Xiaomi'ning 9 ta antiqa gadjetini bilasizmi?

Xiaomi'ning 9 ta antiqa gadjetini bilasizmi?

Xitoyning Xiaomi kompaniyasi ko‘pchilik uchun sevimli bo‘lgan smartfonlar ishlab chiqaruvchi kompaniya hisoblanishi bilan bir qatorda keng qamrovdagi aqlli mahsulotlar ekotizimiga ham egaligi bilan ajralib turadi.

Hindiston bozorining katta qismini egallab, Yevropaga astalik bilan kirib borayotgan bo‘lsa-da, kompaniya boshqa hech qayerda emas, aynan o‘z uyi — Xitoyda keng quloch yozgan.

Xiaomi'ning, masalan, hindlarga atagani jomadon, ryukzak va chiroqlardangina iborat bo‘lsa, Xitoyda sotiladigan mahsulotlarini sanab sanog‘iga yeta olmaysiz.

Quyida Xiaomi'ning g‘alatilaridan tortib, foydalilargacha bo‘lgan ba’zi gadjetlari haqida to‘xtalib o‘tamiz.

Universal tarjimon

«Yulduz yo‘li» seriali muxlislari raketa bortidagi «Enterprise» nomli universal tarjimonni yaxshi eslashadi. Ilmiy-fantastik filmdagi kabi tarjimonlar haqiqiy hayotda mavjud bo‘lmasa-da, Xiaomi’ning shunga o‘xshash o‘z muxlislariga atagan mahsuloti bor.

Xioami Mijia tarjimoni smartfonga o‘xshash qurilma bo‘lib, mikrofonlar jamlanmasi va orqa paneldagi kameradan iborat. 4.1 dyuymli ekrandan real vaqtda tarjima qilingan matnlarni ko‘rish mumkin, devays internetga ulangan bo‘lsa, albatta. 18 ta tilni tushunuvchi qurilmaning ham old, ham orqa tomoniga jami oltita mikrofon qo‘yilgan bo‘lib, bu to‘g‘ri tarjima qilish uchun ovozni aniq qabul qilish imkonini beradi. Bonus sifatida esa Mijia tarjimondan Ko‘chma faol nuqta (Portable Hotspot) sifatida ham foydalansangiz bo‘ladi.

Sotib olish

Ratsiya

Ha, ha. Xiaomi ratsiyalar ham ishlab chiqaradi. Hozirga qadar Xiaomi ushbu qurilmaning ikkita avlodini ishlab chiqargan. Kompaniyaning ta’kidlashicha, Mijia ratsiyasi bilan 5 km gacha bo‘lgan masofada suhbatlashish mumkin. Bundan tashqari, ushbu gadjetda FM radio va Bluetooth ham mavjud.

Xiaomi ushbu ratsiyani aqqllilashtirish yo‘lini topgan. Gadjetni maxsus ilova orqali smartfonga ulab, tarmoqning ikkinchi a’zosiga qisqa matnlar yuborishingiz yoki geoma’lumotlaringizni uzatishingiz ham mumkin; asosiysi, bu uchun internet ham shart emas. Juda qulay, shunday emasmi!?

Sotib olish

Avtomobilga o‘rnatiluvchi simsiz quvvatlagich

Bu turdagi gadjetlar haqida ko‘p ham o‘ylab o‘tirmaymiz: ularni avtomobilimiz saloniga o‘rnatib, telefonimizni joylashtirib qo‘yamiz, tamom. Biroq Xiaomi ushbu gadjetni takomillashtirgan. Moslama nafaqat smartfonni 20 vattda quvvatlab beradi, balki o‘zining ichki ventilyasiya tizimi bilan uning qizib ketmasligini ham ta’minlaydi.

Bundan tashqari, quvvatlagichning ushlagichi smartfonning eniga tomon hajmiga avtomatik moslashadi. Yon tomondagi infraqizil tugmachani bossangiz, avtomatlashtirilgan ushlagich qism ochilib, smartfoningizni joylaganingizdan so‘ng yana torayib, telefoningiz hajmiga moslashib oladi.

