: Adreno 530.

Operatsion tizim: Android 6.0 Marshmallow’ning moslashtirilgan MIUI 7 talqini.

Operativ xotira: 3/4 GB.

Doimiy ichki xotira: 32/128 GB.

Aloqa: GSM: 850/900/1800/1900 MGs || UMTS: 850/900/1900/2000/2100 MGs || LTE: 1, 3, 5, 7, 38, 39, 40, 41.

SIM: 2ta Nano-SIM, Dual SIM Dual Standby (DSDS).

Simsiz interfeys: Wi-Fi 802.11 a/b/g/n/ac, Bluetooth 4.1, NFC, IK-port.

Navigatsiya: GPS, GLONASS, Beidou.

Kameralar: bosh — 16 Mp (suratni optik barqarorlashtirish tizimi, 2 tusli LED-fotochaqnoq), old kamera — 4 Mp.

Datchiklar: yorug‘lik, masofa-oraliq, akselerometr, mikrogiroskop, kompas, Xoll datchigi, barometr, barmoq izlari skaneri.

Akkumulyator: 3000 mA soat, ajralmas.

O‘lchamlari: 144,55 x 69,2 x 7,25 mm.

Og‘irligi: 129 gramm.

Batafsil tavsif

Upakovka va komplektatsiya

Smartfon komplektida gadjet, 2,5 amperli quvvatlash adapteri, USB Type-C kabeli, «skrepka» va hujjat-qo‘llanmalar mavjud.

Tashqi ko‘rinish va dizayn

5.15 dyuymli Xiaomi Mi5 bozorga 3 turdagi turli modifikatsiyada chiqarilgan: «sodda» (3/32 GB), standart (4/64 GB) va maksimal (4/128 GB) talqinlarda. “Sodda” va standart talqinlar qora, oq va tillarang korpusli versiyalarda ishlab chiqariladi. Eng yuqori talqin esa faqatgina qora rang korpusda ishlab chiqariladi. Uning orqa paneli keramikadan tayyorlangan. Biz quyida hammabop va ommabop bo‘lgan “sodda” talqindagi flagmanga tavsif beramiz.

Bir qaraganda Mi5 sizga innovatsion Galaxy S7 flagmanini eslatib yuborsa ajab emas.

Uning shisha uyg‘unligidagi orqa paneli nafis qayrilma hoshiyalarga ega. Qurilma ixcham bo‘lgani boi kaftda mustahkam o‘rnashadi. U tashqi ko‘rinishidan hashamdor va qimmat smartfonlarni eslatib yuboradi.

Korpusning old paneli, ekranning yuqori qismida muloqot dinamigi, uning chap tomonidan kompaniyaning kulrang logotipi, yorug‘lik va oraliq-masofa datchigi hamda o‘ng tomonidan old kamera joy egallagan.

3

Ekranning quyi qismida esa “Bosh menyu” tugmasi va “Menyu”, «Orqaga» sensor tugmalari mavjud.

Ekranning o‘ng biqinida qurilmani yoqish/blokirovka qilish hamda ovozni boshqarish tugmasi o‘rin olgan. Ekranning chap biqinidan esa SIM-karta uchun 2 ta bo‘lmacha ajratilgan.

Korpusning tom qismidan 3,5 mm.li audio konnektor, smartfonni kompyuter va boshqa qurilmalar bilan simsiz ulashda xizmat qiladigan infraqizil port, mikrofon tuynukchasi mavjud.

Korpusning quyi qismidan USB Type-C porti, uning ikki yonidan dinamiklar uchun joy ajratilgan.

Xiaomi Mi5 korpusi oliy darajali flagmanlarga xos uslub va mahoratda yig‘ilgan.

02

Korpusning qirralari yassi shaklda. Xiaomi foydalanuvchilari odatda korpusning g‘irch-g‘irchidan shikoyat qilishar edi. Ammo, metall hoshiyalar evaziga Mi5 gadjeti bu muammodan xoli. Gadjetning monolit korpusi 1 mm.ga bo‘lsa ham o‘z o‘rnidan siljimaydi.

Yon romlar metalldan tayyorlangan. Korpusning orqa old tomonlari barmoq va yog‘ dog‘lariga bardoshli Gorilla Glass 4 himoya shishasi bilan qoplangan. Shu sababli ekrandagi barmoq izlarini osonlik bilan ketkazish mumkin.

Ekran

Xiaomi Mi5 flagmani 5,15 dyuymli IPS-matritsa faoliyat ko‘rsatuvchi, sig‘imi 1980 x 1080 piksel (har dyuymda 428 ta belgi)ga teng Full HD namoyishli ekran bilan ta’minlangan. Ekran bir vaqtning o‘zida 10 tagacha chertish ta’sirini seza oladi. Ekran Gorilla Glass 4 himoya shishasi qoplamasiga ega.

