Xiaomi yana inqilobiy smartfon yaratdi: umuman port va tugmachasiz, to‘rt tomoni «sharshara» displey... («jonli» video)

  •   DiMaX
  •  3571
  •  06.02.2021 13:02

Xiaomi yana inqilobiy smartfon yaratdi: umuman port va tugmachasiz, to‘rt tomoni «sharshara» displey... («jonli» video)

2019 yilning sentyabrida «Xitoycha Apple» o‘zining umuman o‘zgacha – korpusi deyarli butkul ekran bilan qoplangan Mi Mix Alpha smartfonini namoyish etgandi. Biz uning qadog‘idan olib ishlatib ko‘rsatilgan birinchi rasmiy videosini e’lon qilganmiz. Garchi rasman savdoga chiqarilmagan bo‘lsa-da, uni... naq 140 000 dollardan sotishayotgan ham edi!

O‘QING: Apple endi kelib-kelib Xiaomi’dan nusxa ola boshladi!

Xiaomi endi yana bir konseptual smartfonini namoyish qildi va uni «kelajakdan kelgan gadjet», deya maqtamoqda. Bu devaysning asosiy o‘ziga xosligi – monolit dizayni hamda korpusning har to‘rt tomoniga ham qayrilib ketgan ekranidir.

Mi Mix Alpha modelidan farqli ravishda, bu qurilmaning displeyi korpusning orqa paneliga ham o‘tib ketmagan. Shunchaki, har to‘rtala tomonidan 88 darajali burchak ostida korpus qirralarini qoplagan, xolos.

Shu bilan birga, smartfonning qirralarida displeyni ushlab turuvchi rom yoki qo‘shimcha panel ham ko‘zga tashlanmaydi. Xiaomi vakillarining ta’kidlashlaricha, bunday ekranni yaratish uchun kompaniya maxsus uskunadan foydalangan. Shishani shu shaklga keltirish uchun uni 800 darajagacha qizdirishgan, keyin esa yuzasiga o‘ndan ortiq bosqichlardan o‘tuvchi sayqallash ishlarini qilishgan.

O‘QING: Xiaomi kutilgan qurilmasi haqida kutilmagan xabar berdi

Videorolikda smartfonning orqa paneli ham ko‘rsatilgan va unda o‘ta g‘ayrioddiy kameraga ko‘zimiz tushadi. Uning yuqori kvadrat blogida bittagina optik datchik hamda katta LED-chaqnoq mavjud. Ulardan pastda esa kvadrat shaklidagi yana bir maydoncha bo‘lib, uning vazifasi hozircha noma’lum.

Ushbu konseptfonda barmoq izi skaneri hamda selfi-kamera displeyga integratsiya qilinishidan tashqari, uning korpusida birorta ham port ham, moddiy tugmacha ham mavjud emas! Xiaomi mazkur qurilmani ishlab chiqish uchun o‘zining 46 ta eksklyuziv patentini qo‘llagan.

Afsuski, ko‘rsatilgan gadjet faqat konseptual model bo‘lib, uni sotish uchun seriyali tarzda ishlab chiqarilishi haqida biror ma’lumot yo‘q. bundan tashqari, kompaniya unga biror nom ham bermagan.

O‘QING: Samsung’ning bu smartfoni ham Mi Mix 3, ham Mi Mix Alpha’ga o‘xshaydi! (+video)

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.