Xiaomi smartfonlarida sifatli suratga olish uchun kamerani qanday sozlaymiz?

  •   DiMaX
  •  2072
  •  09.02.2018 07:30

Xiaomi smartfonlarida sifatli suratga olish uchun kamerani qanday sozlaymiz?

Smartfonlar rivojlanishi bilan mobil suratkashlik ham keng tarqaldi, ammo telefon orqali hamma ham yaxshi suratga tushira olmasligi tabiiy hol. Rasmning yaxshi chiqishi ko‘p narsalarga bog‘liq, jumladan qurilmaning kamerasiga, uning texnik va dasturiy ta’minotiga, shuningdek, sozlamalariga ham.

O‘QING: Xiaomi Redmi Note 5a — "Malika"dagi eng arzon kamerafon!

Hozirda juda ommalashib borayotgan Xiaomi smartfonlarining kameralari ham modeliga bog‘liq holda turli jihatlariga ko‘ra o‘zaro farq qilishi mumkin. Tabiiyki, kompaniyaning Mi turkumiga mansub flagmanlari, boshqa jihatlari singari, kamerasi bilan ham ko‘p hollarda Redmi modellaridan ustun. Ammo har qanday Xiaomi smartfonida ham sifatli suratga olish uchun kamerani to‘g‘ri sozlash muhim.

Bugun shu bo‘yicha mutaxassislarning tavsiyalarini ko‘rib chiqamiz. Bularni amalga oshirish uchun Xiaomi smartfoningizning kamerasini ochib, uning «Sozlamalar»i – «Nastroyki»ga kiring.

  1. Agarda smartfoningizga SD-karta qo‘ygan bo‘lsangiz, kamera suratlarini saqlash uchun undan foydalanganingiz ma’qul. Xotira kartasining ustunliklari ko‘p, jumladan – unga minglab rasmlarni sig‘dirish mumkin. Shular qatori, kamera orqali olinadigan rasmlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri SD-kartada saqlanadigan qilib sozlab qo‘ysangiz, bu hol tushirilayotgan suratning sifatiga ham oz bo‘lsa-da ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
  2. Fotosuratlarning sifati yaxshi chiqishi uchun olinadigan rasm tomonlarining o‘zaro nisbati («Format kadra») qanday bo‘lishi ham ahamiyat kasb etadi. Smartfonda rasmga tushirishda eng maqbul variant – tomonlarning 3:4 nisbatida bo‘lishidir.
  3. «Tasvir sifati» «Kachestvo izobrajeniya»ni tanlaganingizda, «Yuqori» («Visokoye») bandini belgilab qo‘yavering. Shunda smartfoningiz kamerani maksimal darajada ishga tushiradi va rasmda tasvirning mayda detallarigacha aniq ko‘rsatadi.
  4. Tajribasiz foydalanuvchilar ko‘pincha ranglar keskinligini («Rezkost» yoki «Chetkost») tanlashda mutlaqo noto‘g‘ri yo‘l tutishadi – keskinlikni eng yuqori darajaga ko‘ratib qo‘yishadi. Aslida esa, fotosuratning tabiiy va sifatli chiqishi uchun bu ko‘rsatkichni «Past»«Nizkiy», yoki hatto «Eng past» «Samiy nizkiy» qilib belgilagan ma’qul.
  5. Tasvirning kontrasti («Kontrastnost») va ranglarning to‘yinganligi («Nasiщyennost») borasida esa hech nimani o‘zgartirmay qo‘yavergan ma’qul. Bularni «Me’yoriy»«Normalniy» (ayrim modellarda «O‘rtacha»«Sredniy» deyiladi) darajada qoldirish kifoya.

O‘QING: Hamyonbop kamerafonlar jangi: Xiaomi Mi A1 va Honor 7X

Aytish kerakki, yuqoridagi tavsiyalar hamisha ham eng yaxshi sifatdagi suratlar olish uchun etalon bo‘la olmaydi. Smartfon orqali olinadigan rasmning sifatiga ta’sir etuvchi tashqi omillar – sharoitning qanchalik yoritilganligi, rakurs kabilar ham muhim.

Masalan, chaqnoqni qo‘llash masalasiga e’tibor bering – tunda yoki nimqorong‘i xona ichida suratga olishda uning ahamiyati beqiyos. Ammo kunduz kuni, quyosh nurlari yetarli bo‘lgan sharoitlarda chaqnoq befoyda, ba’zan esa u hatto tasvirni haddan ziyod oqartirib yuboradi.

Shu bois ham vaziyatga qarab, Xiaomi telefoningiz kamerasi sozlamalarini o‘zgartirishingiz mumkin.

O‘QING: Xiaomi'dan yaxshi smartfon tanlaymiz, bu – oson ish emas!