Smarfon displeyini ayni paytda smartfon sanoatida ishlatiladigan eng yaxshi displeylar sirasiga kiritish mumkin. To‘g‘ri, u 4K yoki Quad HD bo‘lmasligi mumkin, biroq 5 dyuymli ekran uchun ayni mos sifatlarga ega. Ekranda tasvirning aks etishi eng yuqori darajada aniq va yorqin.

Ekran osti yorug‘ligi uchun unga 16 ta svetodiod o‘rnatilgan. Ekran NTSC rang gammasining 95 foiz rang turini farqlay oladi. Natijada turli ranglar mutanosibligi aniq-ravshan ko‘rinadi. Surat markazi qanchalar tiniq bo‘lsa, uning chekkalari ham shu sifatda namoyon bo‘ladi.

Ekranda tatbiq etilgan ko‘zni oluvchi shu’lalarni pasaytirish funksiyasi  va yetarli yorug‘lik zahirasi tufayli siz tasvirni ekranda emas, go‘yo qog‘ozda aks etgan rangli tasvir kabi tomosha qilasiz.

Displeyni sozlash dasturi ranglarni boshqarish, tasvirni yanada “iliq” yoki “sovuq” tusga keltirishga yordam beradi.

Interfeys

Smartfon Android 6.0 Marshmallow operatsion tizimining moslashtirilgan MIUI 7 interfeysi boshqaurvida faoliyat ko‘rsatadi.

MIUI interfeysining muhim afzalligi shundaki, Xiaomi tomonidan proshivkaning yangilangan talqini har hafta taqdim etib boriladi. Ya’ni, qurilma eski qurilmalarini ham tashlab qo‘ymaydi. Xiaomi interfeysiga nisbatan foydalanuvchilarda yaxshi fikr-mulohaza shakllangan. U o‘zida iOS va Android tizimining eng yaxshi tajribalarini mujassam qila olgan.

MIUI talqini Xitoy mahsuloti bo‘lgani bois, bizning sharoitda uning ingliz tilidagi proshivkasini topish osonroq. Internetda Mi5 uchun rus tilidagi barqaror proshivkalarni ham topsa bo‘ladi.

MIUI interfeysida ilovalar uchun alohida menyu mavjud emas. Ularning barchasi bosh menyudan o‘rin oladi. Uning yana bir muhim jihati maxsus fayllar menejeri va Security ilovalarining mavjudligi. Security ilovasi smartfonni viruslardan himoya qiladi. Bu ilovalar ilovalarning quvvat yeyish darajasini, ilovalarni o‘rnatish, aloqalarni “qora ro‘yxat”ga kiritish, keraksiz fayllarni tozalash kabi ishlarni amalga oshiradi.

One-handed rejimi esa «Bosh tugmani» bosh barmoq bilan chapga yoki o‘ngga ishqalash orqali ekranni o‘sha tomonga yanada kichraytirish imkoni tug‘iladi va qurilmani 1 qo‘lda boshqarish mumkin bo‘ladi. Ekran o‘lchami 3,5, 4 yoki 4,5 dyuymgacha kichrayadi.

“Mutolaa” rejimi esa ekrandagi ko‘zga zarar bo‘lgan ko‘k rang darajasini pasaytirib, kitob o‘qish uchun qulay sharoit yaratadi.

LED-indikatordan xat, qo‘ng‘iroq, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa ogohlantirishlar uchun sozlash mumkin.  Ekrandagi virtual Android-tugmachasi orqali ovozni ham boshqarish mumkin.

Platforma

Xiaomi Mi5 smartfoni mobil texnologiyalarning ishlash samaradorligini sinovdan o‘tkazuvchi AnTuTu benchmarkida rasman 1-o‘rinda turibdi. U sinovda 136875 ball to‘plagan. Uning “sodda” talqini esa 109897 ball olgan.

2016 yilning Samsung Galaxy S7, LG G5 flagmanlari kabi, Mi5 ilg‘or Qualcomm Snapdragon 820 protsessor va talqinidan kelib chiqib, 3 yoki 4 GB operativ xotirada ishlab chiqarilmoqda. Bu degani unda Dead Trigger 2, Asphalt 8 kabi grafik-tasvirga boy o‘yinlarni ham bemalol o‘ynash mumkin. Yana bir yaxshi tomoni – o‘yin o‘ynaganda smartfon qizib ketmaydi.

Mi5 mobil aloqa vositasining “standart” talqinidagi protsessor 4 yadroli bo‘lib, 2 yadrosi 1,8 GGs, yana 2 yadrosi  1.36 GGs chastota tezligida ishlaydi.

