Xiaomi quvvati 30 kunga yetuvchi, himoyalangan smart-soat taqdim etdi

  •   DiMaX
  •  4110
  •  06.04.2020 21:00

Xiaomi quvvati 30 kunga yetuvchi, himoyalangan smart-soat taqdim etdi

«Xitoycha Apple» o‘z ekotizimiga kiruvchi Haylou brendi ostida navbatdagi taqiluvchi devaysini namoyish qildi. Haylou Solar LS05 (yoki Haylou Solar Smart Watch) rusumli ushbu «aqlli» soat klassik dizayndagi doirasimon siferblatga ega.

O‘QING: Rangdor ekranli, tag‘in arzon Redmi Band chiqdi: bu sizga Mi Band emas!

Haylou Solar LS05 korpusi metalldan ishlangan bo‘lib, IP68 standartiga ko‘ra chang va suvdan himoyalangan. Uni taqqan holda nafaqat dushda yuvinaverish, balki hatto suv ostiga ham sho‘ng‘ish mumkin!

Soatning ekrani o‘lchami 1,28 dyuymlik, LCD-displey tasvir aniqligi 240x240 pikselni tashkil etadi. Ishlab chiqaruvchining ta’kidlashicha, soat ekranining yorqinligi hattoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nurlari tushib turgan sharoitda ham kontentni ko‘rishga yetarli.

Yangi gadjetning muhim xususiyatlaridan biri uning yuqori darajada avtonomligidir. Tok sig‘imi 340 mA/soatlik akkumulyatorning to‘la quvvati tejamkor rejimda naq bir oyga yetadi! Yurak qisqarishlarini tunu kun monitoring qilib borish funksiyasi yoqiq bo‘lganida esa 14 kungacha sizga rozetka kerak bo‘lmaydi.

Solar LS05 jismoniy faollikning 12 xil turini kuzatib borish funksiyasiga ega. Bular qatorida yugurish, yurish, yoga, basketbol va boshqalar mavjud. Smartfonga kelgan bildirishnomalarni aks ettirishdan tashqari, qurilmada yana qadam o‘lchagich va kaloriyalar hisoblagich funksiyalari ham bor.

Mazkur «aqlli» soat Bluetooth 5.0 protokoli orqali Android (4.4+) hamda iOS (8.0+) operatsion tizimli smartfonlarga bog‘lana oladi. Silikon tasmachali devaysning vazni 54 grammga teng.

Xiaomi allaqachon Haylou Solar LS05 smart-soati uchun Youpin kraudfanding platformasida oldindan buyurtma ochgan. Uning narxi 21 AQSh dollariga teng, buyurtmachilarga 18 maydan yetkazib bera boshlashadi.

O‘QING: «Chetroq tur, Xiaomi!» – Realme yana bir turdagi ilk devaysini taqdim etyapti

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.