Xiaomi smartfonlari: turkum va modellarning farqini bilasizmi?

Xiaomi smartfonlari: turkum va modellarning farqini bilasizmi?

Hech bo‘lmaganda kunora biror smartfon taqdimotiga guvoh bo‘lyapmiz. Kompaniyalar yangi smartfoniga go‘yo nom ham tanlashga vaqtlari yo‘qdek ularni bir-biriga o‘xshash nomlar yoki turkumlarni harflar bilan nomlashni kanda qilishayotgani yo‘q. Misol uchun, bu borada peshqadam bo‘lgan Samsung’ning Core, Grand, Star, On, J kabi smartfon turkumlarini aytish mumkin.

Qisqa bo‘lsa ham, muvaffaqiyatli faoliyat davrida Xiaomi o‘z ishqibozlariga taqdim etayotgan smartfonlarning keti uzilayotgani yo‘q. Ularni bir-biridan ajratishda, xarid chog‘ida chalkashlik va tushunmovchiliklar yuzaga kelmoqda.

Faoliyatini 2010 yilda Android uchun MIUI moslashtirilgan operatsion tizimi ishlab chiqarishdan boshlagan kompaniya bugunga qadar 8 turkum va bir qancha talqindagi  smartfon taqdim etishga ulgurdi.

Ilk smartfon 2011 yilda ishlab chiqarila boshlangan. Ayni paytda ishlab chiqaruvchi foydalanuvchilarga smartfon, planshet, noutbukdan tortib, “aqlli kiyimgacha” bo‘lgan ko‘p turdagi mahsulotlarni tanlash imkonini bermoqda.

Xalqaro smartfon bozorida yetakchilik qilayotgan eng yaxshi gadjetlar ro‘yxatida kompaniyaning Xiaomi Redmi Note 3, Mi5 kabi ilg‘or mobil aloqa vositalarini ham uchratish mumkin.  Quyida kompaniyaning asosiy mahsuloti — smartfonlariga to‘xtalib o‘tmoqchimiz. Ularni ikkita asosiy turkumga bo‘lish mumkin: Mi va Redmi turkumlari.

Mi-One

Mi turkumidagi smartfonlar

Mi turkumi kompaniyaning Xitoy bozoridagi ilk “imzo”si bo‘lgan. Xiaomi birinchi bo‘lib Mi-One smartfoni va uning bir nechta talqinlarini namoyish etgan. Mazkur turkum bugunga qadar ishlab chiqarilmoqda va u kompaniyaning asosiy flagman gadjeti hisoblanadi. Unda odatda yuqori samaradorlikka ega Qualcomm Snapdragon protsessori joriy etiladi. Bugunga kelib mazkur turkumga xos bo‘lgan 3 turdagi smartfon ishlab chiqarilmoqda.

Mi modeli

Bu nom ostidagi flagman smartfonlar kuchli jihatlari, ixcham ekran bilan ajralib turadi. Avvalgi Xiaomi Mi4 flagmani 5 dyuym kattalikdagi ekranga ega bo‘lgan bo‘lsa, so‘nggi Mi5 mobil telefon apparati 5.15 dyuymli.

Xiaomi kompaniyasi Mi4 gadjeti sharofati bilan 2014 yilning ilk choragida jahonning 3-raqamli smartfon ishlab chiqaruvchisiga aylangan edi. Aynan shu smartfon jahonning eng innovatsion mobil vositalari ro‘yxatiga kirdi.

Mi5

AnTuTu benchmarkida Xiaomi Mi 5 samaradorlik bo‘yicha Apple’ning iPhone 6s Plus’dan ham, Galaxy S7’dan ham yuqori natija qayd etgan. U bilan birga uning “Pro” modeli ham taqdim qilingan. Snapdragon 820 protsessor, Adreno 530 videokarta, 3 yoki 4 GB operativ xotira, 32, 64 yoki 128 GB doimiy ichki xotira, 5.15 dyuymli 1080p sig‘imli ilg‘or ekran, maxsus barqarorlashtirish tizimiga ega 16 MP bosh kamera, Android 6.0 Marshmallow operatsion tizimining MIUI 7 talqini bilan ta’minlangan Mi5 smartfoni yurtimiz smartfon bozorida 300 AQSh dollaridan sotilmoqda.

Xiaomi Mi5: mukammallik va hasham kasb etgan hamyonbop flagman

Kompaniya tomonidan Mi modelidagi bir qancha muvaffaqiyatli flagmanlar taqdim etildi. Misol uchun, Mi4 modelining Mi4i, Mi4c, Mi4S talqinlari, shuningdek Mi4 gadjetining Windows Mobile operatsion tizimi boshqaruvidagi versiyasi.

