Xiaomi rahbari qo‘lida Mi Band 3 bilan «qo‘lga tushdi»!

  •   DiMaX
  •  1907
  •  14.04.2018 12:01

Xiaomi rahbari qo‘lida Mi Band 3 bilan «qo‘lga tushdi»!

Kuni kecha Xiaomi kompaniyasi o‘zining Black Shark nomli ilk o‘yinbop smartfonini taqdim etganidan xabaringiz bor. Unda korporatsiya bosh direktori Ley Szyun ham ishtirok etgan.

Tadbir juda qiziqarli va maroqli o‘tgani sababli bo‘lsa kerak, bosh direktorning qo‘lidagi, shu paytgacha uchramagan fitnes-brasletni o‘sha paytda hech kim payqamagan.

O‘QING: Xiaomi Black Shark – suyuqlikli sovitish tizimi, maxsus geympad va o‘yin rejimiga ega haqiqiy geymerofon!

Keyinchalik – taqdimot tadbirini aks ettiruvchi internet-maqolalardagi suratlarni ko‘rayotib, Ley Szyun taqib olgan «aqlli» bilaguzukka e’tibor berishgan. Bu – Xiaomi’ning anchadan beri kutilayotgan Mi Band 3 smart-brasleti, deyishmoqda manbalar.

Mana, uning ko‘rinishi quyidagicha:

Ko‘rib turganingizdek, gadjet kapsulasining korpusi bilinar-bilinmas tarzda uning rasmachasiga ulanib ketadi. Avvalroq ma’lum qilganimizdek, ushbu bilaguzuk tasvir sifati yaxshilangan sensorli displeyga ega bo‘ladi.

O‘QING: Xiaomi Mi Band 3 sensor ekranli bo‘lib, ishoralar bilan boshqariladi (+video)

Xiaomi Mi Band 3 tugmachasi ham o‘z funksiyasini o‘zgartiradi – unga bir martalik teginish «Back» – «Orqaga» buyrug‘i sifatida (masalan, oldingi sahifaga qaytish uchun) belgilangan. Bu tugmachani sal muddat bosib turish esa biror harakatni tasdiqlaydi, masalan – brasletni smartfonga ulash, qurilmani o‘chirish va hokazo.

Mana, quyidagi suratda bu tugmacha aniqroq ko‘ringan:

Xitoylik tahlilchilarga ko‘ra, Xiaomi Mi Band 3 shu yilning iyun oyidan kechiktirmasdan – Mi Band 2 modeli taqdimotiga ikki yil to‘lgach rasman namoyish etiladi. Uning narxi ikkinchi avlod smart-brasleti darajasida qolishini taxmin qilishmoqda.

Xiaomi Mi Band 2 modeli esa yurtimizda ham savdoga chiqarilgan, uni 248 000 so‘mga xarid qilishingiz mumkin.

O‘QING: Xiaomi smartfonlari va boshqa gadjetlarining narxlari (2018 yil 12 aprel)

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!