Xizmat ko‘rsatish markazlarida sizni qanday qilib laqillatishadi?

Xizmat ko‘rsatish markazlarida sizni qanday qilib laqillatishadi?

Kechayu kunduz yoningizdan ajralmaydigan arzanda smartfoningiz buzilib qolganidan yomoni yo‘q. Tuzatish uchun xizmat ko‘rsatish markazlarini izlab qolasiz. Baxtga qarshi, markazlarning hammasi ham xolis xizmat ko‘rsatavermaydi. Turli nayranglar bilan xizmat narxini oshiruvchilar ko‘p. Biz quyida shunday nayranglardan bir nechtasiga to‘xtalib o‘tamiz.

Ta’mirlash narxi juda past

Qo‘ng‘iroq qilib ta’mirlash narxi bilan qiziqsangiz “Biz barchasi uchun 10 ming (yoki boshqa biror belgilangan narx) olamiz”, deb sizni qiziqtirishga urinishadi. Ta’mirlash dargohiga tashrif buyurishingiz bilan narxlar to‘satdan sakrab ketadi.

Usul oddiy: mijozni ustaxonaga chaqirib olish, chunki ularning huzurida taklif etilgan xizmatdan voz kechishingiz qiyinroq-da. Ko‘z-ko‘zga tushib turibdi, buning ustiga vaqt va mablag‘ sarflab yo‘l bosib kelgansiz.

Nima qilmoq kerak? Avvalo, bir emas, bir nechta ta’mirlash markazlariga sim qoqing va xizmat haqining o‘rtacha bahosini aniqlab oling. Ikkinchidan, firibgarlikni payqasangiz, bu dargohdan tez jo‘nab qoling.

Saytdagi xizmat narxlari hayotdagiga mos kelmaydi

Ta’mirlash xizmatlari saytlaridagi narxnomalar g‘oyat chiroyli tarzda beriladi. Bu ham aldovning bir turi bo‘lishi mumkin.

Tech-Town xizmat ko‘rsatish markazi sohibi va bosh mutaxassisi Aleksandr Levchenko fikriga quloq tuting-a:

“Sifatli xizmat ko‘rsatuvchining ishonchli alomati shuki, sayt yoki telefonda aytilgan xizmat haqi evaziga ko‘plab yordamlarni qo‘lga kiritasiz. Ya’ni, ishlashi, ehtiyot qismlari va xizmat ko‘rsatish kafolati”.

Sun’iy ravishda narx oshirilishi

Xizmat ko‘rsatish markaziga kirdingiz. Ta’mirlash narxi ko‘pi bilan 25 ming so‘m turadi. Ammo usta telefonni ochib ko‘riboq vahima ko‘taradi hamda “Ish pachava. Kamida 100 ming bo‘ladi. Bo‘lmasa telefondan ayrilib  qolasiz”, deydi.

Mijoz telefondan ajralish xavfidan cho‘chib tushadi. Pixini yorgan usta esa mijozga shok uslubini qo‘llamoqda. Ayrim soddalar ustaning yolg‘oniga uchib haqi qancha bo‘lsa to‘lashga rozi bo‘ladi.

Ha, usta buzilgan qismini sozlab beradi, ammo 25 ming emas, 100 mingga. Bu esa mijozning o‘z roziligi bilan amalga oshadi.

Nima qilish kerak? Ustadan yana qanday qismlari buzilganligi haqida tushuntirish talab qiling. Bo‘yin tovlasa yoki gapni aylantirsa, xizmatidan voz keching. Dastlabki ko‘rib chiqish bepul hisoblanadi. Avval-boshdanoq uning xizmatini rad etib hech narsa yo‘qotmaysiz.

Qo‘shimcha ta’mirlash ishlarini kelishmasdan bajarilishi

Mobil apparatni tuzatish – murakkab yumush. Mikroelektronikani tushungan bor, tushunmagan bor. Tuzatish jarayonida boshqa nuqsonlari aniqlanib qolguday bo‘lsa, yaxshi usta sizni ogohlantiradi va xizmat haqi o‘zgaradi.

Boshqa usta esa mijozga aytmasdan qo‘shimcha ishlarni bajaradi va hisob-kitob vaqtida buni esga soladi. Bu yaxshi usta emas, chunki mijoz barchasidan boxabar bo‘lmog‘i lozim. Yomoni shundaki, aynan o‘sha qismlari tuzatildimi-yo‘qmi – tekshirib ko‘ra olmaysiz.

Bu holatda nima qilish lozim? Avvaldan kelishilmagan xizmatga aslo haq to‘lamang. Istalgan huquqshunos bu vaziyatda sizning yoningizni oladi.

