Xiaomi Pocophone F1 taqdimotidan avval savdoga qo‘yildi – «jonli» suratlar, to‘liq xususiyatlari va narxi bilan tanishing!

  •   DiMaX
  •  4973
  •  07.08.2018 13:20

Xiaomi Pocophone F1 taqdimotidan avval savdoga qo‘yildi – «jonli» suratlar, to‘liq xususiyatlari va narxi bilan tanishing!

«Xitoycha Apple» o‘z smartfonlari bilan AQSh va Yevropa bozoriga kirishga jiddiy ahd qilgan. Xiaomi’ning g‘arblik iste’molchilarga mo‘ljallangan ilk telefoni – Pocophone F1 rusumli flagmani yaqin orada taqdim etiladi.

O‘QING: Xiaomi Pocophone F1 – eng kuchli protsessorga ega eng arzon smartfon!

Garchi hali rasman namoyish etilmagan bo‘lsa-da, ushbu smartfon allaqachon Bluetooth, FCC hamda EEC sertifikatsiyasidan o‘tgan. Eng qizig‘i – bugundan ayrim internet-do‘konlar Pocophone F1 uchun oldindan buyurtma ola boshlashdi!

Shuningdek, qurilmaning texnik xususiyatlari haqidagi batafsil ma’lumotlar, uning «jonli» surati va hatto narxi ham ma’lum bo‘ldi. Ularga qaraganda, Pocophone F1 chindan ham Xiaomi’ning eng arzon flagmani sifatida maydonga tushadi.

Aytish kerakki, Pocophone F1 modeli Ruminiyaning PC Garage internet-do‘konida sotuvga chiqarildi. Xarid sahifasidagi ma’lumotga qaraganda, uning «kemtik»li ekrani diagonaliga 5,99 dyuymlik o‘lchamda. Displeyining tasvir aniqligi 2246x1080 birlikka, piksellar zichligi esa 416 PPI’ga teng.

O‘QING: Xiaomi yangi smartfonlarini boshqa brend ostida chiqaradi

Avval ham xabar qilinganidek, smartfonning «elektron yuragi» sifatida Snapdragon 845 chipi tanlangan. Mazkur protsessor maksimal 2,7 GGs takt chastotasida ishlovchi sakkizta Kryo 385 Gold yadrosini o‘z ichiga oladi.

Xiaomi o‘z suyuqlikli sovitish tizimiga ega bo‘lgan ushbu flagmanini 6 GB tezkor va 64 GB doimiy xotira bilan jihozlagan. Shuningdek, qo‘shaloq SIM-karta uyachasidagi birining o‘rniga 128 GBgacha hajmli MicroSD xotira kartasini qo‘yish ham mumkin.

Smartfonning orqa panelidan o‘rin olgan qo‘shaloq kamerasi 12 megapiksellik asosiy va 5 megapiksellik qo‘shimcha sensorlarni o‘z ichiga oladi. Selfi ishqibozlari esa uning 20 megapiksellik old kamerasidan mamnun bo‘lishlari aniq. Gadjetning «quvvat toshi» – 4000 mA/soatlik akkumulyator bo‘lib, unga Quick Charge 3.0 tezkor quvvatlash texnologiyasi ham joriy etilgan.

O‘QING: EKSKLYuZIV: Xiaomi Pocophone’ning ilk «jonli» videosi – Face Unlock evaziga barmoq izi skaneridan voz kechilganmi?

Pocophone F1 modelining xususiyatlarida barmoq izi skaneri haqida ma’lumot berilmagan, lekin internetda tarqalgan mana bu «jonli» suratda mazkur datchik kamera ostidan o‘rin olgan:

Devaysning interfeys portlariga kelsak, unda zamonaviy USB Type-C porti ham, standart 3,5 millimetrlik quloqchin tirqishi ham mavjud. Simsiz bog‘lanish imkoniyatlari sifatida ikki diapazonli Wi-Fi moduli hamda Bluetooth 5.0 interfeyslari sanab o‘tilgan. Lekin negadir smartfon xususiyatlari ro‘yxatida NFC moduli ko‘rsatilmagan.

Pocophone F1 narxi 430 yevro ekanligi ko‘rsatilgan – bu ma’lumot insayderlar avval bergan xabarlarga mos keladi. Uning ichki xotirasi 128 gigabaytga teng modifikatsiyasi uchun 460 yevro miqdorida narx belgilanishi taxmin qilinmoqda.

O‘QING: Xiaomi "eng arzon kuchli flagman"ni tayyorlayotgani tasdiqlandi

Ruminiya onlayn do‘konidan tashqari, yana Belorussiyaning XiStore internet-do‘konida ham Pocophone F1 smartfoni uchun oldindan buyurtma qilish sahifasi paydo bo‘lgan, ammo unda narx ko‘rsatilmagan.

E’tiborli tomoni shundaki, PC Garage internet-do‘koni mazkur smartfonlarning allaqachon omborga keltirilganligini, rasmiy savdo boshlangan kuniyoq xaridorlarga yetkazib bera boshlashini ma’lum qilgan. Shunga ko‘ra, Pocophone F1 yaqin haftalar ichida rasman sotila boshlaydi. Ammo uning taqdimot sanasi haqida Xiaomi hanuz biror ma’lumot bermayapti.

Aytish kerakki, ayni kunlarda bu korporatsiyaning yana bitta flagmani ham namoyish etilish arafasida.

O‘QING: Xiaomi’ning eng romsiz smartfoni – Mi Mix 3 taqdimot kuni fosh bo‘ldi!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.