Shuningdek, boshqa talqinda 2.15 GGs chastota tezligigacha ishlaydigan 2 yadro,  1.6 GGs tezligigacha ishlaydigan yana 2 yadroga ega.

Mobil telefonda Adreno 530 grafik-tasvir protsessori o‘rnatilgan.

Asphalt 8, Modern Combat 5, Godfire va WoT Blitz kabi grafik o‘yinlarni ham o‘yin pristavkalarida o‘ynagandek yengil va uzluksiz o‘ynash mumkin. Umuman olganda, Adreno 530 — o‘z ishini qoyilmaqom qilib bajaradi.

Doimiy ichki xotira talqinidan kelib chiqib,  32/64/128 GBni tashkil etadi. 128 GB doimiy xotira talqini 4 GB texkor xotiraga ega bo‘lib, bu talqin korpusining orqa paneli  shisha o‘rniga keramikadan tayyorlangan. Tezkor xotira 2 kanalli LPDDR4 turidagi, 1296 MGs chastota tezligida ishlaydi.

Garchi, qo‘shimcha xotira bo‘lmachasi yo‘q bo‘lsa ham, smartfonning 2 ta sim kartani qo‘llab-quvvatlashi ko‘pchilik uchun ayni muddao.

Mi5’da zamonaviy UFC 2.0 flesh-xotira moduli tatbiq qilingan bo‘lib, u an’anaviy eMMC 5.0. modulidan 87% tezroq ishlaydi.

Smartfonda 720r va 1080r sig‘imli videolarni onlayn va oflayn rejimlarda bir xil, silliq tomosha qilish mumkin. Sinov vaqtida smartfon 12 GB hajmda, 1080r sig‘imli bo‘lgan MKV-faylni hech bir qiyinchiliksiz o‘qiy oldi.

Korpusning ost qismida o‘rnatilgan dinamiklar baland va sifatli ovoz yetkazib berishda mahoratli. Ovozda hech bir ortiqcha shovqin sezilmaydi.

Smartfonning “Bosh tugma”ga o‘rnatilgan barmoq izlari skaneri ham tezkorlik bilan ishlaydi. Barmoq izini tushirish uchun avvaliga unga barmoqni 7 marotaba qo‘yish kerak bo‘ladi.

Qurilmani blokirovkadan chiqarish uchun esa “Bosh tugma”ni bosish kifoya. Barmoq tegishi bilan soniya o‘tmasdan tizim ishga tushadi.

03

Kamera

Xiaomi Mi5 flagmani Sony IXM298’ning 16 megapikselli sensori o‘rnatilgan. U  optik pribori  f/2.0 diafragmali, 6 linzali ob’yektivdan iborat. Kamerada fazali avtofokus, optik barqarorlashtirish funksiyasi, 2 tusli svetodiod fotochaqnoq mavjud.

Ayniqsa, kameraning 4 o‘qlik barqarorlashtirgichi namoyish chog‘ida e’tiborni tortdi. Mazkur texnologiyada kamera moduli 8 yo‘nalishda harakatni barqarorlashtiradi. Bu esa kamera titrashidan yuzaga keladigan kamchilikni oldini olib, sifatli surat olishni ta’minlaydi. Namoyish chog‘ida unda olingan suratlar boshqa flagmanlarda olingan suratlar bilan qiyoslab ko‘rildi.  Barchasi Mi5 foydasiga hal bo‘ldi.

Shuningdek, DTI – piksellarni ajratish texnologiyasi dasturi ishlab chiqilgan bo‘lib, u piksel rangining qorishib ketishini bartaraf qiladi.

Old kamera 4 MP sig‘imli. Sensorning yorug‘lik qamrovi keng bo‘lgani uchun unda piksel hajmi 2 mikrongacha kattalashadi. Old kamera ob’yektivi f/2.0 aperturasi va 80 gradusli burchakka ega.

Kamera kunduzgi sharoitda ham, tunda ham sifatli surat oladi. Avtofokus aniq va tezkor ishlaydi.  Auto HDR rejimi yorug‘lik darajasidan kelib chiqib, mustaqil yoritishni amalga oshiradi. HDR rejimida olingan tungi suratlar go‘yo kunduz olingandek taassurot qoldiradi. Osmonni inobatga olmasa, boshqa ob’yektlar aniq-tiniq namoyon bo‘ladi.

Kamera ilovasi interfeysi maksimal darajada sodda qilib ishlangan. Unda 6 ta ikonka mavjud bo‘ladi: suratga olish, «Galereya»ga o‘tish, videoni yoqish,  HDR (Off, On, Auto) rejimi, fotochaqnoq, old kamerani yoqish.