Sotib olish

Suyuq sovun tutgich

Dunyoning eng taniqli smartfonsozi suyuq sovun tutgich ishlab chiqarishi juda g‘alati tuyulishi mumkin, lekin nima ham derdik. Infraqizil nur asosida ishlovchi devays qo‘lingizni aniqlab, sovun ajratib chiqarib beradi. Hammasi sodda va nafis.

Sotib olish

Infraqizil jo‘mrak

Xiaomi'ning aqlli jo‘mragi xonadoningizdagi jo‘mraklardan oqayotgan suvlarni tejashga xizmat qiladi. Yuqoridagi sovun tutgich kabi jo‘mrak uchiga taqiluvchi ushbu devays ham infraqizil nurdan foydalangan holda qo‘lingizni aniqlab, suv oqimini nazorat qiladi. Jo‘mrakdan uch daqiqa suv oqqanidan so‘ng, qurilma oqimni to‘xtatadi, lekin istalgan vaqtda suvni yopish uchun qo‘lingizni silkitishingiz ham mumkin.

Ushbu qurilma, ayniqsa, oshxonada ish beradi, sababi idishlarni yuvayotganda ko‘pchilik qo‘li bilan kranni ushlashni xohlamaydi.

Sotib olish

Burun qaychi

Ochig‘i, taniqli smartfon kompaniyasining gigiyena mahsulotlari ham ishlab chiqarishi ortidagi sababni tushunish qiyin. Elektr ustara bilan bir qatorda Xiaomi burun qaychi, boshqacha qilib aytganda, burun tuklarini kaltalovchi qaychi ham chiqaradi. Mijia burun qaychisi smart moslama emas, lekin baribir uni ham ro‘yxatimizga qo‘shishga qaror qildik. Qaychining dizayni nafis, narxi ham qimmat emas.

Sotib olish

Ninebot monotsikli

Xitoy kompaniyasining antiqa gadjetlari ro‘yxatini Ninebot monotsikli bilan davom ettiramiz. Nomidan ham ko‘rinib turganidek, ushbu qurilma motorli yakka g‘ildirakdan iborat va 25 daraja qiyalikkacha ko‘tarila oladi. Maksimal tezligi soatiga 45 kilometrga yetsada, Xiaomi xavfsizlik maqsadida o‘rtacha 20 km/soat tezlikda yurishni maslahat beradi. Turli yuzalarda bemamol haraktlanishi uchun devaysning g‘ildiragi 45 santimetr yo‘g‘onlikda qilib ishlangan. Ninebot monotsiklida sarguzashtlarni amalga oshirishga tayyormisiz? Unda, qurilmani quyidagi havoladan sotib oling.

Sotib olish

Mijia Balance Wheel roligi

Yillar davomida Xiaomi shahar ichida harakatlanishga qaratilgan startaplarga sarmoyalar kiritib kelgan. Mana shunday startaplardan biri yakka g‘ildirakli rolik bo‘lib, gadjet soatiga 12 km tezlikda harakatlanadi.

Balance Wheel 100 kilogramm yuk ko‘tarish sig‘imiga ega va bir quvvat bilan 45 daqiqa ishlay oladi.

Sotib olish

Vino ochgich va tiqin

Xiaomi'ning boshqa mahsulotlari singari bu gadjet ham juda ham nafis dizayn yechimiga ega. Oddiy qilib tushuntirsak, Mijia vino ochgichi kichik motorli ochqichdir. U bilan vinoni 6 soniya ichida ochish mumkin.

Sotib olish

Bunga qo‘shimcha, kompaniya vino shishasi uchun tiqin ham sotadi. Mahsulot haqida batafsil bu yerdan ma’lumot olishingiz mumkin.

Xitoylik smartfonsoz kompaniya yana minglab boshqa mahsulotlar sotadi, ulardan eng o‘ziga xoslarini siz bilan baham ko‘rdik.

Kompaniyaning boshqa mahsulotlaridan siz ham xabardormisiz? Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizda bu haqida biz bilan o‘rtoqlashing.

O‘QING: Ommalashgan Xiaomi haqida ommalashmagan ma’lumotlar

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!