Xiaomi texnikasi nega bunchalik qimmatlashdi? Kompaniya rahbari afsusda...

  •   DiMaX
  •  1510
  •  19.11.2020 15:45

Xiaomi texnikasi nega bunchalik qimmatlashdi? Kompaniya rahbari afsusda...

Goh samimiy tarzda, goh istehzo bilan «Xitoycha Apple» deb ataluvchi Xiaomi haqida tashqi dunyo ahli hanuz noto‘g‘ri fikrda. Kuni kecha qilgan chiqishida kompaniya raisi va bosh ijrochi direktori Ley Szyun (Lei Jun) shuni ta’kidladi.

O‘QING: Xiaomi misli ko‘rilmagan smartfon kamerasini namoyish etdi (+video)

Asosiy anglashilmovchilik shundaki, hozirgacha ko‘pchilik Xiaomi’ni «shunchaki hamyonbop qurilmalar chiqaradi», deb emas, balki shu bilan birga «uning mahsulotlari sifatsiz», deb noto‘g‘ri o‘ylaydi. Ley Szyun so‘zlariga ko‘ra, o‘n yil oldin Xiaomi butun dunyoda tanqid qilinuvchi sifatsiz Xitoy mahsulotlari muammosini hal etish uchun internetdan foydalanishga umid qilgan edi.

«Natijada esa, o‘n yillik mashaqqatli mehnatlarimizdan so‘ng ham baribir ko‘pchilik, Xiaomi avvalgidek quyi pog‘onada, deb hisoblamoqda; bundan men qattiq afsusdaman», degan kompaniya rahbari.

Ley Szyun ta’kidlashicha, texnologik jihatdan takomillashgan va shunga yarasha yuqori narxli, ko‘p jihatdan yetakchi bo‘lgan devayslar chiqarib, Xiaomi o‘z mahsulotlarining butun dunyoda yanada tanilishi va tan olinishiga erishgan.

O‘QING: Xiaomi rahbari O‘Z MAOShIDAN bir milliard dollarini xayriyaga sarflayapti: uning daromadi qancha o‘zi?

Xiaomi ijrochi direktori uning shunday ayrim mahsulotlarini narxlari bilan birga eslab o‘tdi. Jumladan, kompaniyaning joriy yildagi eng qimmat mobil telefoni Xiaomi Mi 10 Extreme Commemorative Edition (global bozorda – Xiaomi Mi 10 Ultra) rusumli yubiley superflagmani 1000 dollardan qimmat turadi. Eng qimmat 98 dyuymlik Xiaomi Redmi Smart TV Max televizorining narxi-ku 3000 dollarga boradi. Ley Szyun aynan mana shu ikki mahsuloti bozorda o‘ta ommabop ekanligiga urg‘u berdi.

Xullasi kalom, bosh ijrochi direktorning so‘zlariga qaraganda, Xiaomi faqat arzon devayslar ishlab chiqaruvchi «el qatori» xitoycha kompaniya emas, balki shu bilan birga qimmat va shunga yarasha zo‘r gadjetlar ham sotuvchi gigant bo‘lishga harakat qilmoqda.

O‘QING: Xiaomi tarixidagi eng zo‘r uchta smartfon (kompaniya rahbari nazdida)