Xiaomi’ning arzonchi brendi ilk o‘yinbop noutbukini taqdim etdi

  •   DiMaX
  •  1277
  •  14.08.2020 15:42

Xiaomi’ning arzonchi brendi ilk o‘yinbop noutbukini taqdim etdi

Redmi brendi bugun – 14 avgust kuni geymerlarga mo‘ljallangan ilk laptopini namoyish qildi. Kiberpank uslubidagi dizaynga ega devays Redmi G nomini olgan.

O‘QING: Dunyoda hozir qaysi brendlar noutbuklari eng ommabop?

Redmi G noutbukida Intel protsessorlari qo‘llangan va laptopning versiyasiga qarab chipseti ham, videokartasi ham farqlanadi. Lekin tezkor va doimiy xotira barchasida bir xil – tegishlicha 16 gigabayt (DDR4-2933 MGs) hamda 512 gigabayt (SSD PCIe). Gadjetdagi DDR4 hamda M.2 slotlari evaziga unda tezkor xotirani 64 gigabaytgacha, ichki SSD-xotirani esa 2 terabaytgacha kattaytirish mumkin.

O‘yinbop noutbukning ekrani diagonaliga 16,1 dyuymlik va tsvir aniqligi Full HD formatida. Maksimal kadr chastotasi — 144 gerslik, lekin bazaviy versiyasida atigi 60 gersni tashkil etadi.

Redmi G korpusidagi portlar yetarlicha: USB-C, USB 3.1 Gen2 Type-A, USB 2.0, mini DP 1.4, HDMI 2.0, standart quloqchin tirqishi. Quvvatlash blokining qudrati 180 vattni tashkil etadi.

O‘QING: 5G-modemli «cho‘ntakbop» o‘yin noutbuki chiqdi! (+videolar)

Yangi laptopni Windows 10 Home operatsion tizimining xitoycha talqini bilan chiqarishgan. An’analarga amal qilmasdan, uning 720 piksellik veb-kamerasini ekranning ustiga emas, balki pastki romiga o‘rnatishgan. Darvoqe, displeyning ostidagi romi ancha enli, qolgan uch tomoni yupqa.

Redmi G yana ichkaridan yoritiluvchi klaviatura, har biri 2 vattlik ikkita stereodinamik bilan jihozlangan. Xiaomi unda ikkita ventilyatorli Hurricane Cooling 2.0 sovitish tizimini qo‘llagan.

Narxiga kelsak, protsessori va grafik kartasiga qarab Redmi G quyidagicha baholangan:

  1. Intel Core i5-10200H, Nvidia GeForce GTX 1650, 60 Gs — $720;
  2. Intel Core i5-10300H, Nvidia GeForce GTX 1650 Ti, 144 Gs — $835;
  3. Intel Core i7-10750H, Nvidia GeForce GTX1650 Ti, 144 Gs — $950.

Redmi G geymerbukining savdosi Xitoyda 17 avgustdan boshlanadi, uning boshqa mamlakatlar bozorlariga chiqishi haqida ma’lumot yo‘q.

O‘QING: Allaqachon «janozasi o‘qilgan» Windows 7 tizimini Microsoft ikkinchi marta bepul yangilayapti!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!