Xiaomi Mi Note

Mi Note

2015 yilning yanvarida kompaniya smartfonlari xilini ko‘paytirish va foydalanuvchilar auditoriyasini kengaytirish maqsadida Mi Note va Mi Note Pro fabletlarini namoyish etdi. Ushbu qurilmalar Xiaomi “ijodi”ga mansub ilk katta – 5.7 dyuym ekranli smartfonlar bo‘lishdi.  Xiaomi Mi Note fableti Mi4 flagmanining kattalashtirilgan va Qualcomm Snapdragon 801 protsessori bilan ta’minlangan talqini edi. Xiaomi Mi Note Pro flagmani esa Qualcomm Snapdragon 810 hamda QHD sig‘imli displey bilan ta’minlangan chinakam “bayroqdor” fablet bo‘ldi. Ammo, Snapdragon 810 protsessoridagi nosozliklar sababli smartfon faoliyatida “qotib” qolishlar ko‘p kuzatilgan. Kompaniya shu kunlarda ushbu turkumni flagmancha jihat va yirik ekranga ega Xiaomi Mi Note 2 smartfoni bilan boyitish harakatida.

Mi Max

Mi Max

Ba’zilar uchun smartfon ekrani qanchalar katta bo‘lsa, shuncha yaxshi. Ayniqsa, ekrani bilan planshet bilan bellasha oladigan smartfon ishqibozlari ham ko‘p. Xiaomi shuni inobatga olib, ushbu sinfga mansub yirik, ya’ni 6.44 dyuym  ekranli Xiaomi Mi Max’ni ishlab chiqara boshladi. Smartfon flagmancha va boshqa ko‘plab qiziqarli xususiyatlarga ega.

2016 yilning iyulida namoyish etilgan Mi Max  Gorilla Glass 3 himoya shishasi, 3 GB yoki 4 GB operativ va 32/128 GB doimiy xotira, Snapdragon 650 yoki yanada kuchli Snapdragon 652 protsessori,

16 MP kamera, 2 kunlik faoliyatga yetadigan 4850 mA soat akkumulyator,  Android 6.0 Marshmallow’ning MIUI 7 talqiniga ega smartfon xalqaro bozorda 220 AQSh dollaridan sotilmoqda.

Redmi

Redmi turkumi

Mi-One hamda Mi-Two smartfonlaridan so‘ng ruhlanib ketgan Xiaomi yanada keng imkoniyatli smartfonlari bilan bozorni “egallash” maqsaddia, 2013 yilning yozida Xiaomi Redmi ( Hongmi va Red Rice) mobil aloqa vositasini namoyish qildi. Qualcomm protsessorlari o‘rniga MediaTek protsessorlaridan foydalanilgani va narx-navoning yanada arzonlashgani ushbu modelning avvalgi modellardan farqli jihatlari edi. Redmi’ning MediaTek protsessorli talqinidan ko‘ra, avvalgi talqini ko‘proq ma’qukl bo‘lgan edi. Bu Redmi turkumini ham ikkita modelga bo‘lish mumkin.

Redmi1

Redmi modeli

Redmi smartfonlari — 4.7 – 5 dyuymli ekran hajmidan kelib chiqib aytish mumkinki, shartli ravishda ixcham. Avvaliga korpusi plastikdan tayyorlangan bo‘lsa ham, ayni paytda juda bozorbop bo‘lgan Redmi 3 smartfonining barcha talqinlari metalldan tayyorlanib, barmoq izlari skaneri bilan ham ta’minlangan.

Redmi Note

Redmi Note

Nomidan ham ko‘rinib turibdiki, bu katta ekranli flagman smartfon. Uning ilk modeli 2014 yilda taqdim eitlgan va ekrani 5.5 dyuym, 1280x720 piksel sig‘imli bo‘lgan. Redmi Note Mediatek MT6592 protsessori hamda polikarbonat korpus bilan ta’minlangan edi. Ayni paytda sotilayotgan  Redmi Note 3 esa metall korpus va barmoq izlari skaneriga ega ilk model bo‘ldi. Fabletning uzoq faoliyati uchun sig‘imi 4000 mA soat bo‘lgan akkumulyator mas’ul.

Hozirda smartfonning turli talqinlari ishlab chiqarilmoqda. Jumladan, uning Mediatek MT6795 Helio X10 yoki Qualcomm Snapdragon 650 protsessorlari joriy qilingan, 2 yoki 3 GB operativ xotiraga ega bo‘lgan, 16 yoki 32 GB doimiy ichki xotira bilan ta’minlangan versiyalari mavjud.

MiPad

MiPad

Hozircha Xiaomi kompaniyasi ishlab chiqarilgan planshetlar u qadar ko‘p emas: bu borada 2 ta model taqdim etilgan. Ilk planshet – MiPad 2014 yildan ishlab chiqarilgan. Uning ekrani 7.9 dyuym hamda 2048 x 1536 piksel sig‘imli bo‘lgan. Planshet 4 yadroli Nvidia Tegra K1 protsessori va plastik korpusga ega bo‘lgan. MiPad 2 plansheti esa 2015 yilning so‘nggida namoyish etilgan. Uning formati avvalgisi kabi, faqat korpusi metall xomashyosidan tayyorlangan. Shuningdek, Nvidia “yurak” o‘rniga yanada kuchli Intel Atom X5-Z8500 protsessori o‘rnatilgan. Ushbu planshetning Android hamda Windows 10 operatsion tizimlari boshqaruvida faoliyat ko‘rsatadigan talqinlari mavjud.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!