Xiaomi rahbari hayratda: 9 yashar bola ilk Redmi smartfonini san’at asariga aylantirdi!

  •   DiMaX
  •  2114
  •  16.02.2021 10:15

Xiaomi rahbari hayratda: 9 yashar bola ilk Redmi smartfonini san’at asariga aylantirdi!

«Xitoycha Apple» ora-orada o‘zining eski modellardagi qurilmalarini ham eslab, shu bilan kompaniya mahsulotlarining nufuzini saqlab turishga odatlangan. Masalan, ikki yilcha avval, o‘shanda hali taqdim etilmagan Redmi K20 Pro flagmanida kompaniyaning ilk smartfoni – Xiaomi Mi 1 modelini ishlayotgan holida suratga olib ko‘rsatgan edi.

O‘QING: Smartfoningizga hoziroq Android 12 qiyofasini baxsh eta olasiz!

Kompaniyaning bosh direktori Ley Szyun (Lei Jun) kuni kecha Weibo ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida o‘zini hayratga solgan qiziq voqea haqida post chiqardi. Uning yozishicha, to‘qqiz yoshli bolakay eng birinchi Redmi smartfonini qismlarga ajratib, ularni ramkaga joylagan.

«Bu juda kreativ yondashuv. Men sizga ham o‘zingiz ishlatayotgan mobil telefonni shu kabi san’at asariga aylantirishni taklif etaman. Bu barchaga telefonning tuzilishini yanada yaxshi anglashga yordam beradi», deydi Ley Szyun.

O‘QING: Taniqli «ustabuzarmon» yap-yangi Xiaomi Mi 11’ni yorib ko‘rdi (video)

Aytish kerakki, san’at asariga aylantirilgan ushbu smartfon 2013 yili namoyish etilgan. Bolakayning tasdiqlashicha, qismlarga ajratgunicha ham u ish qobiliyatini yo‘qotmagan, faqat hozirgi mezonlar bo‘yicha juda sekin ishlayotgan ekan.

Birinchi avlod Redmi smartfonida 28 nanometrlik texnik jarayon asosida tayyorlangan, to‘rt yadroli MediaTek protsessori qo‘llangan edi. Qurilma 1280x720 piksellik ekran, 1/4 gigabaytlik tezkor/ichki xotira bilan ta’minlangan va MIUI 5 grafik qobig‘i ostidagi Android 4 operatsion tizimi boshqaruvi ostida ishlagan.

Ilk Redmi telefoni 2050 mA/soatlik akkumulyator, 8 va 1,3 megapiksellik asosiy hamda old kameralar bilan jihozlangan. Xiaomi uni o‘sha paytda 125 AQSh dollariga baholagan edi.

O‘QING: 108 MPlik eng arzon kamerofon namoyish kunini Redmi rasman aytdi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.