Unda 9 ta suratga olish rejimi mavjud: panorama, taymer, ovozli suratga olish, “qo‘lda” rejimi, avto kadr tanlash, Beauty (yuzni yanada silliq va ravshan ko‘rsatadi), tungi rejim, Tilt-Shift va boshqalar.

Quyidagi suratlarga o‘zingiz baho bering.

Kamera 4K (chastota tezligi sekundiga 30 kadr) sig‘imli video, sekinlashtirilgan HD-sig‘imli video yozish imkoniga ega.

Kommunikatsiya

Xiaomi Mi5 simsiz aloqaning eng so‘nggi texnologiyalarida ishlashga mo‘ljallangan. Jumladan,  MU-MIMO texnologiyasida Wi-Fi 802.11 a/b/g/n/ac (2,4 GGs va 5 GGs) moduli, Bluetooth’ning 4.2 talqini va NFC texnologiyasi. Wi-Fi-moduli Wi-Fi Display va Wi-Fi Direct texnologiyasidan foydalanishni ham ta’minlaydi. Ya’ni ma’lumotlarni displey yordamida simsiz almashish mumkin.

Xiaomi Mi5 qo‘llab-quvvatlaydigan har ikkala Nano SIM-kartalari 3G va 4G aloqa tarmog‘ida bir vaqtning o‘zida ishlashi mumkin.

Shuningdek, infraqizil portdan ham ma’lumot almashishda foydalanish mumkin. Buning uchun qurilmada barcha qurilmalarda ishlaydigan MI Remote ilovasi o‘rnatilgan.

Devays 4G LTE-A (yuklab olish tezligi 600 Mbit/s), VoLTE texnologiyasi,  Dual Standby rejimida 2 ta sim kartani qo‘llab-quvvatlaydi. Navigatsion tizim esa 3 ta sun’iy yo‘ldosh tizimiga ulana oladi: Amerikaning GPS, Rossiyaning GLONASS va Xitoyning Beidou.

Kuch-quvvat manbai

Mi5 flagmani 3000 mA soat quvvat sig‘imiga ega bo‘lgan ajralmas akkumulyator bilan ta’minlangan. QuickCharge 3.0 tezkor quvvatlash funksiyasiga ega bo‘lsa ham, 2,5 amperli adapter va USB Type-C kabeli smartfonni tez quvvatlash bo‘yicha rekord o‘rnata olmaydi. Akkumulyatorni to‘la quvvatlash uchun  1 soat 50 daqiqa kerak bo‘ladi.

Shunday bo‘lsa ham, smartfon quvvatni sarflashda tejamkor. AnTuTu  benchmarki bu borada uni 7407 ball bilan baholagan. Ya’ni, aksari flagmanlar to‘plagan o‘rtacha ball 4500–5000 ekanini hisobga olsak, bu yaxshi natija.

To‘la quvvat Mi5’ga to‘xtovsiz 8 soat mobaynida  internetda ishlash, ilovalar bilan ishlashga yetadi.

Grafikaga boy o‘yinlarni Wi-Fi tarmog‘ini yoqib, ekranni o‘rtacha yoritib o‘ynaganda ham 1 soat mobaynida qurilma 22% quvvatni yeydi. «Parvoz» rejimida eng yuqori yorug‘lik darajasida smartfon 12,5 soat video o‘qiy oladi.

Shu bilan birga, smartfonda mavjud bir qqancha ilova hamda funksiyalar yordamida uning quvvat iste’molini boshqarish, nazorat qilish mumkin.

Narx-navo

Xiaomi Mi5 xalqaro bozorda 320-545 AQSh dollaridan sotilmoqda. Ya’ni, raqiblaridan ancha-muncha arzon narxda. Insof doirasida qo‘yilayotgan narx-navo kompaniyaga daromad ham, nufuz va foydalanuvchini ishonchini olib kelmoqda.

Xulosa

Xiaomi Mi5 — bu jahonning kamida eng yaxshi smartfonlari beshligidan o‘rin egallashga munosib super flagmani. Xiaomi kompaniyasi MI5 uchun eng va eng yaxshi jihatlarini jam qilgan: kuchli va sermahsul protsessor,  juda sifatli ekran, zo‘r kamera, tezkor quvvat oladigan akkumulyator, nafis va pishiq korpus, 2 ta SIM-karta, barmoq izlari skaneri. Muhimi, Xiaomi Mi5 shu imkoniyatlarga ega flagmanlardan 2 marta arzon.

Xulosa

Qaerdan sotib olish mumkin?

www.asaxiy.uz 2,794,000 сўм (64 Гб) Sotib olish
www.olx.uz $300 (32 Гб) Sotib olish

 Afzalligi

 Kamchiligi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.