Xiaomi yangi Poco X5 seriyasini taqdim etishga yaqin

Xiaomi yangi Poco X5 seriyasini taqdim etishga yaqin

Poco X5 modellarining texnik ko‘rsatkichlari yevropalik riteylerlar tomonidan oshkor qilindi. Demak, seriya yaqin vaqtlar ichida taqdim etiladi. 

Riteyler ochiqlagan ma’lumotlarga ko‘ra, X5 Pro modeli 1080X2400p rezolyusiyadagi 6.68 dyuymli AMOLED displeyi bilan jihozlangan. Riteyler displey qanday chastotada ishlashi haqida ma’lumot bermadi, ammo uning avvalgi Poco X4 Pro kabi 120 gertda ishlash ehtimol yuqori. 

Yangi model Snapdragon 778G chipi bilan jihozlanadi. X4 Pro modeli Snapdragon 695 chipiga ega ekanligini hisobga olsak, buni katta o‘zgarish deyish mumkin. Xotirada ikki xil tanlov bor - 6/128GB va 8/256GB. Ikkalasini microSD kartasi bilan kengaytirish mumkin. Smartfon Android 12 operatsion tizimiga asoslangan MIUI 14 grafik qobig‘ida ishlashini ham aytib o‘tish zarur. 

Orqa panelda xuddi o‘tgan yilgi model kabi 108MP asosiy kamera o‘rin olgan. Biroq yangi chipset sabab endi 4K formatda videoga olish mumkin. Asosiy kameradan tashqari, u yerda 8MP ultrakeng hamda 2MP makro kameralar joylashgan. Old panelga 16MP selfi kamera o‘rnatilgan. 

Akkumulyator sig‘imi va quvvatlash tezligida o‘zgarish bo‘lmaydi, ya’ni qurilmaga 67 vattda quvvat oluvchi 5,000 mAs sig‘imli akkumulyator o‘rnatiladi. Old oyna Gorilla Glass 5 oynasi bilan himoyalanadi. Hozircha smartfonning narxiga oid hech qanday ma’lumot yo‘q. 

Poco X4 Pro modelining 6/128GB xotiraga ega versiyasi 300 yevro, 8/256GB versiya esa 350 yevro narxda sotuvga chiqqan. X5 Pro ham xuddi shu narxda sotuvga chiqishi mumkin, biroq Snapdragon 778G qurilma unumdorligini 695 chipiga qaraganda ancha oshiradi. Shuning uchun narx oshishi ehtimoli ham yo‘q emas. 

Smartfon ko‘k, qora, sariq rangda sotuvga chiqadi. 

Pro modeldan tashqari oddiy Poco X5'ning texnik ko‘rsatkichlari ma’lum bo‘ldi. Qurilma 120 gertda ishlovchi 7.67 dyuymli AMOLED displeyi hamda Snapdragon 695 chipiga ega bo‘ladi. Pro modelga qaraganda oddiy modelning texnik ko‘rsatkichlari biroz pasytirilgan. Misol uchun, u 48MP asosiy kamera bilan jihozlangan. Orqa paneldagi qolgan kameralar xuddi Pro model kabi 8MP ultrakeng hamda 2MP makro. Old panelda 13MP selfi kamera joylashgan. 

Poco X5 ham 5,000 mAs sig‘imli akkumulyator ega, biroq quvvatlash tezligi 33 vattga tushirilgan. Qurilmaning 6/128GB hamda 8/256GB xotiraga ega turlari mavjud bo‘lib, microSD kartasi bilan uni yanada kengaytirish mumkin. Smartfon yashil, ko‘k va qora ranglarda bo‘ladi. 

Poco X5 Pro tashqi ko‘rinishi bilan xuddi X4 Pro modeliga o‘xshaydi. Ehtimol, Xiaomi smartfon dizaynini o‘zgartirmaslikka qaror qilgandir. Uning texnik ko‘rsatkichlari esa Redmi Note 12 Speed Edition smartfoniga juda o‘xshash. Oddiy model esa tashqi ko‘rinishidan Redmi K50i, texnik ko‘rsatkichlari bilan esa Redmi Note 12 eslatib yuboradi. 

O‘QING: Galaxy S23 Ultra'da olingan video YouTube'da paydo bo‘ldi