Xiaomi o‘z smartfonlariga o‘ta foydali funksiyani qaytaryapti

  •   DiMaX
  •  1780
  •  03.05.2019 10:40

Xiaomi o‘z smartfonlariga o‘ta foydali funksiyani qaytaryapti

«Xitoycha Apple» aksariyat smartfonlarida qo‘llayotgan MIUI grafik qobig‘ining keyingi versiyalarida yangi funksiyalar ustida ishlamoqda. Buni yangilangan MIUI Home ilovasining «ichini ochib» o‘rgangan XDA Developers dasturchilari payqab qolishgan.

O‘QING: OLED-ekranli barcha Xiaomi smartfonlari egalariga xushxabar bor!

Avvalo, MIUI Home kodlari orasida «Kid space» atamasi uchraydi; bu esa bolalar rejimi – Child Mode analogidir. Ushbu funksiya avval ham – MIUI 9 talqiniga qadar Xiaomi smartfonlarda mavjud edi. Mazkur rejimda smartfonni bolaga berayotib, unga mos ilovalarnigina ishlaydigan qilish, qolganlarini bloklab qo‘yish mumkin.

XDA Developers dasturchilariga ko‘ra, MIUI tizimiga kiritilayotgan yana bitta yangi funksiya ekrandagi ishoralar orqali boshqarishga tegishli. Ya’ni, smartfon interfeysining bosh ekranini yuqoriga yoki pastga silash orqali turli amallarni bajarish mumkin bo‘ladi. Masalan, ilovalarni ishga tushirish, bildirishnomalarni ochish yoki tizim bo‘ylab global qidiruv kabi funksiyalar bosh ekranni silash harakatiga biriktirib qo‘yiladi.

Lekin ushbu ikkita yangilikning ham Xiaomi smartfonlariga qachon joriy etilishi hozircha aniq emas. Balki ularni MIUI 10 versiyasining keyingi yangilanishlarida, ehtimol – MIUI 11 talqinida ko‘rarmiz.

O‘QING: MIUI 11 nimalarga qodir: Xiaomi mas’ul xodimi rasman ma’lum qildi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!