Xiaomi’ning “aqlli soat” bozoridagi ulushi 1000 foizga oshgan

Xiaomi’ning “aqlli soat” bozoridagi ulushi 1000 foizga oshgan

FitBit kompaniyasining “aqlli soati” so‘nggi yillarda jahonning ommabop gadjetlari qatoriga qo‘shilishga ulgurgan edi. Shu kunlarda kompaniyaning mahsulotlariga jiddiy raqib “xavf” solmoqda. Bu – Xiaomi kompaniyasining shu turdagi mahsulotlari.

Fitbit 2015 yilda jahonga 21 million dona “aqlli soat” sotgan. Bu 2014 yildagi savdodan 10 million donaga, ya’ni 100 foizga ko‘p degani. Shunday bo‘lsa ham, kompaniyaning xalqaro smart-soatlar bozoridagi o‘sish sur’ati xitoylik raqibinikidan past.

Garchi, Xiaomi 2015 yilda dunyo elektronika bozoriga 12 million dona “aqlli soat” sotgan bo‘lsa-da, 2014 yilda u bor-yo‘g‘i 1.1 million dona shu turdagi qurilmani sotgan va bu 2014 yilga nisbatan savdoning 1000 foizga o‘sganini anglatadi. Bu bilan 2010 yilda tashkil topgan kompaniyaning jahon smartvochlar bozoridagi ulushi 15.4% ga yetgan.

Bu bozordagi ulush hajmi jihatdan ayni kunda ulardan keyin Apple, Garmin va Samsung kompaniyalari turibdi.

2007 yilda asos solingan amerikalik Fitbit kompaniyasi bir vaqtlar dunyo miqyosida sotilgan “aqlli soat” bozori ulushining chorak qismini egallab olgan edi.

Apple’ning ham bu boradagi bozori chaqqon. Kompaniyaning jahon  smart-soatlar bozoridagi ulushi 14.9 % ni tashkil qiladi. Garchi, uning soatlari Fitbit yoki Xiaomi’nikidan ancha qimmat (Xiaomi “aqlli soati” 11 va 15 AQSh dollari turadi, Fitbit 100-130, Apple’niki 300-800 AQSh dollari) tursa ham, ehtiyoj pasaygani yo‘q.

Samsung 2015 yilda 3.1 million dona smartvoch sotishga muvaffaq bo‘lgan. Kompaniyaning 2014 yilda bu ko‘rsatkich 2.7 million dona edi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.