Xiaomi rasman Mix Fold 2 buklamafonini taqdim qildi

Xiaomi rasman Mix Fold 2 buklamafonini taqdim qildi

Avgust buklamafonlar oyligi bo'ldi. So'nggi bir necha kunda biz bir-biridan ajoyib buklamafonlar taqdimotini ko'rdik: Samsung kompaniyasidan Galaxy Z Fold4 / Flip4, Motorola'dan Razr 2022. Bir tomondan Galaxy Z Flip 4 va Razr 2022 qizg'in bahs olib borayotgan vaqtda, Galaxy Z Fold 4 ham yolg'iz qolgani yo'q. Unga Xiaomi'ning Mix Fold 2 buklamafoni raqobatchilik qiladi.

Xiaomi kecha Xitoyda o'zining yildagi eng katta tadbirlaridan birini o'tkazdi va unda uzoq kutilgan Mix Fold 2 buklanadigan smartfonini taqdim qildi. Buklamafon o'zining o'ta ingichka tanasi bilan boshqalardan ajralib turadi. Uning qalinligi ochilgan, ya'ni planshet holatida atigi 5.4 mm, yopilganida esa kamera bilan 11.2 mm bo'lib, Galaxy Z Fold4 (6.3 mm / 15.8 mm) bilan taqqoslaganda sezilarli darajadagi farqni ko'rish mumkin.

Xiaomi bu natijaga erishi uchun qurilma batareya hajmini 4,500 mA/s gacha kamaytirishga majbur bo'lgan. Aytish kerakki, o'tgan yilgi Mix Fold 5,020 mA/s hajmdagi batareyaga ega edi. Biroq, havotirga o'rin yo'q, chunki buklamafonga Qualcomm'ning Snapdragon 8+ Gen 1 chipseti o'rnatilgan va uning quvvat samaradorligi bilan batareya bir kungacha yetadi. Shuningdek, kichikroq batareya bilan buklamafonni 67 Vt tezlikda atigi 40 daqiqada 100% quvvatlash mumkin.

Mix Fold 2 ning ingichkaligidan tashqari, Xiaomi uning buklanadigan oshiq-moshiq texnologiyasini ancha yaxshilanga va buning natijasida esa ichki displey markazidagi burma kamroq seziladi. Dipsleyga keladigan bo'lsak, ichki tomondagi kattasi 8.02 dyuymli, 2.5K rezolyutsiyadagi, Eco OLED bo'lib, u ultra-ingichka (0.03 mm) egiluvchan oyna bilan qoplangan va bu o'tgan yilgisiga qaraganda 2.25 marta kuchliroqdir. Tashqi tomondagi 6.56 dyuymli OLED ekrani esa Gorilla Glass Victus bilan himoyalangan. Ularning ikkovi ham 120 gigagertsda yangilanadi.

Shuningdek, Mix Fold 2 yangicha dizayndagi kamera modulida, Sony'ning 50 megapiksellik IMX766 kamerasiga, qo'shimchasiga, Leica'ning 13MP ultra-keng va 8MP telefoto kameralariga ega. Selfi kamera esa faqat tashqi "smartfon" ekranda mavjud va u 20MP.

Buklamafon 12 GB operativ va 1 TB gacha doimiy xotira bilan xuddi Galaxy Z Fold4 kabi Android 12L operatsion tizimida ishlaydi, faqat o'zining MIUI Fold 13 qobig'ida.  

Xiaomi Mix Fold 2 tillarang va qora ranglarda xotira konfiguratsiyasiga qarab 16-avgustdan Xitoyda quyidagicha narxlarda sotuvga chiqarilgan:

12GB + 256GB = 8999 yuan (~1,336 dollar)

12GB + 512GB =  9,999 yuan (~1,484 dollar)

12GB + 1TB = 11,999 yuan (~1,780 dollar)

Afsuski, buklamafonning global bozorga chiqarilishi haqidagi ma'lumotlar yo'q.

O'QING: Xiaomi o'zining ilk gumanoid robotini taqdim qildi!