“Har bir xizmat ko‘rsatish markazi mijoz bilan kelishgan holda ish bajarishi kerak. Apparat ustida qanday amal bajarish, umuman olganda bajarish zarurmi-yo‘qmi – faqat buyurtmachi hal qiladi. Ustaning vazifasi variantlar taklif etish”, deydi Tech-Town xizmat ko‘rsatish markazi sohibi va bosh mutaxassisi Aleksandr Levchenko.

Kelishilgan narxning sababsiz o‘zgarishi

Allaqachon kelishilgan narxni bezbetlarcha oshiradigan ustalar ham ahyon-ahyonda uchraydi. Telefonni ta’mirlash uchun qoldirdingiz. Ikki kundan so‘ng qo‘ng‘iroq bo‘ladi: “Oka, yana faloncha qo‘shmasangiz bo‘lmaydi”. Izoh so‘rasangiz talmovsiraydi va turli puch bahonalar qiladi. O‘ylab o‘tirmasdan bu dargohdan telefoningizni tezroq olib ketishingiz eng yaxshi yechim bo‘ladi.

Kafolat majburiyatidan bo‘yin tovlash

Ta’mirlash markazi mijozga kafolatli xizmatning shartlari va qoidalarini aniq-ravshan tushuntirishi lozim. Ya’ni sanalgan qoidalarga rioya qilingandagina telefonning tegishli qismi xizmatiga ma’lum muddat kafolat beriladi. Ammo ba’zi ustalar bu shartni bajarmaydi.

“Xizmat ko‘rsatish markazi kafolat bergan apparatni takror ta’mirlashdan manfaatdor emas. Agar majburiyatini haqqoniy bajarsa, bu uning yaxshi xizmatidan nishonadir”, deydi Aleksandr Levchenko.

Darvoqe, ekranini almashtiriboq smartfonga bir umrlik kafolat ololmaysiz. Usta o‘zi qo‘ygan ehtiyot qismgagina kafolat beradi.

Nima qilish kerak? Telefoning tegishli qismi kafolatini o‘tamay ishdan chiqsa, xizmat ko‘rsatish markazi boshqaruvchisiga yoki katta ustaga murojaat qilish lozim. Markaz bilan yozma shartnomalaringizni saqlab qo‘ying, bordiyu murojaat natija bermasa, sud sizga yordam beradi.

To‘rga tushib qolmaslik uchun nima qilmoq kerak?

Yuqorida sanab o‘tgilan noxush holatlar sizni cho‘chitmasin. Xizmat ko‘rsatish markazlaridan xavotirlanish kerak emas, firibgarlar har joyda uchraydi. Yangi smartfon xarid qilgandan ko‘ra tuzattirgan arzonga tushishi aniq.

Tavsiyalarimiz so‘ngida aldoqchilarning qarmog‘iga ilinmasligingiz uchun Tech-Town xizmat ko‘rsatish markazi sohibi va bosh mutaxassisi Aleksandr Levchenkoning besh maslahatini keltiramiz.

  1. Telefonni sozlashga topshirishdan oldin barcha funksiyalarini tekshiring va qabul qilib olgan shaxs bilan birgalikda bir qog‘ozga yozib qo‘ying. Ehtimoliy kelishmovchiliklarda bu sizga ham, xizmat ko‘rsatish markaziga ham asqotadi.
  2. Ta’mirlashga berishdan olin telefoning barcha detallarini aniqlab oling.
  3. Bir qancha markazlarga qo‘ng‘iroq qilib telefoningizni sozlash haqini taxminan aniqlab olishdan tortinmang.
  4. Agar ta’mirlashning barcha bosqichlarida narx o‘zgartirilmasa, tayyor bo‘ladigan kuni ortga surilmasa, shuningdek, usta ishning borishi haqida xabardor qilib tursa bu yaxshi markazga uchraganingizdan dalolatdir.
  5. Telefonni xizmat ko‘rsatish markazidan qaytarib olayotganda ham tekshirib olishingiz maqsadga muvofiqdir. Bu faqat siz uchun emas, markazning o‘zi uchun ham kerak. Siz hammasi soz ekanligiga amin bo‘lasiz, usta esa bundan beri javobgarlik sizning zimmangizga o‘tganligini qayd qilib qo‘yadi.

Shu bilan birga xizmat ko‘rsatish markazlari sizning vaqtingiz va mablag‘ingizni tejashini yodda tuting. “Ish juda oson, asbob-uskuna bo‘lsa o‘zim ham eplayman”, qabilida yondashish kerak emas. Ba’zida ta’mirlash bahosi juda baland tuyuladi, ammo bunga ehtiyot qismlarning qimmatligi, uning narxi esa xorijiy valyuta kursiga bog‘liqligi sabab bo‘lishi mumkin.

Aloqador maqola

Telefon suvga tushib ketsa nima qilish lozim?

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!