Xiaomi va Samsung’dan keyin OnePlus ham Apple’ni kalaka qilyapti

  •   DiMaX
  •  3184
  •  17.10.2020 14:01

Xiaomi va Samsung’dan keyin OnePlus ham Apple’ni kalaka qilyapti

iPhone 12 turkumidagi smartfonlar taqdim etilishi bilan ikkita kompaniya Apple ustidan kulgan edi. Xiaomi yangi ayfonlar jamlanmasida quvvatlagich yo‘qligini, Samsung esa raqibi endigina 5G-smartfon chiqarganini masxara qilgan.

O‘QING: Ikkita rusumdagi iPhone arzonlashib, yana ikkitasi savdodan olib tashlandi

Bu ikkala smartfonsoz shundan keyin ham Apple’ni kalaka qilishni to‘xtatmagan. Jumladan, Samsung o‘zining Galaxy smartfonlari oldingidek quvvatlagich bilan birga yetkazib berilayotganiga ishora qilgan:

Xiaomi korporatsiyasining Ispaniya bo‘limi esa ijtimoiy tarmoqda quyidagi mazmunda post chiqargan:

«Xayrli tong, muxlislar. Bugun tushimizda, bizning smartfonlarimiz qadoqdagi zaryadlash qurilmasidan mahrum bo‘libdi. Yaxshiyamki, bu shunchaki yomon tush edi».

O‘QING: Global bozordagi Xiaomi, Redmi va Poco smartfonlariga jami 76 ta barqaror MIUI 12 proshivkalari chiqdi (to‘liq ro‘yxat)

Endi ushbu trendga OnePlus ham ergashdi: OnePlus 8T modelining global taqdimotida bu smartfon qadog‘ida 65 vattlik quvvatlagich borligini alohida ta’kidlagan. Mazkur adapter oldingisidan ikki baravar qimmat tursa-da, biz uni jamlanma tarkibida bepul yetkazib beramiz, degan kompaniya vakili.

Eslatib o‘tamiz, Apple qadoqdan quloqchin va zaryadchikni olib tashlaganiga sabab qilib, atrof-muhitni asrashga hissa qo‘shishini ko‘rsatgan. Biroq xaridorlarning aksariyati bu aksessuarni baribir sotib oladilar – qo‘shimcha xarajat.

Yangi ayfonlar qutisida tegishli hujjatlar va smartfonning o‘zidan tashqari faqatgina kabel bo‘ladi, tag‘in u ham tezkor quvvatlashga yaramaydi – buning uchun alohida kabel ham sotib olishga to‘g‘ri keldi.

O‘QING: iPhone 12’lar qayerda eng arzonu qayerda eng qimmat?