Xiaomi rasmiy videoda eng so‘nggi flagmanining «ichak-chovog‘ini ag‘darib» ko‘rsatdi

  •   DiMaX
  •  869
  •  16.10.2020 17:30

Xiaomi rasmiy videoda eng so‘nggi flagmanining «ichak-chovog‘ini ag‘darib» ko‘rsatdi

«Xitoycha Apple» roppa-rosa ikki oy avval Redmi K30 Ultra (yoki Redmi K30 Extreme Commemorative Edition) smartfonining ichki qismlarini bitta-bittalab ajratib olib ko‘rsatgan edi. Keyinroq esa yubiley superflagmani – Xiaomi Mi 10 Ultra (xitoycha versiyada – Mi 10 Extreme Commemorative Edition) modelining barcha qismlari olib ko‘rsatilgan rasmiy videoni ham chiqargan.

O‘QING: Xiaomi Mi 10 Ultra’da yashirin kamera qanday ishlashini «jonli» videoda tomosha qilamiz!

Mazkur kompaniya joriy oyning boshida biryo‘la ikkita flagman – Xiaomi Mi 10T hamda Mi 10T Pro modellarini taqdim etgan, shuningdek, «yengillashtirilgan» Xiaomi Mi 10T Lite smartfonini namoyish qilgan. Ishlab chiqaruvchi endi ulardan eng zo‘rining ichi ochib ko‘rsatilgan rasmiy videoni ulashdi.

Xiaomi Mi 10T Pro orqa qopqog‘ining ostida NFC modulini hamda bosh kamera tarkibiy qismlarini ko‘ramiz. Bular – 108 megapiksellik asosiy sensor, 13 MPlik (keng burchakli optikaga ega) ikkinchi modul, 5 MPlik makroob’yektiv, shuningdek yorug‘likni aniqlash datchigi hamda LED-chaqnoq hisoblanadi.

O‘QING: Kutilmagan xavf: Xiaomi smartfonlarida barmoq izi skanerini ham kamera qilib ishlatsa bo‘lar ekan! («jonli» video)

Kompaniya smartfonning 20 megapiksellik old kamera datchigini hamda tizim platasini ham yirik planda ko‘rsatgan. Unga X55 modemli Snapdragon 865 protsessori, LPDDR5 toifali tezkor va UFS 3.1 standartli doimiy xotira chiplari payvandlangan.

Xiaomi Mi 10T Pro akkumulyatorining tok hajmi 5000 mA/soatlik bo‘lib, 33 vattlik tezkor quvvatlana oladi. Flagmanni qizib ketishdan grafit radiatorli issiqlik naychasi asosidagi sovitish tizimi saqlab turadi.

Darvoqe, Xiaomi Mi 10T ham deyarli shunaqa qismlardan tuzilgan, faqat uning kamerasida asosiy modul Pro-versiyadagi kabi 108 emas, balki 64 megapiksellik aniqlikka ega. Kompaniya joriy oyning oxirlarida bu ikki smartfonni tegishlicha Redmi K30S hamda Redmi K30S Pro modellari sifatida taqdim etmoqchi.

O‘QING: iPhone 12 tufayli Xiaomi va Samsung kompaniyalari Apple’ni masxara qildi (+video)

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!