Xiaomi Redmi Pro’da olingan ilk suratlar hayratlanarli sifatga ega

Xiaomi Redmi Pro’da olingan ilk suratlar hayratlanarli sifatga ega

Xiaomi kompaniyasi tomonidan 27 iyul kuni taqdim etilgan Redmi Pro smartfoni qator o‘ziga xos jihatlarga ega. Birinchi navbatda, apparat korpusining metalldan tayyorlangani, ikkinchidan uning diagonali 5.5” dyuym, FullHD sig‘imli (1920×1080) ekrani ilg‘or AMOLED platformasida ishlaydi. Va, yana bir muhim jihati – uning ikki “ko‘zli”, “o‘tkir nigohli” kameralaridir. Qolaversa, shuncha jihat bilan birga, Redmi Pro’ning arzonligi smartfon bozorida barchaning diqqat-e’tiborini tortmoqda.

Redmi Pro bugungi flagmanlarga xos 2 ta bosh kameralar bilan ta’minlangan. Ularning biri oq-qora ranglarga diqqat qaratsa, boshqasi manzarani rangli diapazonda ko‘radi. Undan so‘ng ikkala kamera muhrlagan detallar birlashib, yagona – ranglarga to‘yingan surat hosil bo‘ladi. Natijada, yuqori sifatli suratlarga guvoh bo‘lish mumkin. Xiaomi kompaniyasi foydalanuvchilarni mazkur texnologiya imkoniyatlariga ishontirish uchun internet tarmog‘iga unda olingan ilk suratlarni e’lon qildi.

Redmi Pro’dagi qo‘sh kameralarning har ikkalasi 13 megapikselli sig‘imdagi surat oladi. Ular  Sony IMX258 sensoriga ega. Shuningdek, uning 5 megapikselli sensori Samsung’ning mahsuloti. Ya’ni, har ikkala kamera sensorlari nufuzli brendlarga tegishli.

Shu bilan birga, Redmi Pro’da ImagiQ degan maxsus chip o‘rnatilgan. U suratga olinayotgan manzaraning qa’ridagi rang-tasvirning gavdalanishi uchun mas’ul. Natijada, foydalanuvchi surat olinganidan keyin ham rasmga fokus tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Boisi, suratdagi har bir nuqta aniq-tiniq va yorqin aks etadi.

Ko‘rib turganingizdek, Xiaomi e’lon qilgan suratlar chindan ham yuqori sifatli. Ammo, kompaniya yorug‘lik past joyda smartfonning suratga olish imkoniyati aks etgan fotografiyalarni ham e’lon qilganida yaxshi bo‘lar edi.

Gadjet Android 6.0 Marshmallow operatsion tizimining moslashtirilgan MIUI 8 talqinida ishlaydi. 10 yadroli MediaTek Helio X25 protsessori bilan ta’minlangan Redmi Pro smartfoni avgust oyida quyidagi talqinlarda sotuvga chiqariladi:

  • Xiaomi Redmi Pro 3/32 GB, Helio X20 – $225 dollar.
  • Xiaomi Redmi Pro 3/64 GB, Helio X25 – $255 dollar.
  • Xiaomi Redmi Pro 4/128 GB, Helio X25 – $300 dollar.
Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.