Xiaomi’dan ajralib chiqayotgan Pocophone ikkinchi smartfonini tasdiqladi! (+video)

  •   DiMaX
  •  1350
  •  17.01.2020 15:45

Xiaomi’dan ajralib chiqayotgan Pocophone ikkinchi smartfonini tasdiqladi! (+video)

 Xiaomi 2018 yilning avgustida atigi 300 dollar atrofidagi narxga Pocophone F1 smartfonini namoyish qilgandi. Keyingi paytlarda internetda uning ikkinchi avlodi tayyorlangani haqida mish-mishlar ko‘paygan.

O‘QING: Xiaomi sir tutayotgan yana bir arzon flagmanni Geekbench fosh etdi!

Endi ushbu smartfonning ikkinchi avlodi tayyorlanayotganini Xiaomi vitse-prezidenti hamda Xiaomi India yetakchisi Manu Kumar Jeyn (Manu Kumar Jain) ham tasdiqladi. Bu haqda uning Technical Guruji nomli YouTube-kanaliga bergan videintervyusida (hind tilida) aytilgan:

Afsuski, Pocophone turkumidagi yangi smartfonning namoyish vaqtini Manu Kumar Jeyn aytmagan. Saytimizda esa Pocophone F2 modelining «jonli» surati, hatto uni qadog‘idan olib ishlatib ko‘rsatilgan «jonli» videosi ham e’lon qilingan. Hattoki uning yanada takomillashtirilgan versiyasi – Pocophone F2 Pro xususida ham mish-mishlar chiqqan, ammo kuni kecha uning Pocophone X2 yoki Poco X2 deb atalishi haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

O‘QING: Xiaomi Mi 10’ni ilk «jonli» suratlarda batafsil ko‘ramiz!

Bugun esa Manu Kumar Jeyn yana bir yangilikni o‘z Twitter-akkaunti orqali e’lon qildi: Xiaomi korporatsiyasining bir bo‘linmasi sifatida ish boshlagan Poco endi alohida brend bo‘ladi. Yodingizda bo‘lsa kerak, bundan bir yil avval Redmi turkumi ham shu tariqa mustaqil brend tarzida ajralib chiqqan edi.

«Poco’ni biz Xiaomi tarkibidagi bo‘linma sifatida yaratgan edik, ammo endi uning o‘z shaxsiyati mavjud. Xiaomi Pocophone F1 aql bovar qilmas darajada ommalashgan smartfon bo‘ldi. Biz endi, Poco mustaqil brend tarzida ishlashiga imkon berish vaqti keldi, deb hisoblaymiz», – degan Manu Kumar Jeyn.

Qo‘shimcha qilib aytib o‘tish mumkinki, Poco’ning alohida sayti ham mavjud; unda hozircha faqat Pocophone F1 smartfoni haqida ma’lumotlar berilgan. Bu boradagi yangiliklarni biz bilan birga kuzatishda davom eting.

O‘QING: Redmi bestsellerini Antarktidaga nega jo‘natishyapti?

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!