Xiaomi va Redmi smartfonlari uchun MIUI 12 taqdim etildi: yangi imkoniyatlarni qarshi olamiz! (+5 ta video)

  •   DiMaX
  •  6684
  •  27.04.2020 18:42

Xiaomi va Redmi smartfonlari uchun MIUI 12 taqdim etildi: yangi imkoniyatlarni qarshi olamiz! (+5 ta video)

Xiaomi bugun – 27 aprelda Xiaomi Mi 10 Youth Edition smartfonini hamda MIUI 12 grafik qobig‘ini namoyish etdi. Lekin rasmiy namoyishdan avval u mazkur grafik qobiq beta-testini va unga yangilanuvchi smartfonlar ro‘yxatini e’lon qilgan edi.

O‘QING: Kutilganidan ham arzon kamerofon – Xiaomi Mi 10 Youth Edition taqdim etildi! (+videolar)

MIUI 12 grafik qobig‘i Android 10 operatsion tizim talqini bazasida ishlab chiqilgan bo‘lib, yangicha dizaynga ega. Dasturchilar unda bildirishnomalar pardachasi – «shtorka»ni, tizim animatsiyalarini almashtirishgan. Ularning maqtanishlariga ko‘ra, yangi grafik qobiqda tizim animatsiyalari iOS bilan bellasha oladi.

Shuningdek, maxfiylik bo‘yicha kengaytirilgan sozlamalar hamda Dark Mode 2.0 – yangilangan to‘qrang rejim joriy etilgan. Tungi rejim endi global bo‘lgan va barcha standart ilovalarda ishlaydi. Bundan tashqari, kunning qaysi vaqti ekanligiga qarab unda ranglar va shriftlarning kontrastligi dinamik tarzda o‘zgarib boradi.

MIUI 12 talqinida Always On Display opsiyasi uchun ko‘plab yangi vidjetlar ham paydo bo‘lgan. Ulardan ayrimlari «jonli» oboylar bilan bog‘lanib ishlay oladi va Xiaomi bu funksiyani Super Wallpaper deb atagan.

Grafik qobiqda ob-havo ilovasini qaytadan chizishgan, navigatsiya ishoralarini yangilashgan, «Kartinka ichida kartinka» hamda «Multioynalar» rejimlarini yaxshilashgan. Bulardan tashqari, tizimning o‘ziga smartfon egasining jismoniy faolligi va uyqusini kuzatish ilovasini, «Telefon» ilovasiga esa AI Calling funksiyasini (Google Call Screen analogi) qo‘shishgan va hokazo.

O‘QING: Siz kutgan funksiya qaysi Android-smartfonlarga qaytyapti – Google aniqlik kiritdi

Taqdimot marosimida Xiaomi rahbari Ley Szun (Leu Jun) yana shuni faxr bilan ta’kidladiki, MIUI grafik qobig‘idan hozir 221 mamlakat va hududda, 80 ta tilda foydalanishmoqda; har oydagi faol yuzerlar soni esa 310 million nafarga yetgan.

MIUI 12 platformasi bugunning o‘zidayoq Xitoydagi beta-testerlarga tarqatilmoqda.

O‘QING: Xiaomi yoki Redmi smartfoningizga MIUI 12 kelishini hoziroq tekshirishingiz mumkin!

Quyidagi rasmiy videolarda MIUI 12 grafik qobig‘ining turli funksiyalari bilan tanishamiz. Avvalo, tizimdagi animatsiyalarga nazar soling:

Mana bu lavhada esa yangicha navigatsiya ishoralari aks ettirilgan:

MIUI 12 talqinidagi «jonli» oboylar quyidagicha ko‘rinishga ega:

«Kartinka ichida kartinka» hamda «Multioynalar» rejimlariga ham baho bering:

«Sun’iy idrok»li assistent yordamidagi AI Calling funksiyasini tomosha qilamiz:

MIUI 12 grafik qobig‘ining barqaror versiyasini Xitoyda iyun oyining oxirlarida tarqata boshlashadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, jami 41 rusumdagi Xiaomi hamda Redmi smartfonlari ungacha yangilanadi.

O‘QING: Xiaomi va Redmi smartfonlarining rasmiy proshivkalari «xazinasi»ga marhamat!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!