Xitoyning top-20 ta smartfon ishlab chiqaruvchilari

Xitoyning top-20 ta smartfon ishlab chiqaruvchilari

Beijing Sino Statistical Agency agentligi shu yilning birinchi yarmida Xitoyda sotilgan smartfonlar reytingi haqida o‘z axborotlarini e’lon qildi. Tashkilotning ma’lumot berishicha, ushbu davr mobaynida Xitoyda jami 250 mln dona qurilma sotilgan, ularning qariyb 60 millioni internet orqali xarid qilingan. Sino agentligi onlayn (ya’ni internet orqali) va oflayn (do‘konlarda) sotilgan qurilmalar bo‘yicha alohida hisobot tayyorlaydi. Keling, e’tiborimizni birinchi onlayn sotuvlarga qaratsak.

chinastat_online

Bir paytlar onlayn savdolarga jiddiy kirishgan Xiaomi haligacha ushbu yo‘nalishning yetakchisi bo‘lib qolmoqda. Xiaomi kompaniyasiga faqat Huawei ko‘rsatkichlar bilan ancha yaqin. Qolgan brendlar esa katta farq bilan ortda qolmoqda. Yuqoridagi ikkita kompaniya butun Xitoydagi onlayn sotuvlar hajmining yarmini band qilishmoqda. Ro‘yxatdagi beshlikka LeEco, Apple va Meizu ham kirgan. Lekin ularning ko‘rsatkichlari Xiaomi va Huawei ko‘rsatkichlaridan 3 baravar pastroq. So‘nggi vaqtlarda ushbu yo‘nalishda ancha ilgarilagan OPPO, Vivo, OnePlus brendlari esa ro‘yxatda 9, 11 va 14-pog‘onalarni band etishmoqda. Eslatib o‘tamiz, ro‘yxatning birinchi yigirmataligida Smartisan va Xiaolajiao (Little Pepper) kompaniyalaridan tashqari barcha brendlar jahon bozoriga yaxshi tanish. Agar Smartisan so‘nggi bir yil ichida birorta ham yangi modelni taqdim qilmagan bo‘lsa, Xiaolajiao (Little Pepper) faqat Xitoy bozori uchun arzon apparatlar ishlab chiqaradi.

chinastat_offline

Endi oflayn sotuvlar to‘g‘risida gapirsak. Xitoyda oflayn savdolarda BBK kompaniyasi yaqqol yetakchilikni qo‘ldan boy bermay kelyapti. Uning OPPO va Vivo brendlari ro‘yxatda birinchi va uchinchi o‘rinlarni band etishmoqda. Ikkinchi o‘rinda Huawei, to‘rtinchi o‘rinda esa Apple joy egallagan. Beshinchi o‘rinni esa Apple‘dan katta farq bilan ortda qolgan Janubiy Koreyaning  Samsung kompaniyasi band etgan. Xiaomi haqida gapiradigan bo‘lsak, oflayn savdoda u to‘qqizinchi o‘rinda, chunki kompaniya asosan onlayn savdoga e’tibor qaratadi. Reytingning quyi qismida ko‘pchilikka yaxshi tanish bo‘lmagan Lephone, Hisense, Koobee, Kopo va Doov kabi brendlar ham mavjud, ammo ularning aksariyat qurilmalari arzon model hisoblanib, asosiy segment xaridorlarining diqqatini jalb etmaydi. Bu turkumga CMCC (ushbu qisqartma bilan China Mobile ostidagi qurilmalar sotiladi) telefonlarini ham kiritish mumkin.

chinastat_common

Mana, endi umumiy reyting bilan tanishsak. Umumiy reytingni onlayn va oflayn savdolarda yetakchilardan bo‘lgan Huawei boshqarmoqda. Ikkinchi va to‘rtinchi o‘rinlarni, asosan, oflayn rejimda sotiladigan OPPO va Vivo band etgan. Avvalgi reytinglarda to‘rtinchi o‘rinni egallagan Apple yakuniy reytingda uchinchi o‘ringa ko‘tarilgan. Xiaomi esa beshinchi o‘rinda kelmoqda. Bunga sabab kompaniya oflayn savdoda yaxshi natija ko‘rsata olmaganidir. Oflayn savdoga urg‘u beradigan kichik kompaniyalar ham umumiy reytingdan joy olishgan (Lephone, Hisense, Koobee, Kopo).

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!