Xitoyliklarning o‘zlari eng ko‘p qaysi smartfonlarni olishyapti?

  •   DiMaX
  •  3183
  •  28.10.2020 16:07

Xitoyliklarning o‘zlari eng ko‘p qaysi smartfonlarni olishyapti?

2020 yilning 30 sentyabr holatiga ko‘ra, butun dunyoda sotilgan smartfonlarning 40 foizi Xitoydagi beshta brend hissasiga to‘g‘ri keladi. Xo‘sh, «Osmon osti saltanati» aholisining o‘zi ko‘proq qaysi kompaniyalarning telefonlarini ishlatadi?

O‘QING: Bu kompaniya eng kuchli flagmanlar reytingini ostin-ustun qilib yubordi! (AnTuTu, 2020 yil sentyabr)

CINNO Research ma’lumotiga ko‘ra, Xitoy bozorida joriy yilning uchinchi choragida smartfonlar bozori pasayib ketgan. Buni koronavirus pandemiyasining davom etayotgani hamda aholining xarid qobiliyati pasayib ketganligi bilan bog‘lashmoqda. Yakuniga yetgan kvartal mobaynida Xitoyda 80 milliontacha smrtfon sotilgan; bu esa 2019 yilning shu davriga nisbatan 19 foizga kam.

Reyting yetakchisi – Huawei kompaniyasi hamda uning Honor brendi smartfonlari sotuvi 28,8 milliontani tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davridagidan naq 29% foizga past, lekin baribir u Xitoy bozorining 36,3 foizini egallab, eng ko‘p smartfon sotgan kompaniya bo‘lib turibdi.

Huawei’ning ko‘rsatkichlari uncha yomon emasligi uni boshqa smartfonsozlar bilan solishtirganda yaqqolroq ko‘rinadi. Zero, ikkinchi o‘rindagi Vivo (va uning Iqoo brendi) o‘tgan chorakda 13,9 millionta smartfon sotib, bu bozordan deyarli ikki karra kam – 17,5 foizgina ulush olgan. Kuchli uchlikni bozordagi 16 foizlik hissasi bilan Oppo yakunlab turibdi – mazkur davrda u 12,7 millionta smartfonini sotishga muvaffaq bo‘lgan.

Xitoy bozoridagi ulushi bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinda 11,8 millionta smartfon sotgan Xiaomi kelmoqda – 14,8 foiz. Faqat beshinchi va oltinchi o‘rinlargina xorij brendlariga tegishli: bular – bozorning 10,2% qismini egallagan Apple hamda 1,2 foizlik hissa bilan Samsung kompaniyalaridir.

Yuqoridagi diagrammaga e’tibor bersangiz, bu yilning uchinchi kvartalida faqat ikkitagina smartfonsoz ko‘rsatkichlari o‘sgan. Ya’ni, Xiaomi o‘tgan yilning uchinchi choragiga nisbatan 26 foizga, Apple esa 9 foizga ko‘proq smartfon sotishga muvaffaq bo‘lgan.

O‘QING: Eng ommabop 10 smartfon (43-hafta)